Maʼlum boʻlishicha, COVID-19 virusi ushbu kasallikni boshidan kechirgan kishilar oʻpkasiga jiddiy ziyon yetkazarkan. Bunday xavf nimalardan iborat ekani va zararlangan oʻpkani qanday qilib tiklash mumkinligi xususida rossiyalik taniqli shifokor Aleksandr Karabinenko oʻz fikrlarini bildirdi.
“COVID-19 koronavirusi insonning nafas tizimi ishini qiyinlashtiradigan, oʻpkani jarohatlaydigan xastalik hisoblanadi. Hozir yer yuzida mazkur virusga chalingani aniqlanganlar soni 7 milliondan oshib ketdi, ulardan 3 millioni tuzaldi. Afsuski, sogʻaygan bemorlarda boshqa turli muammolar paydo boʻlyapti”, – deydi N.I.Pirogov nomidagi Rossiya Milliy tibbiy tadqiqot universiteti professori, Xizmat koʻrsatgan shifokor, pulmonolog Aleksandr Karabinenko.
«Koronavirus infeksiyasini yengib oʻtgan oʻpkada, xuddi pnevmoniyaning ogʻir shakli, oʻpkaning surunkali obstruktiv kasalligi tez-tez xuruj qilishi, interstitsial xastaliklar singari boshqa yalligʻlanish kasalliklaridan soʻng yuz bergani kabi fibroz oʻzgarishlar kuzatiladi. Bunday bemorlarda uzoq vaqt tiklanishni talab etadigan tizimli oʻzgarishlar kechadi», — deydi mutaxassis.
Oʻpkaning “COVID-19”dan keyingi tiklanish jarayoni 2009-yilda kuzatilgan global pandemiya – N1H1grippi asoratlariga oʻxshab ketarkan. Karabinenko odamlar oʻsha davrda qanday oʻzlariga kelishgani va buni hozir qay tarzda amalga oshirish mumkinligi haqida ham maslahat berdi.
“Nafas gimnastikasi va quvvatlantiruvchi rejim man etilmaydi. Bunday muolajalarni “COVID-19”dan sogʻayganlar ziyon yetgan organni tizimli ravishda tiklash uchun qoʻllashi mumkin, faqat buni har kim oʻz jismoniy imkoniyatidan kelib chiqib bajarishi lozim. Holatni qanday qilib yaxshilash mumkin? Buning uchun faqat maʼlum bir vaqt kerak. Masalan, N1H1 choʻchqa grippidan keyingi fibroz jarohatlar bitishi uchun bir yarim-ikki yil talab etilgan. Ayrimlarda esa oʻpka faoliyati haliyam toʻliq tiklanmagan”, — deya qoʻshimcha qilgan pulmonolog.
OʻzA