“PISA-shok” nima? U Oʻzbekistonda ham roʻy berishi mumkinmi?

Oʻzbekiston 2021-2022-yillarda ilk marotaba taʼlim sifatini baholash boʻyicha “PIRLS”, “PISA” va boshqa xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etadi.

2000-yildan buyon har 3 yilda oʻtkazib kelinayotgan, 2022-yilda 90 ga yaqin davlat ishtirok etishi rejalashtirilayotgan “PISA” tadqiqotlarida 15 yoshli oʻquvchilarning oʻqish savodxonligi, matematika va tabiiy fanlar yoʻnalishlari boʻyicha bilimiga baho berildi.

PISA tadqiqotlarida oʻquvchi dasturni oʻzlashtirganligi emas, balki bilim va koʻnikmalarni hayotda qay darajada qoʻllay olishi baholanadi.

Taʼkidlash joizki, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tomonidan tashkil etilgan “PISA” xalqaro tadqiqotlari dunyo boʻyicha umumiy oʻrta taʼlim tizimiga oid eng nufuzli axborot manbalaridan biri hisoblanadi.

Muhtaram Prezidentimiz joriy yil Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida ham mazkur tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrish masalasiga alohida toʻxtalib, oʻqituvchilar malakasini oshirish, bunda ilgʻor xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik qilish boʻyicha aniq vazifalar belgilab bergan.

Maʼlumki, ushbu tadqiqotlarda ilk marotaba ishtirok etgan davlatlardagi taʼlim sifati oʻzlarida mavjud milliy vositalar orqali yuqori baholanib kelgan.

“PISA” natijalari esa ular kutgandan koʻra ancha past boʻlgani uchun ham ushbu holat “PISA-shok” (kutilmagan natija) deb nomlanadi.

Xususan, 2000-yilda “PISA”ning birinchi natijalari germaniyalik oʻquvchilarning boshqa mamlakatlardagi tengdoshlariga nisbatan bilim darajasi pastligini koʻrsatgan. Yaʼni ushbu mamlakat 2000-yilda 32 ta davlat oʻrtasida 25-oʻrinni egallagan va bu holat “PISA-shok” deb nomlangan.

Shundan soʻng, Germaniya taʼlim sohasida bir qator islohotlar amalga oshirilgan va taʼlim sifatida oʻsish kuzatilgan.

Germaniyalik oʻquvchilar 2006-yilda oʻtkazilgan tadqiqotlarda 57 ta davlat oʻrtasida 14-oʻrinni, 2015-yilda 71 ta davlat oʻrtasida 13-oʻrinni hamda 2018-yilda 79 ta davlat oʻrtasida 17-oʻrinni egalladi.

Xalqaro tadqiqotlarga munosib tayyorgarlik koʻrishda bir paytlar “PISA-shok”ni boshidan oʻtkazgan va taʼlim sifatini yaxshilash boʻyicha oʻz vaqtida amalga oshirilgan islohotlar sabab, bugungi kunda ushbu tadqiqotlarda yuqori natijalarni qayd etib kelayotgan davlatlar tajribasini oʻrganish va tahlil qilish muhim ham ahamiyat kasb etadi.

photo_2020-10-11_19-07-56.jpg

Shu maqsadda, joriy yilning 9-oktyabr kuni Taʼlim inspeksiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi tomonidan Bremen Universiteti (Germaniya), Texnika va taʼlim instituti kasb-hunar va mehnat bozori loyihalari koordinatori Akromjon Matkarimov ishtirokida “Germaniyada “PISA-shok” dasturi va uning taʼlim tizimiga taʼsiri” mavzusida xalqaro onlayn vebinar tashkil etildi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Taʼlim inspeksiyasi taʼlim sifati baholash va nazorat qilish boʻyicha ilgʻor xorijiy davlatlarning tajribasini oʻrganish maqsadida chet elda ilmiy-tadqiqot olib borayotgan va mehnat qilayotgan malakali vatandoshlarimiz bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, hamyurtimiz Akromjon Matkarimov ham 10 yildan buyon Germaniya ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shugʻullanib kelayotgan boʻlib, ushbu rivojlangan mamlakatning tajribalari oʻrganish va tadqiq qilishda yaqindan yordam bermoqda.

Vebinarda xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrishga yoʻnaltirilgan tayanch maktablarning trener oʻqituvchilari va maktab maʼmuriyati hamda taʼlim sifatini baholash boʻyicha faoliyat olib borayotgan 500 dan ortiq mutaxassis xodimlar ishtirok etdi.

Vebinar davomida Akromjon Matkarimov Germaniyada maktab taʼlim tizimi, taʼlimning samaradorligi, Germaniyaning “PISA” tadqiqotidagi natijalari, “PISA-shok” dasturi va davlat taʼlim siyosati, “PISA” tadqiqotining milliy taʼlim tizimiga taʼsiri haqida maʼlumot berar ekan, ushbu tadqiqotning bosh maqsadi haqida shunday dedi:

“PISA”– bu avvalo iqtisodiy loyiha. Yaʼni mamlakatda kelajakda iqtisod rivojlanishi uchun hozirgi taʼlimning holati inobatga olinadi. Bunda oʻn, yigirma va oʻttiz yillardan keyin hozirgi avlod bilan davlat qanday natijalarga erishadi. Kelgusida aholi soni oshib borishi, yer resurslari kamayib borishiga hozirgi oʻquvchilarimiz qay tarzda moslasha olishi, muammoli vaziyatlardan chiqish boʻyicha oʻz bilim va koʻnikmalarni qay tarzda qoʻllay olishi baholandi”

Germaniya tajribasi bilan tanishgan oʻqituvchilar vebinar oʻtkazilayotgan dasturning muhokama guruhiga mavzu boʻyicha oʻz savollarini hamda fikr-mulohazalarini yuborishdi.

Xususan, oʻqituvchilar Germaniyada oʻqituvchilarning malaka oshirish tizimi qanday yoʻlga qoʻyilgani va uning samaradorligi, sinflarda oʻquvchilar soni, oʻquvchilarni maktabdagi vazifalarni bajarishda ota-onalarning roli, oʻquv adabiyotlarining xilma-xilligi bilan qiziqdilar.

Shuningdek, ishtirokchi pedagoglar savollarga berilgan javoblardan kelib chiqib yurtimizda xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik toʻsqinlik qilayotgan muammolar sifati malaka oshirish tizimi samarali yoʻlga qoʻyilmagani, oʻquv adabiyotlari soni kamligi, ayrim fanlar boʻyicha faqat darslik bilan cheklanib qolinayotganligi, elektron darsliklar kamligi, maktablarda oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari va reaktivlari yetishmasligi, masofaviy taʼlim boʻyicha milliy elektron platformalar yoʻqligi kabi mavjud muammolarni sanab oʻtishdi. Mazkur muammolarni bartaraf etish orqali Oʻzbekistonda ham “PISA-shok” yuzaga kelishining oldini olish mumkinligi taʼkidlandi.

Taʼkidlash joiz, “PISA” – bu nafaqat taʼlim tizimining ahvoli, balki aholida asosiy kompetensiyalar shakllanganlik darajasi, uning zamonaviy jamiyat muammolarini yechishga tayyorligi, oʻzbek davlati va taʼlimining global raqobatbardoshligini oʻrganadi. Investor uchun “PISA” natijalari mamlakatning sarmoyaviy jozibadorligi darajasidir. Inson kapitali sifati bugungi kunda ilmiy-texnik taraqqiyot darajasi bilan bogʻliq muammolarga javob beradi.

 

OʻzA