Toshkent shahridagi Prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi Firdavs Abduqayumovga O‘zbekicton Respublikasi Prezidenti sovg‘asi topshirildi.

O‘zbekiston Prezidentining fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha  maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov Toshkent shahridagi Prezident maktabiga tashrif buyurib, ta’lim muassasasining bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan uchrashdi.

11-sinf o‘quvchisi Firdavs Abduqayumov AQSHning ikkita nufuzli oliy ta’lim muassasasiga – Ksave  va Jon Keroll universitetlariga grant asosida o‘qishga qabul qilindi.

A.Abduvohidov yutuqlari e’tirof etilgan Firdavsni yana bir bor tabriklab, unga Prezident sovg‘asi – zamonaviy kompyuterni topshirdi.

– Prezidentimiz bir necha bor mamlakatimizda Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilayotgani haqida aytdilar. Sizlar mazkur Uchinchi Renessans davrining vakillarisiz, – deb ta’kidladi Abdujabbor Abduvohidov.

Firdavs Abduqayumov yaratilgan sharoitlar hamda sovg‘a uchun Yurtboshimizga minnatdorchilik izhor etib,  universitetda tahsil olganidan so‘ng mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishini bildirdi.

Shuni ta’kidlash lozimki, Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shaharlaridagi Prezident maktablarining 11-sinf o‘quvchilari hozirdan xorijning nufuzli universitetlariga o‘z hujjatlarini jo‘natganlar. Firdavs Abduqayumovdan tashqari, Toshkent shahridagi Prezident maktabining o‘quvchisi Temur Sulaymonov  Bruklin Long-Ayland universitetiga grant asosida o‘qishga kirgan.

Namangan shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Mironshoh Inomjonov Buyuk Britaniyaning Vestminster va Grinvich universitetlariga, uning sinfdoshlari Jahongir Amirhamzayev Grinvich universitetiga, Azimjon O‘rinov va Azimjon Alijonov Liverpul universitetiga qabul qilinganlar.

Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shaharlaridagi Prezident maktablarining qolgan 11-sinf o‘quvchilari ayni paytda xorij universitetlarining qabul bo‘yicha qarori natijalarini kutishmoqda.

O‘zA