Xalqaro forum ishtirokchilari diqqat markazida – dunyo yoshlari muammolari

12-avgust kuni “Yoshlar 2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusida inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumi oʻz ishini boshladi.

Mazkur tadbir Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan eʼlon qilingan Xalqaro yoshlar kuniga toʻgʻri kelganida oʻziga xos ramziy maʼno bor. Zero, xalqaro anjuman yoshlar huquqlarini targʻib qilishning dolzarb masalalariga bagʻishlangan. Koronavirus pandemiyasi tufayli anʼanaviy Samarqand forumi bu gal onlayn tarzda oʻtkazilmoqda.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, BMTning mamlakatimizdagi agentliklari, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Fridrix Ebert jamgʻarmasi tadbir tashkilotchilari hisoblanadi.

33.jpg

Anjuman ishida qator nufuzli xalqaro tuzilmalar vakillari, taniqli olimlar va ekspertlar, Oʻzbekiston Respublikasi parlamenti huzuridagi Yoshlar parlamentlari, Yoshlar ishlari agentligi, shuningdek, mamlakatimizning barcha hududlaridan 30 dan ziyod yoshlar tashkiloti vakillari, oʻquvchi-talabalar ishtirok etmoqda.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, BMTning Narkotik moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash boʻyicha boshqarmasi mintaqaviy vakili, BMT doimiy vakili vazifasini bajaruvchi Ashita Mittal forumni kirish soʻzi bilan ochdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumi ishtirokchilariga tabrigini Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva oʻqib eshittirdi.

7 (2).jpg

BMT, YUNESKO, Parlamentlararo ittifoq, YEXHT, Osiyo Parlament assambleyasi, MDH, SHHT singari koʻplab nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari va yuqori darajadagi vakillar anjuman qatnashchilarini qutladi.
Forumning birinchi yalpi majlisida yoshlar huquqlari boʻyicha xalqaro standartlarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi. YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon Makgregor va tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Sherzod Asadov boshqargan ushbu sessiyada yoshlar huquqlari sohasidagi mavjud xalqaro-huquqiy vositalar va mexanizmlar koʻrib chiqildi.
Bugun yoshlar dunyodagi jami aholining katta qismini tashkil etadi. Ularning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, fuqarolik, siyosiy huquqlarini himoya qilish va amalga oshirishni taʼminlash uchun yana-da koʻproq harakat qilish lozim.

26.jpg

Afsuski, sohada majburiy mazmunga ega muayyan xalqaro hujjat haligacha qabul qilinmagan. Bu yoshlarga oid davlat siyosatining zamonaviy qonunchilik bazasini shakllantirish jarayonini murakkablashtirmoqda. Shu bilan birga aholining yoshlar qismiga kimlar mansubligini aniqlash boʻyicha xalqaro mezonlarni ishlab chiqish zarurati ham dolzarb.
Forum ishtirokchilari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan xalqaro tashabbuslar doirasida ishlab chiqilgan Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiya loyihasini muhokama qildilar. Mazkur konvensiya yangi va oʻta muhim hujjat sifatida yoshlarning hozirgi zamonda dunyo miqyosida eʼtirof etilishi zarur boʻlgan huquqlarini oʻzida aks ettirgan.
Asosiysi, konvensiyada “yoshlar siyosati” tushunchasi mohiyatiga hayotning turli soha va tarmoqlari – davlat va xususiy sektor, shuningdek, nodavlat tashkilotlarning yoshlarga qaratilgan faoliyatiga doir siyosat sifatida keng maʼno singdirilgan.

3 (2).jpg

Anjumannnig ikkinchi yalpi majlisida yoshlar huquqlari va barqaror rivojlanish maqsadlari diqqat markazida boʻldi. Sessiyani BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska va “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov boshqardi.
Qizgʻin munozaralar doirasida BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda yoshlarning roli qanday boʻlishi kerak, degan savolga javob izlandi. Shuningdek, yoshlar huquqlarini amalga oshirishda uchrayotgan asosiy muammolar atroflicha tahlil qilindi.
Samarqand forumi 13-avgust kuni oʻz ishini davom ettiradi.

29.jpg

 

Gʻ.XONNAZAROV, A.ABDULLAYEV (surat), OʻzA