Isroil elchisi bilan uchrashuv

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Isroil davlatining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Zexavit Ben Hillelni qabul qildi.
Vazir ishonch yorliqlarini qabul qilib olarkan, Elchini Oʻzbekistondagi missiyasi boshlanishi bilan tabrikladi va unga muvaffaqiyat tiladi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekiston – Isroil munosabatlarining joriy holati va aloqalarni yana-da rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari, shuningdek, BMT hamda boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlik koʻlamini kengaytirish boʻyicha mavjud salohiyatni roʻyobga chiqarishga oʻzaro qiziqish bildirdi.
Joriy yilning toʻrtinchi choragida tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi maslahatlashuvlarni onlayn shaklda tashkil etishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, ayrim mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda umumiy kun tartibining boshqa masalalari ham koʻrib chiqildi.
Tashqi ishlar vazirligi

O’zA