2018-yil 1-yanvardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining tumanlar va shaharlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha hudud rahbarlari faoliyatini baholashning yangi mezoni amalga tatbiq etiladi. Bunda baholash ikki qismdan iborat bo‘ladi. Birinchisi, rasmiy statistik hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalariga va Virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.

Rasmiy statistik ma’lumotlar ijtimoiy soha, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi sohasi, kommunal xo‘jaligini tashkil qilish va uy-joy masalalari, huquq-tartibot sohasidagi ko‘rsatkichlarni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-avgustdagi «Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq shahar va tumanlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha tashkil etilgan sektorlar rahbarlari tomonidan uyma-uy yurish, xalq bilan muloqot, aholi tomonidan ko‘tarilgan muammolarni yechish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarning samaradorligi ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga oladi.

Tizimdagi mezon-indikatorlarni baholash bo‘yicha maksimal ko‘rsatkich 100 ballni tashkil etadi.

Bunda rasmiy statistik ma’lumotlar bo‘yicha maksimal 80 ball, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalariga va Virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha maksimal 20 ball bilan baholanadi.

Hisobot davri sifatida har chorak olinadi va chorak yakuni bo‘yicha yagona ko‘rsatkichning o‘zgarish dinamikasi orqali tegishli hududdagi rahbarning faoliyatiga asoslangan baho beriladi.

Baholash natijalari o‘rnak ko‘rsatgan sektorlar rahbarlari va davlat organlarining mansabdor shaxslari va xodimlarini rag‘batlantirish yoki yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchiliklari uchun ularni lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan jazo choralarining qo‘llanilishida foydalanilishi mumkin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining tumanlar va shaharlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha hudud rahbarlari faoliyatini baholash tizimi to‘g‘risidagi Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 8 dekabrdagi «Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining tumanlar va shaharlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha hudud rahbarlari faoliyatini baholash mezonlarini joriy etish to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan.

 

O‘zA