Prezidentimizning 2018 yil 25 yanvardagi “Shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazkur yo‘nalishdagi ishlarning tezkorligi, sifat va samaradorligini yanada oshirish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish, ilm-fan yangiliklarini tibbiyot amaliyotiga keng tatbiq etishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Islohotlar samarasi o‘laroq, mamlakatimizda “tez yordam” xizmati va tibbiyotning birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari o‘rtasida integratsiyani kuchaytirish va muvofiqlashtirish ham doimiy e’tiborda. So‘nggi yillarda bir qator qishloq oilaviy poliklinikalarida “tez yordam” shoxobchalari ochildi.

Joylashuvi bo‘yicha 1500 ga yaqin birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida “tez yordam” mashinalarining mavjudligi ham fikrimizning dalilidir.

bugungi kunda yurtimiz bo‘ylab faoliyat yuritayotgan sayyor brigadalarning soni 2748 tani tashkil qilmoqda.

— Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida tez tibbiy yordam xizmatining shifokorlar bilan ta’minlanganlik darajasi respublika bo‘yicha o‘rtacha 89 foizga ko‘tarildi, — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Doniyor Alimov. — Jumladan, Samarqand va Namangan viloyatlarida bu ko‘rsatkich 90 foizdan oshgan.  Xizmatning o‘rta tibbiyot xodimlari bilan ta’minlanganlik darajasi esa respublika bo‘yicha o‘rtacha 97 foizga yetdi. Shundan 11 ta hududda ushbu ko‘rsatkich 100 foizni tashkil qilmoqda.

Quvonarlisi, “103” xizmatida faoliyat yuritayotgan 13 ming nafarga yaqin shifokorlarning 4342 nafari yuqori  malaka toifasiga ega, 2156 nafari 10–20 yillik, 2006 nafari esa 20 yildan ortiq stajga ega.

Mamlakatimiz tez tibbiy yordam xizmati tizimida  28 ming nafarga yaqin o‘rta tibbiyot xodimlari ishlayotgan bo‘lsa, ularning 38,7 foizi malaka toifasiga ega.

Qolaversa, ularning 5984 nafari 5–10 yillik, 5845 nafari 10–20 yillik hamda 4383 nafari 20 yildan ortiq ish tajribasiga ega.

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi