Tadbirda davlat rahbarining tashqi siyosat bo‘yicha yordamchisi, milliy xavfsizlik bo‘yicha vitse-prezident maslahatchisi Keyt Kellog va prezident yordamchisi, Milliy xavfsizlik kengashining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha katta direktori Liza Kertis ham ishtirok etdi.
Suhbat avvalida O‘zbekiston – AQSH aloqalari izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi. Birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli so‘nggi yillarda ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi barcha sohalarda sezilarli yutuqlarga erishildi.
Tomonlar siyosiy muloqot ko‘lamini kengaytirish, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha fikr almashdilar.
Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash masalasi muhimligiga alohida e’tibor qaratildi. Oq uy vakili O‘zbekistonning AIRda tinchlik muzokaralarini ilgari surish, ushbu mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan tiklashga qo‘shayotgan hissasini e’tirof etdi. Pandemiya paytida ko‘rsatilgan insonparvarlik yordami, mamlakatni mintaqa davlatlari bilan integratsiyalashuvi muntazam qo‘llab-quvvatlanayotgani olqishlandi.
Hozirgi vaziyat Afg‘onistonda energetika va transport-kommunikatsiya sohalaridagi muhim loyihalarni moliyalashtirishning maqbul yo‘li, manbalarini topishni talab etishi alohida ta’kidlandi.
Majlisda umumiy kun tartibining boshqa masalalari ham ko‘rib chiqildi.
O‘zA