Moʻynoqda yangidan barpo qilinayotgan aeroportga ilk bor Aerobus A-320 samolyoti kelib qoʻndi. “Toshkent – Moʻynoq” yoʻnalishi boʻyicha yoʻlovchilarni olib kelgan samolyot reysi sinov qoʻnishi tariqasida amalga oshirildi.
Aeroportda amalga oshirilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlari loyihalashtirish ishlari bilan bir vaqtda amalga oshirilmoqda.
Aeroportning uchish-qoʻnish yoʻlagini qurish ishlari Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tomonidan olib borilmoqda. Yangi terminal binosini qurish va aeroport atrofini oʻrash ishlari esa “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan amalga oshirilmoqda.
Moʻynoq aeroportini rekonstruksiya qilish ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-yanvardagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Loyihaning umumiy qiymati – 300 milliard soʻm.
Obyektning 2,3 kilometr uzunlikdagi uchish-qoʻnish yoʻlagi, harakatlanish yoʻlaklarini va perronni qurish ishlari uchun 100,9 milliard soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan.
Hozirda aeroportning uchish-qoʻnish yoʻlagi, xarakatlanish yoʻlagi va perronda tuproq ishlari, qum-shagʻal aralashmasini yotqizish va asfaltobeton koplamasini yotqizish ishlari toʻliq yakunlandi.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ mablagʻlari evaziga aeroport chegarasiga 9 kilometr uzunlikdagi toʻsiqlar oʻrnatish va 50 ta yoʻlovchiga moʻljallangan terminal qurish ishlariga 16 milliard soʻm ajratilishi rejalashtirilgan. Hozirga qadar obyektning fasad qismi, tom qismi toʻliq bitkazilgan.
Shuningdek, signal chiroqlari va radiolokatsiya uskunalari uchun 60 milliard soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan boʻlib “Oʻzbekiston havo yoʻllari” kompaniyasi tomonidan Germaniyaning “Protec Automation GmbH” kompaniyasi bilan uskunalarni oʻrnatish hamda ishga tushirish boʻyicha shartnoma tuzilgan.
Eslatib oʻtamiz, Moʻynoq aeroporti ilk bor 1947-yilda qurilgan. 3-darajali “Moʻynoq” aerodromi An-24, Yak-40 kabi yengil samolyotlarni, shuningdek barcha turdagi vertolyotlarni qabul qilgan.
Oʻtgan asirning 90-yillarigacha Moʻynoq shahri orolda joylashganligi bois unga avtotransportlar qatnamagan.
1960-yillardan 90-yillarning boshlarigacha aerodromda An-2 samolyotlari bazasi joylashdi. Qoʻngʻirot, Nukus, Urganch, Taxtakoʻpir, Qozoqdaryo, Aspantay, Tulei aholi punktlari bilan kuniga 19 tagacha yoʻlovchi reyslari amalga oshirildi. Toshkentdan ham haftasiga 3-marta samolyot qatnagan.
90-yillardan boshlab dengiz suvi qurib ketgandan keyin Moʻynoq aeroporti aeronavigatsion ishlarni amalga oshirish uchun, xususan, Orolning janubiy mintaqasida chigirtka oʻchoqlariga qarshi kurashish uchun agrokimyoviy tadbirlar uchun qoʻnish joyi sifatida ishlatilgan.
Ye.Qanoatov, OʻzA