Deputatlar yana-da faol boʻlishi darkor

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Qonuniylik, sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari hamda Ijtimoiy-madaniy rivojlanish va jamoat birlashmalari qoʻmitalarining qoʻshma yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 26-may kuni investitsiya masalalari muhokamasiga bagʻishlanib oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida mamlakatimizda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida alohida toʻxtalib oʻtildi. Pandemiyaning iqtisodiyotga taʼsirini yumshatishga qaratilgan 16 ta hujjat qabul qilinganligiga qaramasdan, joylarda ushbu qarorlar ijrosi yetarlicha taʼminlanmayapti.
Imtiyozlar va yaratilayotgan sharoitlar boʻyicha tushuntirish ishlari fuqarolar hamda tadbirkorlarga manzilli yetib bormayapti. Shu nuqtayi nazardan, Oliy Majlis palatalari joylarda xalq deputatlari kengashlari bilan birga pandemiyaga oid Prezident qarorlari va topshiriqlari ijrosi yuzasidan parlament va kengashlarning taʼsirchan nazoratini yoʻlga qoʻyish zarurligi qayd etildi.

Darhaqiqat, bu borada qabul qilingan qonun hujjatlarini takomillashtirish va aholining huquqiy savodxonligini oshirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. Bunda deputatlar faolligini taʼminlash, tuman va shahar Kengashlaridagi doimiy komissiyalarning faoliyatini koʻchaytirish, pandemiyaga oid Prezident qarorlari va topshiriqlarining mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalari orqali keng targʻib qilish, karantin sharoitida aholi bilan onlayn uchrashuvlar, videoaloqa orqali muhokamalarni tashkil etish boʻyicha vazifalar belgilab olindi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA