Mahalliylashtirishni kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha vazifalar belgilandi

Shavkat Mirziyoyev Bektemir tumanidagi “Cooperation LAB” markazining oʻzida hududlarda sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishni kengaytirish masalasi boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Hozirda mamlakatimiz sanoatida lokalizatsiyalashgan mahsulot hajmi atigi 4 foizni tashkil etmoqda. Shu bois mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlashga doir Prezident qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, endi davlat xaridlarida yurtimizda tayyorlangan mahsulotlarga ustuvorlik berilib, ishlab chiqarish yana-da ragʻbatlantiriladi. Jumladan, tenderda ikkitadan koʻp oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchi mavjud boʻlganda, faqat ularning mahsuloti qatnashadi. Shuningdek, mahalliy mahsulotlarga import tovarlarga nisbatan 15 foizlik narx preferensiyasi beriladi. Bundan buyon byudjet hisobidan amalga oshiriladigan barcha xaridlarda mahalliy hokimiyat vakillari bevosita ishtirok etadi.

Yigʻilishda shu kabi imkoniyatlarni ishga solib, lokalizatsiya va kooperatsiyani rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Masalan, avtomobil sanoatida import qilinayotgan 1 ming 712 turdagi butlovchi qismlarni yurtimizda ishlab chiqarib, valyuta xarajatlarini kamida 150 million dollarga kamaytirish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi. Ushbu mahsulotlarni oʻzlashtiruvchi hududiy korxonalarni aniqlab, ularda yuqori qoʻshilgan qiymat yaratish vazifasi qoʻyildi. Avtomobillar tannarxini kamaytirib, bozorda raqobatbardoshligini oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Qishloq xoʻjaligi uchun kichik mexanizatsiya, uskuna va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish uchun talab ham, imkoniyatlar ham yetarli. Masalan, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Fargʻona viloyatlaridagi toʻla quvvatda ishlamayotgan korxonalar va servis bazalarida 120 dan ortiq turdagi ehtiyot qismlar ishlab chiqarish mumkin. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi texnikalariga sifatli xizmat koʻrsatadigan xususiy servis korxonalari tashkil etish va ushbu sohada mutaxassis tayyorlash kerakligi qayd etildi.

Elektr texnikasi, avtomobil sanoati va qishloq xoʻjaligi oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini chuqurlashtirish masalalari tahlil qilinib, tegishli vazifalar belgilandi.

– Tarmoqlar va hududlar oʻrtasida oʻzaro kooperatsiya boʻlmas ekan, qoʻshilgan qiymat zanjirini va yangi industrial taraqqiyotni tasavvur ham qilib boʻlmaydi, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilishda tarmoq rahbarlari va viloyat hokimlari hisobot berdi.

 

O’zA