Millatning birligi, barhayotligi koʻzgusi

21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni 
 
Millatning birligi, mavjudligining belgilaridan biri ona tili barhayotligidir.
Joriy yilda mamlakatimizda katta tantana, oʻzgacha shukuh, koʻtarinkilik bilan ilk bor nishonlanayotgan Oʻzbek tili bayrami tadbirlarida bu jihatlar yana bir karra oʻz ifodasini topmoqda.
…Poytaxtimizning Alisher Navoiy nomidagi Milliy bogʻi. Yanada koʻrkam, fayzli va tarovatli qiyofa kasb etgan, yangilangan Adiblar xiyoboni. Uni shiddat bilan oʻzgarib borayotgan Oʻzbekistonimizga mengzash mumkin. 21-oktyabr kuni erta tongdanoq bu yerga hamyurtlarimiz kela boshladi. Ulkan monitorda milliy adabiyotimiz rivojiga hissa qoʻshgan ijodkorlar, shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlarning faoliyati, hayoti, ijod yoʻli haqida hikoya qiluvchi lavhalar namoyish etilmoqda.
Yangrayotgan milliy mumtoz qoʻshiqlari tilimiz jozibasini ohanglar vositasida ifodalayotgandek. Adabiy gurunglar, ijodiy suhbatlar, sheʼrxonlik avjida. Oltin kuz faslida ushbu soʻlim maskan ham turfa ranglarda yana-da goʻzal koʻrinishga kirgan… Navoiy bobomiz, soʻz sanʼati rivojiga hissa qoʻshgan boshqa ijodkorlarning muazzam haykallari. Ona tilimizga boʻlgan amaliy eʼtibordan ularning ham ruhi shod boʻlayotgan esa, ne ajab.
21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami munosabati bilan bu yerga erta tongdanoq turli vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlarning vakillari, ijodkor ziyolilar, maʼnaviyat fidoyilari, oʻqituvchilar, talaba-yoshlar jam boʻldi. Tadbir ishtirokchilari Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qoʻydi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga bayram tabrigini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov oʻqib eshittirdi.
Tabrikda taʼkidlanganidek, har bir davlatning rivojlanishida millat va xalq qadriyatlari timsoli boʻlgan ona tili, uning davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqei mustahkam oʻrin tutadi. Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari dadil odimlayotgan mamlakatimizda oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi mavqei va nufuzini oshirish borasida soʻnggi yillarda samarali ishlar amalga oshirildi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktyabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni maʼnaviy-maʼrifiy hayotimizda ulkan tarixiy voqelik boʻldi. Unda ona tilimizni asrab-avaylash va yana-da rivojlantirish bilan bogʻliq muhim vazifalar belgilab berildi.
Oʻzbekiston Respublikasining “21-oktyabrni Oʻzbek tili bayrami kuni etib belgilash toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur hujjat ona tilimizga bagʻishlangan bayramni nainki mamlakatimizda, balki dunyoning turli davlatlarida keng nishonlashga muhim turtki bergani diqqatga sazovordir.
Tantanali tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, akademik Akmal Saidov bunday shukuhli kunlarga yetib kelmoqlik oson kechmagani, u oʻzida minglab hamyurtlarimizning orzularini ifoda etgani, oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi maqomining huquqiy asoslari, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi nufuzi va mavqeini oshirish xususida batafsil soʻz yuritdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, Fanlar akademiyasining Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, filologiya fanlari doktori, professor Nizomidin Mahmudov mamlakatimizda ona tilimizning nufuzi va mavqeini yana-da yuksaltirish borasidagi ezgu tashabbuslar ilm, maʼnaviyat va maʼrifat ahli, ijodkor ziyolilar zimmasiga ham ulkan va ayni damda sharafli masʼuliyat yuklayotganini taʼkidladi. Yurtimiz olimlari tomonidan “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” yaratildi. Ona tilimizning tarixiy, ilmiy asoslarini mukammal oʻrganish, lugʻatlar yaratish boʻyicha tadqiqotlar faol olib borilmoqda.
Bugun mamlakatimizdagi maʼrifiy yangilanish jarayonlari – Uchinchi Renessans davriga qadam qoʻyish pallasida oʻzbek tilining oʻrni va ahamiyati benihoya kattadir. Ayni paytda sohaga qaratilayotgan cheksiz eʼtibor Navoiy qadrlagan, eʼzozlagan tilga boʻlgan ehtiromning amaldagi yorqin namunasidir. Sana arafasida davlatimiz rahbarining “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori hamda “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilingani ona tilimiz ravnaqi yoʻlidagi ezgu tashabbuslar amalga oshishi borasidagi muhim qadamdir.
Endilikda ona tilimiz jahonning koʻplab ilmiy markazlari, universitetlarida faol oʻrganilmoqda. Tadbirda oʻzbek tiliga qiziquvchi bir guruh xorijlik tadqiqotchilarning ona tilimizda yangragan video tabrik va fikrlari ishtirokchilarga onlayn tarzda taqdim etildi.
– Oʻzbek tiliga mehrim juda baland, – deydi amerikalik taniqli tarjimon va tadqiqotchi, “Doʻstlik” ordeni sohibi Mark Edvard Riz. –Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romanini ingliz tiliga tarjima qildim. Oʻzbekiston mening hayotimga katta taʼsir koʻrsatgan diyor. 1994-yildan buyon oʻzbek tilini oʻrganayapman. Oʻtgan davr mobaynida Oʻzbekiston, uning xalqining tafakkuri oʻzgardi. Yangi jamiyat barpo boʻlmoqda. Bir vaqtlar doʻstlarim menga boshqa tillarni oʻrganishni maslahat bergan edi. Lekin men oʻzbek tilini puxta egallashga astoydil kirishdim. Endilikda “Mehrobdan chayon” asarini tarjima qilish niyatidaman. Barcha oʻzbekistonliklarni Oʻzbek tili bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.
– Hayotimdagi eng goʻzal damlar Oʻzbekiston bilan bogʻliq, – dedi Janubiy Koreyaning Xankuk chet tillar universiteti professori Li Ji In. – Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida tahsil olganman. Bu goʻzal tilni shu yerda oʻrgandim. Soʻnggi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona aloqalar tobora mustahkamlanib bormoqda. Bizda oʻzbek tilini oʻrganishga oid darslik chop etildi. Oʻzbek tilini oʻrganish yuzasidan imtihonlarni bosqichma-bosqich oʻtkazish rejamizda bor. Bu koreyaliklarning Oʻzbekistonga boʻlgan ehtiromi va hurmatining amaliy namunasidir. Oʻzbekiston yoshlariga qarata shuni aytmoqchi edimki, sizlarning tilingizda Navoiy, Bobur, Nodira soʻzlagan. Bu avlodlar uchun katta baxt va sharafdir. Farzandlaringiz, ularning farzandlari uchun ushbu maftunkor tilni saqlab, asrab-avaylashingizni istar edim.
Shuningdek, Hindistondagi Jamiya Milliya Islomiya universitetining oʻzbek tili oʻqituvchisi, professor Shahid Taslim, Tokio chet tillar universiteti talabasi, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida oʻzbek tilini oʻrgangan yaponiyalik Rio Naitoning ona tilimizni eʼzozlash, uni xorijda keng oʻrganish va targʻib etishga doir samimiy fikrlari tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi.
Tadbirda taekvon-do boʻyicha Osiyo va jahon chempioni, hamyurtimiz Dmitriy Shokin oʻzbek tiliga hurmat va ehtirom, oʻzining sportdagi yutuqlari, kelgusidagi yutuqlari haqida soʻzladi.
– Men Oʻzbekistonda tugʻilib, oʻsdim, shu diyorda voyaga yetdim, – dedi D.Shokin. – Oʻzbek tilida soʻzlashish men uchun gʻoyat maroqli va yoqimlidir. Bolalikdan doʻstlarim, sinfdoshlarim, qadrdonlarim bilan shu tilda soʻzlashib katta boʻldim. Oʻzbek tilining jahon miqyosida keng quloch yozishida biz – sportchilarning ham hissasi borligidan faxrlanaman. Bunday sharafli vazifaga oʻz hissamni qoʻshayotganimdan gʻoyat mamnunman. Xalqaro musobaqalarda zafar qozonganimizda Oʻzbekiston bayrogʻi magʻrur hilpiraydi, davlatimiz madhiyasi baralla yangraydi. Demakki, oʻzbek tili minglab chet elliklar qulogʻi ostida jaranglaydi. Oʻzbek tilining rivojiga qoʻshayotgan ulkan hissasi uchun Prezidentimizga chin yurakdan minnatdorlik bildiraman.
Tadbirda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid oʻzining ona tilimizni ulugʻlovchi yangi sheʼrini oʻqib berdi.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov oʻzbek tilini rivojlantirish va keng targʻib etishga munosib hissa qoʻshayotgan bir guruh tilshunos olim va ijodkor ziyolilarga “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishonini topshirdi.
Tantanali tadbirda Oʻzbekiston Respublika Prezidentining maslahatchisi Abdujabbor Abduvahitov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Behzod Musayev ishtirok etdi.
Adiblar xiyobonida adabiy-maʼrifiy tadbirlar kun boʻyi davom etdi. Ona tili bayramiga bagʻishlangan bu kabi shukuhli maʼrifiy tadbirlar mamlakatimizning barcha goʻshalarida koʻtarinki ruhda boʻlib oʻtmoqda.
8.JPG
10-faqat saytga.JPG
11.JPG
13.JPG
14.JPG

 

Nazokat USMONOVA, OʻzA