O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Markaziy Osiyo kurash federatsiyasi matbuot anjumani o‘tkazdi.
Unda Markaziy Osiyo kurash federatsiyasiga a’zo bo‘lgan davlatlar – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston kurash federatsiyalari rahbarlari hamda vakillari, murabbiylar, sportchilar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Anjumanda Markaziy Osiyo kurash federatsiyasi raisi X.Muborakov va boshqalar o‘zbek kurashi tobora ravnaq topayotgani, o‘sib kelayotgan yosh avlodning nafaqat jismonan baquvvat, balki ma’nan yetuk bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qilayotgani, ularda mardlik, jasurlik, fidoyilik, vatanparvarlik fazilatlarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Kurashni yanada rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 2-oktabrdagi “Kurash” milliy sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazkur sport turining jahondagi nufuzini yanada oshirish va sportchilarimiz xalqaro miqyosdagi musobaqalarga har tomonlama puxta tayyorlanishi va munosib ishtirok etishida muhim omil bo‘layotir.
– Kurash falsafasi, mohiyati va uning jozibasi xalqaro ko‘lamda ommalashmoqda, – deydi Markaziy Osiyo kurash federatsiyasi raisi o‘rinbosari Nurxon Osmonaliyev (Qirg‘iziston). – Kurash hozirgi kunda jadal ommalashayotgan sport turlaridan biridir. Qirg‘izistonda ham kurashni yanada rivojlantirish va nufuzli musobaqalar o‘tkazish bo‘yicha ko‘plab ishlar qilinmoqda.
Anjumanda kelgusi yil o‘tkaziladigan musobaqalar haqida ma’lumot berildi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston kurash federatsiyalari rahbarlarining hisoboti tinglandi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.