Ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda butun dunyoda 272 millionga yaqin odam migratsiya oqimi ishtirokchisi.

Bu oqimning asl sababi – odamlarning yaxshi yashashga bo‘lgan intilishi, albatta. Intilish – xayrli, biroq, oqibatning barchasi ham xayrli emas.

Migratsiya bilan bog‘liq xalqaro tashkilotlar tuzilishi, migrantlar huquqlari himoyasiga oid hujjatlar qabul qilinishi shuning natijasi.

Migratsiyaning shafqatsiz oqimidan o‘zbekistonliklar ham mustasno emas. Norasmiy ma’lumotlarga qaraganda, taxminan 5-6 million yurtdoshimiz turli davlatlarga chiqib ketgan, turli sohalarda mehnat qiladi.

Albatta, xorijiy davlatlarda muvaffaqiyatli mehnat qilayotgan mutaxassislarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi. Ammo, shu bilan birga, turli mamlakatlarga borib, o‘ziga munosib ish topa olmay, odam savdosi qurboniga aylanayotgan yurtdoshlarimiz ham kam emas. Eng yomoni, fohishalikdek tuban ishlarga majbur etilayotgan ayollarimiz bor.

Odamlarimiz qullikka giriftor bo‘lmasligi uchun nima qilish kerak? Xorijda yurtdoshlarimiz huquqlari qanday himoya qilinishi kerak? 

Ommaviy axborot vositalari uchun odam savdosi, majburiy mehnat va gender tengligi masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi  forum”ni tashkil etishdan maqsad shu kabi savollarga javob topish, ushbu mavzularni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish orqali muammolarning oldini olishdir.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, BMTning Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkiloti (MXT) hamkorligida tashkil etilgan tadbirda jurnalistlar, blogerlar bilan birga tadbir mavzusiga aloqador yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ham ishtirok etdi.

Toshkent viloyatining Parkent tumani Kumushkon qishlog‘idagi “Edelweiss Notel & Resport” majmuasida davom etayotgan forumning birinchi kunida asosan migratsiya bilan bog‘liq muammolarga e’tibor qaratildi.

Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi kotibiyatining bosh masalahatchisi Nodira Shotursunova migratsiyaga oid muammolarni ommaviy axborot vositalarida yoritishda hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

Xorijiy davlatlarda odam savdosidan jabrlangan fuqarolarga huquqiy ko‘mak berish, ularni ortga qaytarish, kelganidan so‘ng reablitatsiya qilish borasida ko‘p ishlar qilinmoqda. Ushbu yo‘nalishda ko‘plab NNTlar faoliyat yuritayotir.  Lekin bu haqidagi ma’lumotlarning barchasi ham jurnalistlarga vaqtida taqdim etilmayapdi.

bugungi forum esa shunday muammolarga barham berish, migratsiya mavzusini yanada keng yoritish orqali fuqarolarning bu masaladan xabardorligini oshirishga, ularning boshqa davlatlarga borib qullikka tushib qolmasligining oldini olish bo‘yicha amaliy qadamlarni ko‘paytirishga qaratilgan.

MXTning O‘zbekistondagi muvofiqlashtiruvchisi Sanjarbek Toshboyev migratsiya bo‘yicha dunyodagi vaziyat, O‘zbekistondagi holat bo‘yicha ma’lumot taqdim etish bilan birga shu yo‘nalishda tayyorlangan roliklarni ishtirokchilar e’tiboriga havola etdi.

Ishtirokchilar ko‘tarilgan mavzu bo‘yicha fikrlarini bildirar ekan, tayyorgarliksiz, ya’ni boradigan davlatining tilini, odatlarini bilmay yo‘lga otlanayotganlar oxir-oqibat qullikka mahkum bo‘layotgani, aynan shu xavfdan aholini xabardor qilish bo‘yicha vaqtida bong urish muhimligi bo‘yicha mulohazalar bildirdi.

Biroq, odam ishsiz, tirikchilik manbaisiz qolsa, o‘ylab o‘tirmay, yelkasiga xurjunini ortib, duch kelgan mamlakatga chiqib ketishi sir emas. Shu bois har bir oila, har bir insonning qanday turmush kechirayotganini mahalliy mas’ullar e’tibordan qochirmasligi kerak.

Xorijiy davlatlarda yurtdoshlarimiz huquqlarini himoya qilish imkonini kengaytirish masalasi dolzarbligicha qolmoqda.

Ko‘tarilgan mavzu hamda odam savdosi, gender tenglik kabi masalalar forumning keyingi ish kunlarida yanada chuqurroq tahlil etiladi.

Tadbir 27 dekabrga qadar davom etadi. 

                                                         Norgul Abduraimova, O‘zA