Davlatimiz rahbari iqtisodiyotda chuqur transformatsiya jarayonlari, qulay investitsiya va biznes muhiti hamda sanoatda yuqori qo‘shilgan qiymatni yaratish izchil davom ettirilishini ta’kidlab, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Beshinchi yo‘nalish: transport infratuzilmasini rivojlantirish. O‘zbekiston qulay va zamonaviy transport tizimlarini yaratish vazifasiga ustuvor e’tibor qaratmoqda.

Temir yo‘l sohasida tub islohotlar olib borilmoqda, tarmoqqa xususiy investorlarni jalb etish uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda. Pullik avtomobil va tezyurar temir yo‘llarni qurish bo‘yicha qo‘shma loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Toshkent, Buxoro va Urganch xalqaro aeroportlarini rivojlantirish va yangilarini qurish bo‘yicha salohiyatli xorijiy investorlar bilan hamkorlik loyihalari tayyorlanmoqda.

Ma’lumki, xorijiy sheriklar bilan birgalikda Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston va O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston temir yo‘llarini qurish bo‘yicha dastlabki ishlar boshlandi. Ushbu strategik loyihalar mintaqadagi geoiqtisodiy vaziyatni butunlay o‘zgartirib, Markaziy Osiyoni Shimol va Janub, Sharq va G‘arb bilan bog‘laydigan global tranzit markaziga aylantiradi.

O‘zbekiston investorlarni va xalqaro tashkilotlarni bu yirik mintaqaviy loyihalarda qatnashishga, Buyuk ipak yo‘lini zamonaviy asosda qayta tiklashga taklif qiladi.

O‘zA