Prezident Bektemir tumani faollari bilan uchrashdi

Bektemir tumani Toshkent shahri sanoatining 10 foizini taʼminlaydi. Joriy yilning oʻtgan davrida bu yerda sanoat mahsuloti 9 foizga, xizmat koʻrsatish 8 foizga, eksport 11 foizga oʻsgan.

Uchrashuvda tumanda yangi “oʻsish nuqtalari”ni topish va aholi hayotini yaxshilash borasidagi rejalar aytib oʻtildi.

Masalan, Bektemir tumaniga Toshkent viloyatining Oʻrtachirchiq va Yuqorichirchiq tumanlaridan jami 1 ming 639 gektar yer oʻtkaziladi. Natijada tuman hududi 3 ming 472 gektarga yetadi. Buning hisobiga yangi sanoat va xizmat koʻrsatish obyektlari barpo etish, minglab ish oʻrinlari ochish imkoniyati yaratiladi.

Yaqin uch yilda tumanda umumiy qiymati 3,3 trillion soʻmlik 61 investitsiya loyihasi amalga oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, joriy yilda 52 ta shunday loyiha ishga tushirilib, 2 ming 700 dan ziyod yangi ish oʻrni yaratilishi moʻljallangan.

Tumanda ishsizlik darajasi 3,3 foiz, shu jumladan, ayollar orasida 1,7 foiz, yoshlar oʻrtasida 1,5 foiz ekani qayd etildi. Maktabgacha taʼlim muassasalari yetishmasligi, qator mahallalarda ichki yoʻllar holatining yomonligi, kommunal tizimlarda ham kamchiliklar borligi koʻrsatib oʻtildi.

Yoshlar va xotin-qizlar bandligini oshirish, kambagʻallikni kamaytirish, uy-joyga muhtoj oilalarga uy ajratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Xizmat koʻrsatish sohasini keskin rivojlantirish, yangi ijtimoiy obyektlar barpo etish, kommunal tarmoqlarni qurish va taʼmirlash, uy-joy fondini kuz-qish mavsumiga tayyorlash masalalariga toʻxtalib oʻtildi.

Davlatimiz rahbari mahalla raislari, yoshlar yetakchilari bilan muloqot qildi.

 

O’zA