Nukus tumani “qizil”hududdan “Sariq” hududga oʻtadi

Xalq deputatlari Nukus tumani Kengashining ӱn ikkinchi sessiyasida tumanni 2020-2021-yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, shu orqali “qizil” hududdan chiqarish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi masala kӱrib chiqildi.
Bu bo’yicha tuman sektor rahbarlari murojaat qildi va yo’l qo’yilgan kamchiliklar uchun aholidan uzr soʻradi.
Taʼkidlanganidek, Prezidentimiz rahbarligida 2020-yil 24-sentyabr kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning reyting koʻrsatkichi natijasiga koʻra Nukus tumani “qoniqarsiz” baholanganligi qayd etildi.
Bundan tegishli xulosa chiqargan holda iqtisodiy rivojlanish va samaradorlik koʻrsatkichlari boʻyicha joriy yil yakunida tumanda qiymati
248,4 milliard soʻmlik 11 ta yangi sanoat ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirilib, qilingan chora-tadbirlar natijasida hududiy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi oʻtgan yilga nisbatan 108,3 foizga oʻsishi kutilmoqda.
Tumanda 9 oy davomida jami 3 million 53 ming AQSH dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirilib, reja 60 foizga bajarilgan. Mazkur koʻrsatkich yil yakuni bilan 6 million 600 ming AQSH dollariga yetkaziladi.
Iqtisodiyotning raqobatbardoshligi va diversifikatsiyasi koʻrsatkichlari yoʻnalishi boʻyicha 2020-yilda qoʻshimcha 6 ta sanoat ishlab chiqarish loyihasini eksportbop mahsulot ishlab chiqarishga yoʻnaltirish natijasida qoʻshimcha 35,7 milliard soʻmni yoki ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlariga nisbati 19 foizni tashkil etadi. 2020-yil yakuni bilan tumanda 121,6 milliard soʻmlik investitsiya oʻzlashtirilishi belgilangan. Shundan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar 6,7 milliard soʻmni yoki 5,5 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Yil yakuniga qadar 11 ta sanoat ishlab chiqarish korxonasi ishga tushurilishi natijasida 93 milliard 103 million soʻmlik quvvatlar yaratilishi hisobiga, kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlardagi ulushi 2,5 foizga oʻsishga erishiladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash samaradorligi va maʼlumotlarning ochiqligi koʻrsatkichlari boʻyicha joriy yilning birinchi yarim yilligida Prezident Virtual hamda Xalq qabulxonalaridan jami 97 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan
82 taga kamaygan. Ushbu murojaatlarning barchasi tegishli tartibda koʻrib chiqilgan boʻlib, shundan 28 tasi qanoatlantirilgan. Tuman sektor rahbarlari tomonidan joriy yilning 6 oyi davomida qabul qilingan murojaatlar bilan ishlashda ularning aniq egalariga yoʻnaltirilishi, ijrosi doimiy nazoratga olinishi, muhokama qilinishi hamda takroriy murojaatlar bilan alohida ishlash tizimi yoʻlga qoʻyilishi natijasida oʻtgan yilning shu davriga nisbatan ijobiy oʻzgarishlarga erishildi.
Tumanda tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tijorat banklari tomonidan joriy yilning 9 oyi davomida 199 ta subyektga 7 milliard 153 million soʻmlik kredit ajratilgan. Tumanda 3 yil oldin 409 ta kichik biznes subyekti boʻlgan boʻlsa, hozir ularning soni 1778 taga yetdi. Natijada, yangi tashkil etilgan korxonalar hisobiga 1369 ta qoʻshimcha ish oʻrni yaratildi. Yil yakuniga qadar investitsiya dasturi doirasida 277 ta, bundan tashqari 180 ta kichik biznes subyektini yangidan tashkil etish evaziga qoʻshimcha 457 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Tuman iqtisodiyoti barqarorligini taʼminlash, shuningdek eksport imkoniyatlarini oshirish maqsadida hosildorligi past boʻlgan 1165 gektar paxta ekilib kelingan maydonlarga, sabzovat va poliz ekinlarini yetishtirish hamda bogʻ va tokzorlar barpo etish ishlari olib borilmoqda. Bugungi kunda 169 gektar maydonga intensiv bogʻ tashkil etish yuzasidan umumiy qiymati 11 milliard soʻmlik 6 ta loyiha ishga tushiriladi. Natijada, 100 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratiladi. Tumanning meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirishga ixtisoslashganligini inobatga olgan holda, “Samanbay”, “Taqirkoʻl” ovul fuqarolar yigʻinlari hududlarida 200 gektar maydonda zamonaviy tipdagi issiqxona barpo etish boʻyicha loyiha smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda.
Yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ishsiz yoshlarning bandligini taʼminlash maqsadida tumandagi “Aqmangʻit” shaharcha fuqarolar yigʻini hududida zamonaviy “Yoshlar markazi” qurilmoqda. 2020-2021-yillarda kasanachilik va aholi daromadlarini koʻpaytirish maqsadida jami qiymati 77 milliard soʻmlik 38 ta loyiha hisobidan 1086 yangi ish oʻrni yaratiladi. Albatta, tumanda “Temir daftar”ga kiritilgan oila aʼzolarining bandligini taʼminlashga erishiladi. Bundan tashqari, chorvachilik, baliqchilik va charm poyabzal ishlab chiqarish yoʻnalishida 4 ta klaster tashkil etilib, qiymati 451 milliard soʻmlik loyiha amalga oshiriladi va 2573 nafar aholining bandligi taʼminlanadi.
Mana shu chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida tuman joriy yil yakuni bӱyicha “sariq”, 2021-yil yakuni boʻyicha “yashil” hududga oʻtishi qayd etildi.
Sessiyada tuman hokimi O.Usnatdinov deputatlar, ommaviy axborot vositalari va blogerlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA