Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni geologiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga shu yil yanvar oyidagi Murojaatnomasida har yili ilm-fanning bir nechta yoʻnalishiga ustuvor ahamiyat qaratilib, ular jadal rivojlantirilishini taʼkidlagan edi. Joriy yilda geologiya sohasi ana shunday yoʻnalishlardan biri etib belgilangan.
Shu maqsadda Prezidentning 4 ta qarori qabul qilindi. Ularning ijrosi doirasida sohani modernizatsiya qilish va raqamlashtirish, geologik qidiruv koʻlami va samaradorligini oshirishga erishilmoqda.
– Oʻzbekistonda yangi geologiya tizimi yaratilmoqda. Uni rivojlantirishdan maqsad – tabiiy resurslarni xalqimiz manfaatiga yoʻnaltirish, ish joylari tashkil etib, odamlarni boy qilish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Birinchi navbatda geologik ilm-fanni tiklash va zamonaviy kadrlar tayyorlashga zamin yaratildi. Xususan, Geologiya fanlari universiteti tashkil etilib, uning tarkibiga 4 ta ilmiy-tadqiqot instituti birlashtirildi.
Zamonaviy burgʻulash va laboratoriya uskunalari olib kelindi. Buning natijasida burgʻulash unumdorligi 2019-yilga nisbatan 25 foiz oshdi. Jumladan, rudadagi elementlarni aniqlash koʻlami 40 tadan 63 tagacha koʻpaydi.
Yil boshidan buyon 150 ta yangi kon davlat balansiga olindi. Oltin, kumush, uran, mis, molibden resurlari va zaxiralari koʻpaydi. Jumladan, Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi Kuljuktov hamda Auminzotov togʻlari hududida 3 ta oltin, Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon tumani hamda Jizzax viloyati Arnasoy tumanida 2 ta uran koni aniqlandi.
Shuningdek, 32 ta geologiya-kon zaxirasi xalqaro JORC standartlariga oʻtkazildi.
Qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida 155 ming gektar maydonda tezkor gidrogeologik izlanishlar olib borildi. Suv tanqis hududlarda sutkasiga qoʻshimcha 90 ming kubometr taʼminlaydigan suv zaxiralari tasdiqlandi.
Tadbirda Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisining hisoboti eshitildi. 20 ta yangi konga onlayn auksionda, ochiq va shaffof tarzda salohiyatli xorijiy investorlarni jalb etish jarayonining borishi koʻrib chiqildi.
Sohadagi ishlar natijadorligini oshirish, qonunchilik bazasini mustahkamlash hamda investitsiya salohiyatini yana-da kengaytirish boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari kelgusi yili geologiya-qidiruv ishlarini 2 barobar kengaytirib, yangi istiqbolli maydonlarni aniqlash, sohaga zamonaviy laboratoriya texnikalarini joriy qilishni jadallashtirish muhimligini taʼkidladi.
Geologiya qoʻmitasiga sanoat kooperatsiyasi asosida yangi konlarni qidirish, topilgan resurslarni oʻzlashtirish uchun xususiy sektorga berish amaliyotini yana-da keng qoʻllash boʻyicha topshiriq berildi.
Namangan tajribasi asosida har bir hududda geologik, ayniqsa, gidrogeologik qidiruvlar boʻyicha doimiy ekspeditsiyalar tashkil etish zarurligi aytildi.
Foydalanishga berilgan yer qaʼri uchastkalarini oʻzlashtirish samaradorligini oshirish, ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish yuzasidan koʻrsatmalar berildi. Mutasaddilarga belgilangan chora-tadbirlar boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.