Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezidentlar muzokaralar o‘zaro anglashuv, ochiqlik va samimiyat ruhida, ishchan kayfiyatda o‘tganini, erishilgan kelishuvlar ikki xalq manfaatlariga xizmat qilishini ta’kidladilar. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston Prezidentining birinchi tashrifi chog‘ida imzolangan hujjatlar xalqlarimizning talab va istaklaridan kelib chiqib qabul qilingani, ular mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim omil bo‘lishini qayd etdi.
Soorаnbаy Jeenbekov erishilgan kelishuvlar xalqlarimiz kutgan voqea bo‘lganini, o‘zaro munosabatlar tarixida qoladigan shunday xayrli ishlarga hissa qo‘shganidan mamnun ekanini ta’kidladi.
Ma’lumki, Qirg‘iziston Respublikasi sobiq prezidenti Almazbek Atambayev ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidagi ulkan xizmatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni «Danaker» ordeni bilan mukofotlagan edi. Qirg‘izistonning oliy mukofotlaridan bo‘lgan ushbu orden xalqlar o‘rtasida tinchlik, do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga, millatlararo totuvlikni saqlashga, ilm-fanni rivojlantirishga, milliy madaniyatlarni yaqinlashtirish va boyitishga katta hissa qo‘shgan insonlarga beriladi.
Qirg‘izlarda “Ikki kishi gunohkor bo‘lsa, bir kishi danaker” degan gap bor. Ya’ni ikki kishi o‘rtasidagi mojaroni hal etuvchi bir kishi bo‘ladi. Davlatimiz rahbariga bunday mukofot berilishi uning O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlarini ravnaq toptirish, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni kengaytirish yo‘lidagi xizmatlarining yuksak e’tirofidir.
Ko‘ksaroy qarorgohida Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronboy Jeenbekov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga «Danaker» ordenini tantanali ravishda topshirdi.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Soorаnbаy Jeenbekovning mamlakatimizga rasmiy tashrifi davom etmoqda.