O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev mamlakatimiz hukumati delegatsiyasi tashrifi doirasida Amerika Qo‘shma Shtatlari davlat kotibi yordamchisi, Davlat departamenti xotin-qizlar global masalalari bo‘yicha idorasi rahbari, maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchi Kelli Kyurri bilan uchrashdi.

O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasidan xabar berishlaricha, amerikalik diplomatga mamlakatimizda xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy hayotdagi rolini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Gender tengligini ta’minlash bo‘yicha maxsus komissiya faoliyati hamda ushbu sohadagi o‘zaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha takliflar mezbonlarda jiddiy qiziqish uyg‘otdi.

Uchrashuv chog‘ida Kelli Kyurri O‘zbekiston hukumati tomonidan gender tengligini ta’minlash, ayollarni mamlakat jamoat va siyosiy hayotiga keng jalb qilishni rag‘batlantirish borasida olib borilayotgan amaliy ishlarni yuqori baholadi. Shuningdek, u O‘zbekistonda Afg‘oniston ayollari uchun ta’lim dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qilinayotgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatladi.

Amerika tomonining ta’kidlashicha, AQSH hukumati mamlakatimizda yuz berayotgan keskin ijobiy o‘zgarishlarni olqishlaydi. AQSH ekspertlarining fikriga ko‘ra, ayni islohotlar allaqachon nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida jamiyatda xotin-qizlar faolligini o‘stirishning haqiqiy harakatlantiruvchi kuchiga aylangan.

Muzokara davomida O‘zbekiston ilg‘or davlat barpo etish jarayonida ayollarning har tomonlama ishtirokini rag‘batlantirish bo‘yicha namuna bo‘layotgani ta’kidlandi.

Kelli Kyurri  joriy yil 23 oktyabr kuni AQSH Davlat departamenti tomonidan tashkil etilgan «Ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga da’vat» xalqaro forumida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva faol ishtirok etib, nutq so‘zlagani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Elchining so‘zlariga ko‘ra, xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risida O‘zbekiston – Amerika qo‘shma bayonoti qabul qilinishi ushbu sohadagi o‘zaro munosabatlarda navbatdagi burilish nuqtasi bo‘ldi. Vashington Toshkentga BMT Xavfsizlik Kengashining Xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik bo‘yicha rezolyutsiyasini amalga oshirishga doir Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqishda yordam berishga tayyor.

Amerika diplomati bugungi kunda O‘zbekistonda respublika rivojiga salmoqli hissa qo‘shayotgan yetakchi ayollar ko‘pligidan xabardorligi, qolaversa, joriy yil dekabr oyida yurtimizga tashrif buyurib, ikki mamlakat o‘rtasidagi gender masalalari bo‘yicha hamkorlikning joriy holati va istiqbolini muhokama qilish niyatida ekanini izhor qildi.

O‘zA