Boʻzatovda naslli mollar soni ortmoqda

Oʻtgan yili Qoraqalpogʻistonda chorvachilikni rivojlantirish maqsadida tashkil qilingan Boʻzatov tumaniga olib kelingan simmental va golshteyn naslli mollari soni koʻpaya boshladi. “Yerkindarya sharua” fermer xoʻjaligidagi naslli ikkita sigir bolaladi.
– Fermer xoʻjaligimizga 25 ta golshteyn, 25 ta simmental naslli mollarini olib kelganmiz. Xoʻjaligimizda hozirda 10 dan ortiq kishi ish bilan band. Mollarni iqlimimizga moslashtirish maqsadida ochiq va yopiq qoʻra qurdik. Yoz issiq boʻlishini hisobga olib, yozgi qoʻrada tepadan suv purkagich qurdik. Qishda yopiq qoʻraga oʻtkaziladi. Yangi tugʻilgan ikkita buzoqning holati yaxshi. Endi bu yogʻiga boshqalari ham bolalay boshlaydi, – deydi xoʻjalik rahbari Abatbay Danjanov. – Mollarning eng xavfli dushmani kana hisoblanadi. Kana bosmasligi uchun qoʻra tez-tez dezinfeksiya qilinmoqda.
Mollarning ozuqasi uchun fermer xoʻjaligi tasarrufidagi yer maydonida beda oʻsimligi yetishtiriladi. Bedani bir yilda 3-4-marta oʻrib olish mumkin. Yem uchun asosan bugʻdoy kepagi beriladi. Bitta naslli mol 3 ta mahalliy sigirning mahsulotini berishi mumkin. Golshteyn sigirlari sut, simmental sigirlari esa goʻsht mahsulotlarini yetishtirish maqsadida boqilmoqda. Masalan, mahalliy sigirlar kuniga 10 litr sut bersa, naslli mol 30-35 litrgacha sut beradi, mahalliy buqalar nari borsa 300-350 kilo goʻsht bersa, simmental sigirlari 1 tonnagacha salmoq bosadi va kam yogʻli boʻladi.
Simmental mollarining yangi tugʻilgan buzoqlari 35-45 kilo, 6 oyligida 190-200 kilo vaznga ega boʻladi. Yosh mollarni parvarishlashda va boʻrdoqilashda kuniga oʻrtacha 800-1100 grammdan semiradi. Novvoslarning soʻyim chiqimi 56-58 foizga, boʻrdoqilangan katta yoshdagi mollarniki esa 64 foizgacha boradi.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yili hududda chorvachilikni rivojlantirish maqsadida Boʻzatov tumani qayta tashkil qilinib, unga Kegeyli tumanining “Qusqanatov”, “Yerkindarya”, “Aspantay” ovullari, “Boʻzatov” shaharchasining hamda Chimboy tumani “Koʻk-suv” ovulining hududlari birlashtirilgan edi.

 

Ye.Qanoatov, M.Habibullayev (surat), OʻzA