O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on o‘rtasida Turkiya tomonining tashabbusi bilan 2017-yil 11-dekabr kuni telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati xabar qilishicha, muloqot avvalida Turkiya Prezidenti davlatimiz rahbarini mamlakatimizda tarkibiy o‘zgarishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha qo‘lga kiritilgan amaliy natijalar bilan samimiy muborakbod etdi.
O‘zbekiston Prezidenti mamlakatimizda davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida barqaror va yuksak taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan siyosatni yuqori baholagani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Muloqotda davlat rahbarlari joriy yil oktabr oyida Turkiya Respublikasiga oliy darajadagi tashrif yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuv va bitimlarni amalga oshirish muhimligini alohida ta’kidladi.
Savdo-iqtisodiy, texnologik, moliya-sarmoyaviy, transport, turizm va madaniyat sohalaridagi qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish borasida o‘zaro samarali aloqalarni davom ettirish zarurligi qayd etildi.
Prezidentlar, shuningdek, Istanbul shahrida bo‘lib o‘tadigan Islom hamkorlik tashkilotining navbatdan tashqari sammiti kun tartibidagi masalalar, jumladan, mintaqaviy va xalqaro siyosatning boshqa dolzarb masalalari bo‘yicha fikr almashdilar.