Mamlakatimizda tibbiyot sohasi uchun 9 ta oliy ta’lim muassasasi va ularning 2 ta filialida malakali kadrlar tayyorlanmoqda.

Hozirda yurtimiz tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida 16 ta mamlakatdan 1500 nafarga yaqin xorijlik talaba tahsil olmoqda.

Yurtimizda qisqa vaqt ichida bakalavriat va magistratura bosqichlari qabul kvotalari 25 foizga, klinik ordinatura kvotalari esa 30 foizga oshirildi. 6 ta yangi ta’lim yo‘nalishi, 17 ta yangi mutaxassislik tashkil etildi.

Har yili 500 nafarga yaqin xorijiy mutaxassislarning O‘zbekistonga tashrifi va qariyb 600 nafar mahalliy mutaxassislarning xorijda uzoq muddatli malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yilganligi quvonchli voqea bo‘ldi.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasiga kadrlar tayyorlash borasida xorijiy tibbiyot ta’lim muassasalari bilan keng hamkorlik, ularning fakultetlari va filiallarining ochilishi, ikki tomonlama diplom berish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Rossiyaning 17 ta, Italiyaning 2 ta, Koreya Respublikasining 2 ta oliy ta’lim muassasasi, shuningdek, Germaniya, Ispaniya, Turkiya, Xitoy va Hindiston oliy ta’lim muassasalari bilan shartnoma va kelishuvlar imzolandi.

2021-2022 o‘quv yilida O‘zbekistonda 50 dan ortiq davlatdan 10 ming nafardan ziyod xorijlik talabalar tahsil olishi kutilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi