5 oylik karantindan soʻng “Damas” va mikroavtobuslar ham harakatlanadigan boʻldi

Qoraqalpogʻistonda 5 oylik karantidan soʻng shahar ichi, shahar atrofi va shaharlararo yoʻnalishlarda “Damas”, “Gazel” rusumli yoʻlovchi tashishga moʻljallangan yoʻnalishli transportlar faoliyatiga ruxsat berildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Transport vazirligining xabar berishicha, bu kabi yoʻlovchi tashuvchi jamoat transport vositalari 17-avgust kunidan boshlab Qoraqalpogʻiston hududida harakatlanishi mumkin.

Jamoat transportlarining faoliyatini qayta tiklashda quyidagi qoidalarga qatʼiy amal qilish talab qilinadi:

– Avtokorxona tomonidan avtotransport vositasini har bir qatnash (reys) oldidan va oxirgi bandargohda, shuningdek, avtoshaxobchalarda toʻla dezinfeksiya qilish;

– Transport boshqaruvchilarni tibbiy niqob va qoʻlqoplar bilan taʼminlash hamda ularni doimiy ravishda oʻz vaqtida almashtirib borish;

– Salonga faqat tibbiy niqobdagi yoʻlovchilarni kiritish;

“Damas” va mikroavtobuslarning oldingi oʻrindigʻiga yoʻlovchlarning minishiga ruxsat etilmaydi.

 

E.Qanoatov, OʻzA