Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi chaqiriq Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida ishtirok etmoqda.

Mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan saylovlar mahalliy kengashlar faoliyatida ham yangi davrni boshlab berayotgani ta’kidlandi.

Yangi saylangan mahalliy kengashlar tarkibi va maqomiga ko‘ra oldingi holatdan mutlaqo farq qiladi. Ularning tarkibi qariyb 60 foizga yangilanib, 3 mingdan ortiq yurtdoshlarimiz ilk bor deputat bo‘lgani ham shundan dalolat beradi.

Ayniqsa, kengashlarda ayol deputatlar ulushi 32 foizga yetgani, 30 yoshgacha bo‘lgan deputatlar soni 3,5 karra oshgani Senat faoliyatini endilikda yangicha yondashuv va qarashlar asosida tashkil etishda muhim rol o‘ynaydi.

Turli mintaqalardagi qonli to‘qnashuvlar, ekologik va texnogen fojialar, iqlim o‘zgarishlari, iqtisodiy inqirozlar, terrorizm va ekstremizm tahdidlari, qochoqlar muammolari tobora kuchayib bormoqda.

Mana shunday tahlikali vaziyatda faqat kuchli iroda, birlik va hamjihatlik, qattiq mehnat bilangina yurtimizda tinchlik va taraqqiyotni ta’minlashga erisha olishimiz ta’kidlandi.

Mahalliy kengashlarga saylangan deputatlar ana shu o‘tkir haqiqatni, o‘z zimmalaridagi ulkan mas’uliyatni chuqur anglab ish olib borishiga ishonch bildirildi.

O‘zA