Mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini, yuridik shaxslarning qonuniy manfaatlarini samarali himoyalashga, buning bozor munosabatlari tizimiga aynan mos mexanizmlarini yaratishga yo‘naltirilgan sud-huquq islohotlari izchil amalga oshirilmoqda.

Mazkur islohotlarning mahsuli, shuningdek, fuqarolik jamiyatining muhim elementi hisoblangan hakamlik sudlarining qaror topganligi diqqatga sazovordir.

Mamlakatimizda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, hakamlik sudining mohiyati hamda afzalliklari xususida O‘zbekiston Hakamlik sudlari assotsiatsiyasi raisi, oliy darajali haqiqiy hakamlik sudyasi Hamza MAHMUDOV O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi.

– Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada kuchaytirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli kafolatlash, qonun ustuvorligi hamda ijtimoiy adolatni ta’minlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Ushbu islohotlarning muhim yo‘nalishi bo‘lgan sud-huquq tizimini liberallashtirishning hozirgi bosqichida hakamlik sudlari nizolarni muqobil hal qilishning fuqarolar va tadbirkorlar ishonchiga sazovor bo‘ladigan instituti sifatida qaror topdi va samarali faoliyat yuritmoqda.

Demokratik fuqarolik jamiyati shakllana borgani sayin ko‘plab ijtimoiy munosabatlarning ishtirokchisi bo‘lgan fuqarolarning muammolarini hal qilish vazifasini yangi-yangi ijtimoiy institutlar o‘z zimmasiga olishi mumkin va lozim. Bu nizolarni muqobil hal etish shakllari vujudga kelish jarayonini anglatadi. Ular vositasida nizolar ancha tez yechim topadi, ularning taraflari davlat byurokratiyasidan xoli tarzda fuqaroviy shakl va usullar yordamida, kam harajat evaziga o‘z huquqlari tiklanishi imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bunday afzalliklar tadbirkorlik sub’ektlari uchun, ayniqsa, kichik tadbirkorlik sub’ektlari uchun nihoyatda muhimdir.

Hakamlik sudlari faoliyati va nizolarni hal etishning muqobil usullari nafaqat fuqarolar va yuridik shaxslar, balki davlat uchun ham ahamiyatlidir. Hakamlik sudlarining roli davlat sudlariga qarama-qarshi emas, balki nizolarni hal qilishning o‘zgacha, yangi usulini taklif qilishdir. Binobarin hakamlik sudlarini tashkil etishdan maqsad qandaydir yangi huquqiy tizimni shakllantirish, deb o‘ylash to‘g‘ri emas.

Prezidentimizning 2020 yil 17 iyundagi “Nizolarni muqobil hal etishning mehanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori nizolarni sudgacha ko‘rib chiqishning yagona tizimini yaratish, mediatsiya, hakamlik sudlari hamda xalqaro arbitrajlarning rolini tubdan oshirish, ularning fuqarolar hamda tadbirkorlarning ishonchiga sazovor bo‘ladigan institutlarga aylanishida muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Bu yangi institut bo‘lib, agar davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy harakatlari natijasida fuqarolar, yuridik shaxslarning huquq va erkinliklari buzilsa, fuqarolar va yuridik shaxslar Apellyatsiya kengashlariga murojaat qilishlari mumkin bo‘lmoqda.

Hakamlik sudi – fuqarolik huquqiy munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolarni, shu jumladan, tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida vujudga keluvchi iqtisodiy nizolarni hal etuvchi nodavlat organ. Hakamlik sudi nizolarni O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va qonunosti hujjatlari asosida hal qiladi. Hakamlik sudi nizolarni hal qilishning eng samarali usullaridan biridir. Hozirgi vaqtda uning qonuniy asosi yaratilgan.

Mamlakatimizda “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirgan sanadan e’tiboran davlat (iqtisodiy, fuqarolik) sudi bilan bir qatorda hakamlik sudlarining faoliyati yo‘lga qo‘yilib, sud-huquqiy islohotlarining yangi muhim bosqichi boshlandi.

Qonunning barcha qoidalari hakamlik sudlov yurisdiksiyasi tabiatini ifodalaydi. Albatta, qonun va nizolarni ixtiyoriy tarzda davlat sudini rad etib, o‘zining mulkiy nizosini hal etish uchun tegishli hakamlik sudiga murojaat etgan va qatnashchilar o‘zlarining xohishi miqyosida tanlagan hakamlik sudi haqiqatda ham odil sudlovni amalga oshirishi tabiiy. Hakamlik kelishuvi tomonlari uchun hakamlik sudida ishni ko‘rish tanlovi ularning o‘z mulkiy manfaatlarini davlat sudi orqali himoya etishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqidan voz kechishini anglatmaydi.

Qonunda belgilangan ta’riflarning tarkibi, mazmuni va ular qanchalik muvaffaqiyatliligi borasida har qancha munozara qilish mumkin va buning asosida u yoki bu shaklda muayyan mulkka egalik qilish bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarning xususiy-huquqiy va ommaviy-huquqiy elementlarini chegaralash yoki birlashtirishi mumkin.

Ammo har qanday holatda, shundan kelib chiqish joizki, hakamlik sudlari qarorlari faqatgina tegishli nizo ishtirokchilari uchun majburiydir va faqatgina ularning o‘zaro huquq va majburiyatlariga daxldor bo‘lib, uchinchi shaxslarga nisbatan, ayniqsa, davlat organlariga nisbatan hech qanday majburiy yuridik oqibatlarni keltirib chiqarmaydi.

Nizolarni hal qilishning hakamlik sudlov shakli, avvalo, undan foydalanish imkoniyati mavjudligi va demokratikligi, ishni ko‘rib chiqish muddatini qisqartirish imkoniyati hamda boshqa bir qancha holatlar tadbirkorlik sub’ektlari uchun jozibadordir.

Hakamlik sudi adolatni izlash va murakkab vaziyatdan chiqishning shakllaridan biri. Bu insonlar o‘rtasidagi nizolarni hal qilishning madaniy va ma’rifiy shakli bo‘lib, u butun kishilik tarixi davomida davlat sud organlari bilan bir qatorda turli kelishmovchilik va mojarolarga yechim topishning huquqiy vositasi deb tan olingan.

“Hakamlik sudi” degan tushuncha umuman hakamlik (arbitraj) sudi, xalqaro va xorijiy arbitraj degan ma’nolarini qamrab oladi. Bir mamlakat hududida tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi nizolarni ko‘rib chiquvchi hakamlik (arbitraj) sudini nizolarni xorijiy unsur ishtirokidagi nizolarni hal etuvchi hakamlik (arbitraj) sudi sifatida faoliyat ko‘rsatuvchi xalqaro tijorat arbitrajidan farqlash lozim.

Hakamlik sudlari bu davlat sudlari tizimidagi sud strukturasi emas, balki unga parallel va ishtirokchilar ixtiyoriy bitimi va xususiy-huquqiy munosabatlarga asoslangan nodavlat notijorat tashkilotdir. Hakamlik sudlari yuridik shaxs emas. Hakamlik sudining noyobligi va o‘ziga xosligi shundaki, uning qarorlari davlat kuchi va obro‘si tomonidan hakamlik sudiga sudlov rasmiy hokimiyat vakolatlarini beruvchi davlat sudlari tomonidan ijro varaqalarini berish orqali ta’minlanadi. Mustaqil hakamlik sudlarining davlat tizimidagi sudlardan farqi sifatida, birinchi navbatda, hakamlik sudida nizoni ko‘rib chiqish ishtirokchilarining protsessual va moddiy huquq normalarini tanlashdagi erkinligini ta’kidlash lozim.

Hakamlik sudlari sudning mustaqilligini, halolligini, betarafligini va yuqori professional malakasini ta’minlaydi. Faqat yuristlar emas, balki xo‘jalik sohasidagi turli tarmoqlarning yuqori malakali mutaxassislari ham hakamlik sudyalari bo‘lishlari mumkin. Ular tayinlanmaydi, balki ularni taraflar o‘z xohishlariga ko‘ra saylaydilar.

Hakamlik sudi ishni ko‘rib chiqishning tezligini va xolisligini ta’minlab, ayni paytda tijorat sirlari qat’iy sir saqlanishini kafolatlaydi. Hakamlik sudlari to‘g‘risidagi deyarli barcha qonunchilik hujjatlarida taraflar o‘z xohishlari bilan sudlov (arbitraj) joyi to‘g‘risida kelishib olishi mumkinligi nazarda tutilgan. Bu taraflar uchun doimiy ishlaydigan hakamlik sudining ko‘chma sessiyasi o‘tkazilishi mumkinligini bildiradi.

Sudlov bu turining tejamliligi va davlat poshlinasi to‘lash zaruratining yo‘qligi (yoki minimalligi), shuningdek, hakamlik sudi qarorini ijro etishning ixtiyoriylik tamoyili, qarorga amal qilinmagan taqdirda qarorni davlatning majburlash tizimi orqali ijro ettirish kafolati uning muhim shartlaridir. Shuningdek, hakamlik sudida ish ko‘rishning ruhiy jihatdan sokinligining, ya’ni sudda ishning erkin vaziyatda ko‘rilishini, byurokratik talab hamda to‘siqlarning yo‘qligi, har bir ishning alohida yondashuv bilan ko‘rilishi, hamkorlik va hamjihatlik muhiti ta’minlanishining ahamiyatini ta’kidlash lozim.

Hakamlik sudining mohiyati yana shundaki, bunda taraflar ularning ishini ko‘radigan sudyani o‘zlari erkin tanlash huquqiga ega ekanligidir. Hakamlik sudining davlat sudlaridan farqi shundaki, ish bir oy muddatda ko‘rib chiqiladi. Mijoz tomonidan to‘lanadigan hakamlik yig‘imi, odatda, davlat sudlariga to‘lanadigan bojning yarmiga teng miqdorda belgilanadi.

Hakamlik sudiga shartnoma nizolarini hal qilish uchun ikki tomon kelishgan holda keladi. Ular shu ishni hakamlik sudi ko‘rib chiqishi uchun hakamlik bitimini tuzadilar. Agar bu bitimga ikki tomondan bittasi imzo chekmasa, hakamlik sudi bu ishni ko‘rmaydi. Taraflar orasida hakamlik bitimi tuzilgachgina sudya ishni boshlaydi. Agar mijoz ishni sud binosida emas, u taklif qilgan joyda ko‘rilishini istasa, sud buni inobatga oladi. Biroq ikkinchi tomon bunga rozi bo‘lmasa, sud buni rad etadi va ishni sud binosida ko‘rib chiqadi. Hal qiluv qarori ham tomonlar istagidan kelib chiqadigan mazmunda bo‘ladi.

Mazkur sudda ishni ko‘rishda ishtirokchilarning huquq va burchlarining ham farqi bor. Hakamlik sudlari davlat sudlari tizimiga kirmagani bois, uning ishtirokchilariga yolg‘on ko‘rsatma bergani, ekspertning ochiqdan-ochiq yolg‘on xulosa bergani, noto‘g‘ri tarjima yoki guvohning ko‘rsatma berishdan bosh tortgani uchun javobgarlik qo‘llashi mumkin emas. Demak, ishonchlilik nuqtai nazaridan hakamlik sudida ekspert xulosasi va guvohning ko‘rsatmasi taraflarning izoh berishlari kabi bir xil dalil kuchiga egadir.

Bundan tashqari, hakamlik sudi hokimiyat vakolatlari bo‘lmagan organ sifatida guvohni ko‘rsatma berish uchun sudga kelishga majbur qilishga haqli emas. Albatta, hakamlik sudida ishni ko‘rish jarayoni doirasida taraflarning dalillarni to‘plash imkoniyati davlat sudlovi jarayonidagidan kamroqdir. Biroq shu bilan bir vaqtda, ishni hakamlik sudida ko‘rish doirasida taraflarda da’vo talablarini o‘zgartirishga, unga aniqlik kiritishga, masalan, da’vo predmetini va asosini bir vaqtning o‘zida o‘zgartirishga imkoniyat ko‘proq.

O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, hakamlik sudlari o‘z faoliyatini qonuniylik, mustaqillik, hakamlik muhokamasi ma’lumotlarining oshkor qilinmasligi (konfidensiallik), hakamlik sudyalarining xolisligi, dispozitivlik, hakamlik muhokamasi taraflarining tortushuvi va teng huquqliligi asosida amalga oshiradilar.

Hakamlik sudlari faoliyatining asosiy prinsiplari “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasida berilgan. Biroq biz fuqarolik (iqtisodiy) sud ishining boshqa umumiy prinsiplari ham hakamlik muhokamasiga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi haqida gapirishimiz mumkin.

Hakamlik muhokamasi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi muhim amaliy usullaridan biridir. Zero, uning prinsiplari tadbirkorlik ehtiyojlari uchun to‘la javob beradi. Hakamlik sudlari faoliyati asosiga taraflarning nizoni asliga ko‘ra o‘zlari tanlagan organga murojaat etishda ixtiyoriylik va ishonchlilik prinsiplari qo‘yilgan.

Hakamlik sudlovi muhokamalarining prinsiplari hakamlik sudlari to‘g‘risidagi milliy qonunchilikning asosiy, boshlang‘ich, rahbariy g‘oyalarini, fundamental talablarini tashkil etadi. Ayni vaqtda mazkur prinsiplar ushbu noyob institutning mantiqiy izchil tizim sifatida faoliyat yuritishini ta’minlaydi. Hakamlik sudlari faoliyatining asosiy prinsiplari hakamlik tizimining, hakamlik muhokamalarining barqarorligini, ichki jarayonlarining izchil ketma-ketlikda ravon, o‘zaro mutanosib hamda yaxlit jarayon tarzida kechishini kafolatlaydi.

Hakamlik sudlovining prinsiplari fuqarolarning xususiy huquq va erkinliklarini muhofazalash manfaatlari, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati tabiati uchun maksimal darajada mos keladi. Zotan, hakamlik sudlari faoliyatiga taraflarning nizoni asl mazmuniga ko‘ra, o‘zlari tanlagan sudlov tarkibiga erkin hamda ishonch asosida taqdim etishi tamoyili qo‘yilgan.

Qonuniylik prinsipi amaldagi qonunchilik hujjatlari va umumiy qabul qilingan amal qilish asoslaridan kelib chiqqan holda hakamlik sudlarini sud ishining umumiy prinsiplariga rioya qilishga majbur etadi. Shu tariqa, hakamlik muhokamasida sudyalar mustaqilligi prinsipi umumiy yurisdiksiya sudlaridagiga qaraganda muhimroqdir, chunki taraflar o‘zlari sudyalarni mustaqil tanlaydilar va, aniqki, ular tanlagan sudya kamida uning nizodagi o‘rnini tushunishi va qo‘llab-quvvatlashidan manfaatdor.

Ba’zi prinsiplar maxsus me’yoriy hujjatlarda qayd etilmagan bo‘lsa-da, shunga qaramasdan hakamlik sudyalari tomonidan qo‘llanilishi shart, chunki ular umummajburiy huquq normalaridan kelib chiqadi. Masalan, taraflarning qonun va sud oldida tenglik prinsipi umumiy konstitutsiyaviy asoslardan kelib chiqadi.

Ma’lumotlar oshkor qilinmasligi hakamlik muhokamasining prinsipi deb tan olinishi taraflarga ularning nizolari ko‘rilishi ochiq yoki yopiq tarzda bo‘lishini mustaqil aniqlash huquqini qayd etadi.

Taraflar hakamlik bitimiga ko‘ra, nizoni ochiq muhokama etishi ko‘zda tutilgan hollardan mustasno holatlarda nizolarni muhokama etish yopiq majlislarda amalga oshirilishi haqidagi shartni hakamlik sudi reglamentiga kiritish mumkin. Bu qoidaning amalga kiritilishi sud muhokamasining oshkoraligi umumfuqaroviy prinsipiga mos bo‘lmasligiga qaramasdan, hakamlik sudlovi ishlari uchun alohida prinsiplar va qoidalarni kiritishlari mumkin.

Hakamlik muhokamasi ma’lumotlarini oshkor qilmaslik prinsipi shaxs va unga tegishli ma’lumotlarni, tadbirkorlar uchun esa tijorat sirlarini oshkor etmaslik nuqtai nazaridan ham muhimdir. Bunga ko‘ra, uchinchi shaxslar, shuningdek, jurnalistlar, jamoatchilik vakillari sud majlisida ishtirok etishi mumkin emas. Ushbu prinsipning tadbirkorlik sub’ektlari uchun ahamiyati shundaki, ular o‘z muammolari, nizolari jamoatchilik nigohiga tushishini istamaydilar. Bu hol hamkorlar o‘rtasida ularning obro‘siga putur yetkazishi mumkinligini ham nazardan qochirmaslik lozim.

Hakamlik sudlari to‘g‘risidagi qonunning 28-moddasiga binoan, hakamlik sudyasi hakamlik muhokamasi davomida o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan ma’lumotlarni hakamlik muhokamasi taraflari yoki ularning huquqiy vorislari roziligisiz oshkor qilishga haqli emas. Bundan tashqari, yuqoridagi normaga ko‘ra, hakamlik sudyasi hakamlik muhokamasi davomida o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan ma’lumotlar haqida guvoh sifatida so‘roq qilinishi mumkin emas. Bundan shu ma’no kelib chiqadiki, qonun konfidensial axborot xususida “guvohlik immuniteti” (daxlsizligi) institutini mustahkamlaydi.

Mazkur prinsipni qo‘llash borasida har bir vaziyatda nizoning taraflari o‘zaro kelishib oladilar. Hakamlik muhokamasi yopiq yoki ochiq bo‘lishi masalasida ham taraflar mustaqil qaror qabul qiladilar. Ma’lumotlarni oshkor qilmaslik prinsipini buzganlik uchun qonun javobgarlik masalasini nazarda tutmagan. Ammo bu masalada hakamlik sudyasi, muhokamaga daxldor boshqa shaxslar pozitiv (ijobiy) javobgarlik, ya’ni mas’uliyat hissiga ega bo‘lishlariga umid qilinadi.

Hakamlik muhokamasi haqidagi ma’lumotlarning oshkor etilishi faqatgina taraflar roziligi bilan ro‘y berishi mumkin. Hakamlik sudi hech bir tarafdan isbot izlash yoki talab qilishga aralashmaydi, chunki bu umumiy qabul qilingan taraflar tortishuvi prinsipini buzishni anglatadi.

Hakamlik  sudlari o‘z faoliyatida dispozitivlik prinsipiga tayanadi. Bu prinsip sub’ektlarning huquqiy munosabatlar tarkibi, ularning sudlov himoyasi usuli va vositalari o‘zlari tomonidan aniqlash erkida namoyon bo‘ladi.

Biroq mazkur prinsip xususiy-huquqiy avtonomiya chegaralaridan tashqariga chiqmaydi, shuning uchun taraflarning sud ishida o‘zlarini erkin tutish huquqi qat’iy aniqlangan chegaralar bilan belgilangan. Har bir taraf sud ishida faqatgina bu orqali boshqa shaxslar huquqi buzilmagan holdagina o‘z huquqini amalga oshirishi mumkin.

Hakamlik sudi ishida dispozitivlik prinsipining o‘ziga xosligi taraflarga o‘zlariga huquq va majburiyatlar berishi va ularga o‘z ixtiyoriga ko‘ra rioya etish, himoya usulini belgilash, huquqiy munosabatlar kelib chiqishi vaqti, ularning o‘zgarishi hamda tugatilishini belgilash va boshqalar bo‘yicha tegishli imkoniyatlarni berishdir.

Hakamlik sud ishida dispozitivlik prinsipi huquq borasida nizo kelib chiqqunicha namoyon bo‘ladi. Fuqarolik-huquqiy munosabatlari taraflari shartnoma tuzishda uning matniga hakamlik shartini kiritganlarida, shu paytda dispozitivlik prinsipiga asosan ular o‘zlari oralarida kelib chiquvchi nizolarni ko‘rib chiqish uchun muayyan hakamlik sudini tanlaydilar.

Sud ishining yana bir muhim prinsipi – tortishuvlik prinsipi aynan hakamlik sud ishida yorqin namoyon bo‘ladi. Davlat sudidan farqli ravishda, hakamlik sudi isbot to‘plashda ishtirok etish yoki davlat manfaatlarini himoya etish huquqiga ega emas va ishtirok etishga ham majbur emas. Tortishuvlik tamoyili taraflar har biri o‘z isbotlarini nizodagi o‘z o‘rnini asoslash uchun taqdim etishida ko‘rinadi. O‘z foydasiga ko‘proq va yaxshiroq asoslangan dalillarni taqdim etgan taraf ishni o‘z foydasiga hal qilishga erishadi. Ya’ni, dalillash vazifasi taraflarga tegishli, sud esa betaraf va ob’ektiv maqomda turadi.

Hakamlik sudlari ma’muriy, oila va mehnat huquqiy munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolarni, shuningdek, qonunda nazarda tutilgan boshqa nizolarni hal etishlari mumkin emas.

Hakamlik sudi vakolati haqidagi masala eng munozarali, dolzarb masala, desa bo‘ladi. “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasi birinchi qismi hakamlik sudiga fuqarolik huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi nizolarni hal etish huquqini beradi. Bu umumiy va mavhum belgilashdir, chunki  bunday nizolar doirasi juda keng va, albatta, fuqarolik munosabatlaridan barcha nizolar hamhakamlik sudi vakolatiga kiravermaydi.

Shu tariqa xususiy mulk huquqini tan olish, servitut huquqini o‘rnatish, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq kelishuvlar bo‘yicha nizolashish va ularni ro‘yxatga olish organida ro‘yxatdan o‘tkazish, davlat mulkini xususiylashtirish haqidagi nizolar, nizolashuv mulkda davlat ulushi mavjudligi hususidagi nizolar muammoviy bo‘lib qolaveradi. Bu yerda olimlar va mutaxassislar fikrlari farqlanadi va bu muammolarni faqatgina boshqa mamlakatlar tajribasi va qonunchilik hujjatlarining u yoki bu holatlarini rasmiy izohlashga asoslangan milliy sudlar tajribasi hal etishi mumkin.

Bola asrab olish, yuridik faktni belgilash, alimentlarni undirish, fuqaroni majburiy tarzda psixiatrik kasalxonaga yoki statsionarga yotqazish, mehnat sohasidagi nizolar, qarz to‘lashga qurbi yetmaslik to‘g‘risidagi ishlar (bankrotlik), ma’muriy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar, soliq munosabatlari va davlat organlarining ma’muriy faoliyati bilan bog‘liq nizolari hakamlik sudlari yurisdiksiyasiga kirmaydi.

Moddaning ikkinchi qismida qonun chiqaruvchi organ hakamlik sudlariga “…qonunda nazarda tutilgan boshqa nizolar…”ni ko‘rib, hal etishni man etadi. Qonunda boshqa sudlar vakolatiga berilgan nizolar ham nazarda tutilgan, masalan, davlat hokimiyat organi tomonidan yetkazilgan zarar haqidagi da’volar.

Ta’kidlash kerakki, qonunda hakamlik sudlari vakolatining cheklanishining barcha holatlari ko‘zda tutilmagan, bu esa hakamlik sudi hal qiluv qarorining bekor qilinishiga olib kelishi ham mumkin. Aytib o‘tilganidek, mulkda davlat ulushi mavjudligi haqidagi nizolar bo‘yicha ishlarning hakamlik sudiga sudlovligi to‘g‘risidagi masala bahsli. Bu ulush 5, 20, 50 yoki 95 foiz bo‘lishi mumkin.

Bunday nizolarni hakamlik sudi tomonidan muhokama etilishining qat’iy man etilishi mavjud emas. Lekin ayonki, davlat mulki, hokimiyat organlari va boshqa organlar vakolatidagi masala, bu esa bunday nizolarni hakamlik sudlarida ko‘rib hal etilishini qiyinlashtiradi.

Qonun hakamlik sudlarining doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi va muvaqqat turlarini nazarda tutadi.

Doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudi yuridik shaxs tomonidan tashkil etilishi mumkin va uning huzurida faoliyat ko‘rsatadi. Yuridik shaxs doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudini tashkil etish haqida qaror qabul qilganida, doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudining qoidalarini va hakamlik sudyalari ro‘yxatini tasdiqlaganida tashkil etilgan deb hisoblanadi.

Doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudini tashkil etgan yuridik shaxs uning tashkil etilganligi to‘g‘risidagi hujjatlar nusxalarini hakamlik sudi joylashgan yerdagi adliya organiga yuboradi. Mazkur turdagi hakamlik sudi o‘z nomi yozilgan blanka va yumaloq muhrga, O‘zbekiston Respublikasi hududida hisob-kitob varaqlari, valyuta hisobvaraqlariga hamda boshqa bank hisobvaraqlariga ega bo‘lishi mumkin. Ushbu hakamlik sudi o‘z faoliyatini tugatishi tartibi doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudining qoidalari bilan belgilanadi.

Muvaqqat hakamlik sudi hakamlik bitimi taraflari o‘rtasida kelib chiqqan muayyan nizoni hal etish uchun ular tomonidan tashkil etilib, nizo ko‘rib chiqilganidan keyin o‘z faoliyatini tugatadi. Hakamlik sudida raislik qiluvchi yoxud hakamlik sudyasi hakamlik bitimi nusxasini va muvaqqat hakamlik sudi tashkil etilganligi to‘g‘risidagi xabarnomani mazkur sud joylashgan yerdagi adliya organiga hakamlik muhokamasi boshlanguniga qadar yuboradi. Muvaqqat hakamlik sudini tashkil etish tartibi hakamlik bitimi taraflari tomonidan qonunga muvofiq belgilanadi.

Doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudining nizomi – hakamlik sudini tashkil etgan yuridik shaxs tomonidan tasdiqlanadigan lokal hujjat bo‘lib, u doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudining huquqiy maqomini, tashkil etilishini, faoliyatini tartibga soladi.

Shuningdek, uning mazkur hakamlik sudini tashkil etgan yuridik shaxs hamda boshqa yuridik shaxslar bilan o‘zaro munosabatlarini belgilaydi.

“Hakamlik sudi to‘g‘risida”gi qonunning 24-moddasi “hakamlik sudining vakolati” deb nomlanib, unga ko‘ra, hakamlik sudi o‘z hal qiluviga topshirilgan nizoni, shu jumladan, hakamlik bitimi yo‘qligi yoki haqiqiy emasligi sababli hakamlik muhokamasi taraflaridan biri hakamlik muhokamasiga qarshi e’tiroz bildirgan hollarda nizoni ko‘rib chiqishga vakolati borligi yoxud yo‘qligi haqidagi masalani mustaqil ravishda hal etadi.

Nizo hakamlik sudi tomonidan mazmunan ko‘rib chiqilguniga qadar hakamlik muhokamasi tarafi hakamlik sudida o‘z hal qiluviga topshirilgan nizoni ko‘rib chiqishga vakolat yo‘qligi haqida arz qilishga haqli.

Hakamlik sudlari nizolarni hal qilishda muqobil imkoniyatlarga ega ekanligi namoyon bo‘lmoqda. Ularda nizolarni ko‘rib chiqishdagi tezkorlik hamda kamxarjlik fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarini tanlov asosida, ixtiyoriylik tarzida hakamlik sudlariga murojaat etishini kengaytirmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, nizolashayotgan taraflar davlat sudlaridan ko‘ra, hakamlik sudlarida o‘z muammolarini hal etishni afzal ko‘rmoqdalar.

Xorijiy amaliyotdan kelib chiqib oladigan bo‘lsak, Singapur davlatida 2019 yilda hakamlik sudlarida jami nizolarning 95 foizi ko‘rilgan. Davlat sudlarida esa nizolarning faqatgina 5 foizi ko‘rilgan.

Mamlakatimizda ham hakamlik sudlari faoliyatini tartibga solishning huquqiy asoslari vujudga keltirilib, izchil takomillashtirib borilayotganligi fuqarolar va yuridik shaxslarning sudlarga erkin murojaat etish huquqini kafolatlashda muhim o‘rin tutayotganligi jiddiy e’tiborga molikdir. Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2020 yilda hakamlik sudida jami 1 ming 454 ta ish ko‘rildi. Bu kam deyishimiz mumkin. Chunki pandemiya ko‘p sohalar qatori hakamlik sudi faoliyatiga ham ta’sir etmay qolmadi.

O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati rivojlanib borgani sayin nodavlat tuzilmalar ko‘lami ortib borishi tabiiy. Bu tendensiya hakamlik sudlari tizimi kengayib hamda yanada takomillashib borishiga ham taalluqlidir. Aholining, shu jumladan, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqiy ongi, madaniyati, bilim va saviyasi yuksalib borishi tufayli ular o‘z tanlovlarini nizolarni muqobil hal etish institutlari, shuningdek, hakamlik sudlari foydasiga qaratishi ko‘p karra ortadi.

Demak, istiqbolda hakamlik sudlari fuqarolar va yuridik shaxslar o‘rtasidagi mojaro va nizolarni zamonaviy usullar bilan hal etishda asosiy o‘rin egallaydi. Shu bois, bugungi kundagi eng dolzarb vazifa – hakamlik sudlarida nizolarni ko‘rish tartibining, muhokama jarayonlari va qaror qabul qilishning huquqiy mexanizmlarini izchil takomillashtirib borishdan iborat.

O‘zA muxbiri     

Nurillo NASRIEV

yozib oldi.