Barcha saʼy-harakatlarimiz obodlik, bunyodkorlik va xalqimiz hayotini yaxshilashga xizmat qiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-avgust kuni davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mehnat faxriylari hamrohligida Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Birinchi manzil Toshkent metropolitenining Yunusobod yoʻnalishi boʻldi. Davlatimiz rahbari “Bodomzor” bekatidan yangi “Turkiston” bekatigacha poyezdda borib, amalga oshirilgan ishlarni koʻzdan kechirdi.

– Bu yoʻl hamma narsani tezlashtiradi. Harakatni ham, iqtisodiyotni ham, hayotni ham, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ushbu metro yoʻnalishining ikkinchi bosqichi qurilishi Prezidentning 2016-yil 7-noyabrdagi qaroriga muvofiq boshlangan edi. Shavkat Mirziyoyev bu yerga bir necha bor kelib, ishning borishi bilan tanishgandi.

Loyihaning umumiy qiymati 103,8 million dollar boʻlib, qariyb 3 kilometr metro yoʻli hamda “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlari barpo etilgan.

Davlatimiz rahbari mazkur bunyodkorlik ishlarining tarixini yodga oldi.

– Bu yoʻlni qurish oson boʻlgani yoʻq, – dedi Prezident. – Mablagʻ topib, chet eldan mutaxassislar olib kelib, loyihani sinchiklab koʻrib chiqdik. Ikki yil davomida qurilish boʻldi. Eng muhimi, bu transport arzon, xavfsiz, qulay.

Mutaxassislar qurilish jarayoni va sifati haqida maʼlumot berdi. Yoʻlning 850 metr qismi yer osti suvi koʻp joyga toʻgʻri kelgan. Shuning uchun ilgari buni amalga oshirish imkoni boʻlmagan. Yangi loyihada Germaniya texnologiyasi qoʻllanilib, suvli joydan temir-beton tyubing qoʻyish orqali oʻtilgan.

Yana bir ahamiyatli tomoni, metropolitenning Yunusobod yoʻnalishi uchun rentabelligi yuqori emasdi. Bugungi kunda Yunusobod tumanida 340 mingdan ziyod aholi yashaydi. Metro yoʻli uzaytirilib, yangi bekatlar qurilgani odamlarga katta qulaylik yaratdi.

Bu transport tarmogʻi iqtisodiyot va ekologiya jihatidan ulkan ahamiyatga ega. Xususan, mazkur ikki bekat orqali kuniga 7,5 ming yoʻlovchiga xizmat koʻrsatiladi. Natijada avtobuslar yoʻnalishi optimallashib, avtomobillar tirbandligi kamayadi. Yiliga 5,3 ming tonna zararli gaz atmosferaga chiqishining oldi olinadi.

Umuman aytganda, Toshkent metropolitenidan kuniga 240 ming yoʻlovchi foydalanadi. Jami 21 kilometrdan iborat uchta yangi –Yunusobod, Sergeli va Qoʻyliq yoʻnalishlari qurilishi natijasida yana 150 mingdan ziyod kishi qamrab olinishi rejalashtirilgan.

Shundan soʻng, Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Ahmad Donish koʻchasida amalga oshirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlarini koʻrdi.

Ilgari bu koʻcha oʻrtasidagi maydon beton devor bilan oʻralgani sababli yoʻl judayam tor edi. Yunusobod metro yoʻnalishining davomi qurilishi natijasida bu joy ochildi. Ahmad Donish koʻchasining Amir Temur koʻchasidan Toshkent halqa avtomobil yoʻligacha boʻlgan 2,2 kilometr qismi 6 qatorli qilib qayta qurildi. 4 qatorli mavjud yoʻl rekonstruksiya qilindi. Piyodalar va velosiped yoʻlakchalari, maysazorlar tashkil etildi. Energiya tejamkor yoritish moslamalari oʻrnatildi.

Yana bir muhim jihati – Ahmad Donish koʻchasi oʻrtasidagi yashil hudud va koʻcha boʻylaridagi daraxtlar saqlab qolindi. 1850 ta manzarali daraxt koʻchati ekildi.

– Yoʻl qurilishiga qoʻshimcha pul berib, zamonaviy texnikalar olingani bugun natijasini beryapti. Bu esa odamlarga manfaat, sifat keltirishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Chorrahalarda yoʻl 92 metrgacha kengaytirilgan. Transport vositalari oʻng tarafga toʻxtovsiz harakatlanishi koʻzda tutilgan. Bu Ahmad Donish, Amir Temur, Bogʻishamol kabi koʻplab koʻchalardagi tirbandlikni kamaytiradi. Toshkent va Qibray tumanlari aholisining poytaxt markaziga yetib borish vaqti 2 barobar qisqaradi. Ushbu yangi trassada bir kunda 60 mingtagacha transport vositasi harakatlanishi mumkin.

Davlatimiz rahbari bu yerda mutasaddilarga yoʻlsozlik sifati va koʻlamini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

– Odamlarimiz ham, mehmonlar ham yoʻlga qarab davlatga baho beradi. Yoʻllar yaxshi boʻlsa, xalqimiz rozi boʻladi. Shuning uchun bunday sifatli yoʻllarni hududlarda ham qurish, qishloq yoʻllarini ham oʻzgartirish kerak, – dedi Prezident.

Shu yerda Yunusobod tumani aholisi vakillari bilan samimiy muloqot boʻlib oʻtdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, Toshkentning Fargʻona yoʻli koʻchasida amalga oshirilayotgan taʼmirlash va obodonlashtirish ishlarini ham borib koʻrdi.

Turkiyaning “Kalyon” shirkati bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan loyihaga asosan, 8 qatorli yangi avtomobil yoʻli qurish, 2 qatorli mavjud yoʻlni rekonstruksiya qilish, energiya tejamkor yoritish moslamalari oʻrnatib, piyodalar va velosiped yoʻlakchalari, maysazorlar tashkil etish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari bir kilometr yoʻl qurishga yurtimiz va xorijda ketadigan mablagʻ hamda materiallar qatlamini tahlil qilish asosida yoʻl industriyasini takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Avtomagistrallar bilan birga ichki yoʻllarga ham alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi.

Toshkent yer usti halqa metro liniyasining birinchi bosqichi – “Doʻstlik-2 – Qoʻyliq” yoʻnalishi qurib bitkazildi. Ushbu ulkan transport liniyasini loyihalashtirish 2017-yilda boshlangan edi. Qurilishning borishi davlatimiz rahbarining doimiy eʼtiborida boʻldi. Metroning ushbu uchastkasida 7 ta bekat barpo etilgan. Yangi yoʻnalishning uzunligi 11,5 kilometr.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu yerga tashrif buyurib, jamoatchilik bilan birga poyezdda yurdi.

Bekatlar milliy kolorit asosida, oʻziga xos dizaynda qurilgan. Yoʻlovchilarga qulaylik yaratuvchi zamonaviy texnologiyalar, yoʻlkirani elektron toʻlash imkonini beruvchi turniketlar hamda eskalator bilan jihozlangan. Ikkinchi qavatdagi bekatlarga imkoniyati cheklangan yoʻlovchilar uchun maxsus liftlar ham oʻrnatilgan.

Masalan, Tuzel hududidagi uchinchi bekat aholi gavjum joyda, avtomobillar chorrahasida joylashgan. Ushbu bekatda tushib chiqadigan yoʻlovchilar oqimi nisbatan koʻproq boʻlishi kutilmoqda. Ikki qavatdan iborat bekatning birinchi qavatida ishchi-xodimlar uchun maʼmuriy hamda tibbiy xonalar va kassa qurilgan. Yoʻlovchilar kirib chiqishi, maxsus turniketdan oʻtishi birinchi qavatda amalga oshiriladi. Ikkinchi qavat esa perron qismi boʻlib, uning bir tomoniga yoʻlovchilarga qulay boʻlishi uchun yangi eskalator, ikkinchi tomoniga esa imkoniyati cheklangan yoʻlovchilar uchun maxsus lift oʻrnatilgan. Perron qismi zamonaviy yoritkichlar bilan bezatilgan. Bekat ichida Toshkent metropoliteni xaritasi, perronda esa shahar tashqarisiga chiqish uchun koʻchalar nomini koʻrsatuvchi maʼlumotlar belgisi qoʻyilgan.

Perrondan poyezdga chiqish qismiga koʻzi ojizlar uchun maxsus boʻrttirilgan plitalar yotqizilgan. Bekatning asosiy ikki tomoni quyosh nurini kam oʻtkazadigan maxsus oynalar bilan qoplangan. Perronga kirib-chiqish hududlarida koʻrkam va rangli kafellardan foydalanilgan. Bekat atrofi va hududi obodonlashtirilib, zamonaviy yoritgichlar oʻrnatilgan, yoʻlaklarga uzoq muddatga chidamli bruschatkalar, marmar toshlari terilgan.

Uchinchi bekatdan soʻng Iltifot hududidagi toʻrtinchi hamda Rohat hududidagi beshinchi bekat keladi. Poytaxtimizning sharqiy darvozasiga kirish hududida joylashgan ushbu koʻrkam bekat orqali shahrimiz aholisi va mehmonlari Toshkentning markaziy va chekka hududlariga qisqa fursatda xavfsiz yetib borish imkoniga ega boʻladi.

Ushbu yoʻnalishda poyezdlarning oʻrtacha yurish tezligi soatiga 60 kilometrni tashkil etadi. Oraliq masofani bosib oʻtish vaqti – 19 daqiqa, bekatlarda toʻxtash vaqti – 15 soniya, har biri 4 ta vagondan iborat 4 ta poyezd qatnaydi. Rossiya Federatsiyasidan metro liniyalarining estakada yoʻnalishida harakatlanadigan zamonaviy va yuqori sifatli, yoʻlovchilar uchun barcha qulayliklarga ega vagonlar tayyorlanib, yurtimizga keltirildi.

“Doʻstlik-2 – Qoʻyliq” yoʻnalishi foydalanishga topshirilishi hisobiga 225 yangi ish oʻrni yaratildi. Ushbu yoʻnalish kuniga 46 ming yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega.

– Poytaxtimizda transport kundan-kunga koʻpayib bormoqda, bu tirbandlik oshishi bilan birga havoning ifloslanishiga ham sabab boʻlmoqda. Yer usti metrosi arzon, qulay va xavfsiz. Eng muhimi, bu boshqa jamoat transportlaridagi yuklamani oʻziga oladi, shahar markazidagi tirbandlikni kamaytiradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Qoʻyliq” bekatida keyingi bosqichlar qurilishi boʻyicha taqdimot oʻtkazildi. Yer usti halqa metrosi loyihasining umumiy qiymati 422 million dollardan ziyod boʻlib, beshta bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ikkinchi bosqichda Qoʻyliq bozori bilan Toshkent yer osti metrosining “Olmazor” bekati bogʻlanadi. Uchinchi boʻlib “Beruniy”, undan keyin “Bodomzor” bekatigacha boʻlgan qism quriladi. Soʻnggi bosqichda esa halqa metro liniyasi yana “Doʻstlik” bekatiga ulanadi. Bu yoʻllarning jami uzunligi qariyb 55 kilometr, bekatlar 35 ta boʻladi.

Prezidentimiz aholiga qulaylik yaratish maqsadida yangi zamonaviy transport liniyasining qolgan bosqichlarini oʻz muddatida foydalanishga topshirish, qurilish sifatiga eʼtibor berish boʻyicha mutasaddilarga zarur topshiriqlar berdi.

Prezident Yashnobod tumanidagi Fargʻona yoʻli koʻchasida, Qorasuv kanali boʻyida qurilayotgan “Assalom, sohil!” turar joy majmuasi bilan tanishdi.

22 koʻp qavatli uy, 58 kottej, moʻjaz sayilgohlar, yashil maydonchalar, antiqa daraxtlar, gullar, betakror koʻrinishdagi taʼlim muassasalari, sogʻlomlashtirish majmualari, amfiteatr, kafelar, biznes markaz, umuman, aholi yashashi uchun barcha qulay obyektlar… Bularning barchasi hayotga, kelajakka ishtiyoqingizni oshiradi.

Majmuani “Golden house” kompaniyasi qurmoqda. 16 ta 9 qavatli, 4 ta 9-12 qavatli, 2 ta 14-16 qavatli uyda 3236 xonadon boʻladi. Birinchi bosqichda yil oxiriga qadar 6 ta 9 qavatli uy foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Xonadonlar maydoni 35 kvadrat metrdan 120 kvadrat metrgacha. Ipoteka krediti asosida ham sotiladi. Oʻrtacha hisobda, 3 xonali uy 20 yil muddatga kreditga olinsa, oylik toʻlovi 5 million soʻmdan aylanadi, demoqda kompaniya mutaxassislari.

Uylar bilan tutash hududda savdo-koʻngilochar markaz ham quriladi. Markaz va uylar oʻrtasidan oqib oʻtuvchi Qorasuv kanali atrofi sayr qilish uchun moslashtirilib, obodonlashtiriladi. Kichik orolcha ham hosil qilinadi.

“Golden house” kompaniyasi direktori Davron Fayzimetovning aytishicha, “Assalom, sohil!” uylarining afzalligi shundaki, ular mualliflik texnologiyasiga asoslangan qurilish konstruksiyasiga ega. 9 balldan yuqori amplitudadagi seysmik chidamliligi tekshirilgan. Fasadning 3 qoplamadan tashkil topgani esa anʼanaviy beton uylardan mutlaqo farq qiladi. Videokuzatuv va yongʻin xavfsizlik tizimi, har bir xonadon modul tipidagi alohida isitish qozoni bilan jihozlangan holda topshiriladi. Shuningdek, mijozlar buyurtmasiga koʻra shaklan oʻzgarishi mumkin.

Taʼkidlash joizki, mustaqillikdan keyin qariyb 25 yil mobaynida mamlakatda, xususan, Toshkentda koʻp qavatli uylar qurilmagan, odamlar uchun uy-joy nihoyatda dolzarb muammoga aylangan edi. Keyingi yillarda qurilayotgan uylar hamyurtlarimizning koʻp yillik orzularini roʻyobga chiqarmoqda. Minglab oilalar, ayniqsa, uy-joyga muhtoj, kam taʼminlangan fuqarolarimiz oʻz uyiga ega boʻldi.

Davlatimiz rahbari bunday uylar qurilishini zamonaviy texnologiyalar asosida, rivojlangan davlatlardagi kabi andozalarda davom ettirish kerakligini taʼkidladi.

– Qurilishda ham raqobat boʻlyapti. Bu sifatni taʼminlab, narx arzonlashishiga omil boʻlmoqda. Uylar, inshootlar qurishda eng zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, eng oʻqimishli, usta quruvchilarni ishga olish kerak, – dedi Prezidentimiz.

Shavkat Mirziyoyev xorij tajribasi asosida qurilgan yengil konstruksiyali kottejlarni ham koʻzdan kechirdi. Bu uylar arzonligi, oʻn kunda bitkazilishi bilan ajralib turadi, buyurtma asosida bir necha xil shaklda qurib beriladi. Bunday kottejlar, ayniqsa, togʻli va choʻl hududlari uchun juda mos keladi.

– Oxirgi yillarda Toshkent oʻzgardi. Peshona terimiz bilan oʻzgartirdik. Ming qatla shukr, qoʻlimiz uzun, hamma narsamiz yetarli. Bagʻrimiz keng boʻlib, Xudodan soʻrab harakat qilsak, duo olsak kam boʻlmaymiz, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev mehnat faxriylari bilan muloqot chogʻida.

Mustaqillik bayrami arafasida yangi inshootlar, yirik ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshirilishi ezgu anʼanaga aylangan. Yashnobod tumanidagi koʻp tarmoqli “Texnopark” ishlab chiqarish majmuasida “Samsung” brendi ostida maishiy sovutgichlar ishlab chiqarish korxonasining ochilishi ham qutlugʻ bayramimizga munosib toʻyona boʻldi.

Sobiq aviasozlik zavodi oʻrnidagi 101 gektarlik maydonda joylashgan mazkur ishlab chiqarish majmuasiga 2019-yil 10-avgustda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan asos solingan edi. Bu yerda 17 ta yirik loyiha amalga oshirilishi maqsad qilingan. Ularning birinchisi 2020-yil fevral oyida ishga tushirilib, elektron gaz hisoblagichlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan edi.

Davlatimiz rahbariga boshqa loyihalar haqida maʼlumot berildi.

Bu yil majmuada lift va eskalatorlar, suv nasoslari, kir yuvish mashinalari, vitrina sovutgichlari va muzlatgichlar ishlab chiqarish loyihalari ishga tushiriladi. Keyingi yildan esa mis quvurlari, sanoat suv isitish qozonlari, oshxona texnikalari, sendvich panel va metall konstruksiyalar, eshik-romlar uchun furnitura va aksessuarlar, panelli isitish radiatorlari, bazalt toshidan izolyatsion materiallar ishlab chiqarish loyihalari ish boshlaydi. Shuningdek, logistika markazi quriladi. Bu yerdan mahsulotlarni toʻgʻridan-toʻgʻri xorijga eksport qilish mumkin boʻladi. “Texnopark” hududidagi barcha loyihalar ishga tushirilishi bilan 10 mingdan ziyod aholi doimiy ish bilan taʼminlanadi.

Davlatimiz rahbari loyihalarni belgilangan muddatlarda, sifatli ishga tushirish boʻyicha topshiriqlar berdi. Jamoatchilik faollari bilan muloqotda sanoatni mahalliylashtirish masalalari haqida gapirdi. Xususan, 2016-yil yakunida 100 ming tonna atrofida mis ishlab chiqarilgan boʻlsa, bu yil oxirida 150 ming tonnaga yetkazilishi taʼkidlandi. Kelgusida 400 ming tonna reja qilingan. Maʼlumki, mis sanoat mahsulotlari tayyorlashda keng qoʻllaniladi. Uni qazib chiqarish hajmi koʻpayishi import oʻrnini bosib, mamlakatimiz mahsulotlarining dunyo bozorida raqobatbardoshligini oshiradi.

2020-yil 29-avgust. Oʻzbekiston mustaqilligining 29 yilligi. Bu sana Oʻzbekiston sanoati tarixida muhim tarixiy kun sifatida muhrlanib qoladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, “Texnopark” majmuasida “Samsung” brendi ostida maishiy sovutgichlar ishlab chiqarish korxonasi faoliyatini ishga tushirdi. Jamoatchilik vakillari bilan ishlab chiqarish jarayonini koʻzdan kechirdi.

Yirik investitsiyaviy maishiy sovutgichlar ishlab chiqarish loyihasi Janubiy Koreyaning “Samsung Electronics” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan boʻlib, umumiy qiymati 51,5 million AQSH dollaridan ziyodni tashkil etadi. Uskunalarni montaj qilish va loyihani ishga tushirishga ham koreyalik mutaxassislar jalb qilingan.

Bir vaqtning oʻzida 4 turdagi sovutgichlarni ishlab chiqarish imkoniyati mavjudligi loyihaning oʻziga xos jihatlaridan biridir. Ishlab chiqarish jarayoni 70 foizga avtomatlashtirilgan, 1500 ishchi faqat texnikalarni boshqarish va butlovchi qismlarni yigʻishda qatnashadi. Bu esa har 19 soniyada 1 ta tayyor mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi. Mahsulotlar sifat nazorati laboratoriyasidan 7 daqiqada oʻtadi. Bunda “Samsung Electronics” kompaniyasining innovatsion texnologiyasi yordamiga tayaniladi. Sinov natijalari markazlashgan maʼlumotlar bazasida saqlanadi.

Korxona yiliga 1 million dona sovutgich ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu nafaqat yurtimiz, balki MDH davlatlari aholisini ham zamonaviy, sifatli mahsulot bilan taʼminlash imkonini beradi.

Yillik eksport hajmi 50 million dollardan ziyodni tashkil etadi. Maishiy sovutgichlar zamonaviy dizaynga, “No frost”, masofaviy “smart” boshqaruv tizimiga egaligi, energiya tejamkorligi, yuqori kuchlanishga qarshi himoya tizimining mavjudligi bilan ajralib turadi.

– Sobiq aviasozlik zavodi toʻxtab, qarovsiz qolib ketgan edi. Keyingi yillarda undan foydalanish boʻyicha koʻrgan choralarimiz asta-sekin oʻz natijasini berayapti. Bulardan maqsadimiz – odamlarni ishli qilib, oylik berish, raqobatbardosh mahsulot chiqarib, eksport qilish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sovutgichlardan foydalanish yoʻriqnoma-kitobchasida “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” degan yozuv turli tillarda muhrlangan. Bu esa yurtdoshlarimizda faxr hissini uygʻotadi.

 

Ziyodulla JONIBEKOV, Ulugʻbek ASROROV, OʻzA muxbirlari