Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, yirik loyihalar bilan tanishish maqsadida 5-6-iyun kunlari Fargʻona viloyatida boʻldi.
Tashrifning ikkinchi kuni Fargʻona shahrida viloyat va tuman hokimlari, soha va tarmoqlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari bilan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Davlatimiz rahbari xalq bilan ochiqcha gaplashib, muammolarni birgalikda hal etish, odamlarning ogʻirini yengil qilish maqsadida kelganini taʼkidladi.
– Men qisqa, sizlar koʻproq gapirsalaringiz toʻgʻri boʻladi. Maqtov kerak emas. Prezidentga eng katta maqtov – bu xalq ishonchi. Hali endi birinchi qadamlarni qoʻyayapmiz. Kelib, qarsak eshitib ketish mengayam oson. Lekin bundan natija boʻlmaydi. Tumanlarga oʻzim borishimning sababi – odamlarning yashash sharoitlarini yuragimdan oʻtkazib, aniq choralar koʻrish, islohotlar uzoq-uzoq joylarda ham natija beryaptimi, quyi tizimdagi rahbarlar sadoqat bilan, jon kuydirib ishlayaptimi, degan savollarga javob topish. Har kuni bunday uchrashuv boʻlmaydi. Achchiq-achchiq masalalarni qatʼiy qoʻyinglar, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari oʻtgan hafta Soʻx tumanida boʻlgan voqealarga ham toʻxtalib, munosabat bildirdi.
– Keyingi yillarda qoʻshni davlatlar bilan chegaradosh joylardagi koʻp muammolarni hal qilishga erishdik. Soʻxdagi voqealar qirgʻiz xalqi bilan doʻstligimizga, bordi-keldimizga, rejalarimizga taʼsir qilmasligi kerak. Vazmin, sabr-toqatli, mehr-oqibatli boʻlishimiz zarur. Qoʻshnichilik – ming yilchilik. Xalqlarimiz yelkadosh boʻlib, bir-birini hurmat qilib yashashi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bosh vazir rahbarligida Hukumat komissiyasi tomonidan muammolar oʻrganilib, keng qamrovli takliflar tayyorlangan. 2020-2022-yillarda Soʻx tumanini kompleks rivojlantirishga 500 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirish belgilangan. 11 ming yangi ish joyi tashkil etish rejalashtirilgan.
98 loyiha amalga oshirilib, sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohalari rivojlantiriladi. Jismoniy shaxslar yer va mol-mulk soligʻidan ozod etilib, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun daromad soligʻi stavkasi 2 barobar kamaytiriladi. 1 ming gektar ekin yerlarida suv taʼminoti yaxshilanadi.
Tuman tibbiyot birlashmasi boʻlimlari, yuqumli kasalliklar shifoxonasi, markaziy shifoxona tibbiy asbob-uskunalar va maxsus reanimobil bilan taʼminlanadi. Maktablar, qishloq vrachlik punktlari, yoʻllar va ijtimoiy obyektlar taʼmirlanadi.
Soʻxlik yoshlar uchun vodiy viloyatlaridagi oliy taʼlim muassasalarida 2020/2021 oʻquv yilida davlat granti asosida maqsadli ravishda qoʻshimcha 500 ta oʻrin ajratiladi.
Mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish, odamlarni ish bilan taʼminlash, daromadini oshirish boʻyicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Yigʻilishda bu borada Fargʻonada ham keng koʻlamli saʼy-harakatlar boshlangani, viloyatdagi 43 mingdan ziyod oilani yil yakuniga qadar kambagʻallikdan chiqarish maqsad qilingani qayd etildi.
Xususan, kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik va oʻzini oʻzi band qilish orqali qariyb 14 ming oilaning oyoqqa turishiga koʻmaklashiladi. Bunday loyihalarni moliyalashtirish uchun kredit resurslari hajmini 25 foizga oshirish, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 400 milliard soʻm kredit ajratish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Investitsiya loyihalarini amalga oshirish va erkin iqtisodiy zonalar orqali 6 mingdan, qishloq xoʻjaligi sohasida 17 mingdan ortiq oilani kambagʻallikdan chiqarish choralari koʻriladi.
Masalan, gʻalladan qisqargan 4 ming gektar, foydalanishdan chiqqan 3,5 ming gektar yerda bogʻ va tokzorlar tashkil etiladi. Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi huzurida Dorivor oʻsimliklar ilmiy markazi tashkil etilib, 10 ming gektarda dorivor oʻsimliklar yetishtirish yoʻlga qoʻyiladi.
Irrigatsiya tizimidagi yoʻqotishlarni kamaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, buning uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 50 million dollar ajratish toʻgʻrisidagi qaror ham Fargʻona viloyati uchun katta ahamiyatga ega.
Yigʻilishda Prezidentimiz Fargʻona viloyatida “Tadbirkor –islohotchi” tashabbusini amalga oshirish kerakligini taʼkidladi.
Bugungi tahlillar, global iqtisodiy inqiroz butun dunyoga xavf solib turgan ayni paytda, mamlakatimizda bundan uch yil avval tadbirkorlikka keng erkinlik berish boʻyicha qoʻyilgan qadamlar toʻgʻri boʻlganini koʻrsatdi. Yurtimizda tadbirkorlik rivojlanmaganda, faqat davlat tashkilotlari ishlab turganda hozir ahvol nima kechardi?
“Tadbirkor – islohotchi” tashabbusi asosida soha vakillariga imkoniyatlar berilib, masʼuliyati oshiriladi. Bosh vazir oʻrinbosari, Savdo-sanoat palatasi raisi, Biznes-ombudsman, Fargʻona viloyati hokimi bir oyda ikki marta onlayn tizim orqali tadbirkorlar bilan yakkama-yakka muloqot oʻtkazib, ular faoliyatiga toʻsiq boʻlayotgan muammolarni hal qiladi. Chunki qancha imtiyoz berilmasin, sharoit yaratilmasin, pul aylanmasi, kredit olish, eksport qilish, muhandislik tarmoqlariga ulanish kabi yoʻnalishlarda baribir muammolar uchrayapti.
– Bunga kim aybdor? Mahalliy hokimiyatmi, soliqchimi, prokurormi? Yoki qonunlarimiz ishlamaydimi? Mana shu masalalarni oʻrganib, yil yakuni boʻyicha “Fargʻona tadbirkorlari – islohotchi” tajribasi davomida erishilgan natijalarni boshqa viloyatlarga ham tatbiq etamiz, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari Biznes-ombudsman uch oy Fargʻona viloyatida yurib, har bir korxona, har bir tadbirkor bilan dillashib, tillashib, soha vakillariga qonuniy kafolatlarni kuchaytirish boʻyicha tavsiyalar berishi lozimligini taʼkidladi. Uy-joylar qurish, ichimlik suvi taʼminoti va oqova tarmoqlarini yaxshilash boʻyicha ham vazifalar belgilandi.
Fargʻona tajribasi asosida “loyihalar fabrikasi”ni keng rivojlantirish, IT markazlarda oʻquv kurslari tashkil etib, yiliga 262 mingdan ziyod yoshni oʻqitish muhimligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar, iqtisodiyot tarmoqlari mutasaddilari, hokimlarning hisoboti eshitildi.
Faoliyatida sustkashlikka yoʻl qoʻygan Toshloq tumani hokimi va soliq inspeksiyasi boshligʻini vazifasidan ozod etish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Davlatimiz rahbari Fargʻona shahridagi Oʻzbekiston – Koreya xalqaro universitetida boʻldi.
Mazkur taʼlim muassasasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-avgustdagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Bu yerda taʼlim toʻlov-kontrakt asosida, ilgʻor oʻquv rejalari va dasturlari boʻyicha oʻzbek, koreys, ingliz tillarida olib boriladi.
Universitet 4000 talabani qabul qilish imkoniyatiga ega. Tugayotgan oʻquv yilida birinchi kursda 720 yigit-qiz taʼlim oldi. Janubiy Koreya Respublikasidan 11 tajribali pedagog jalb qilingan boʻlib, kelgusida 43 nafarga yetadi.
Joriy yilda mazkur xalqaro taʼlim dargohi uchun yangi bino qurildi.
Shavkat Mirziyoyev universitet rektori Pak Jun Xu va koreyalik oʻqituvchilar bilan suhbatlashdi. Oʻquv dasturi va mazmuni, yoshlarning fanlarni oʻzlashtirishi bilan qiziqdi.
Muassasada gumanitar hamda texnik-muhandislik yoʻnalishlarida taʼlim beriladi. Xususan, turizm menejmenti, maktabgacha taʼlim, menejment va kompyuterlashtirilgan buxgalteriya hisobi, koreys tili va adabiyoti fanlari oʻqitiladi. Shuningdek, mashinasozlik muhandisligi, kelajak avtomobilsozligi injiniringi, elektrotexnika va elektronika muhandisligi, arxitektura muhandisligi, kompyuter muhandisligi, energetika va kimyo muhandisligi boʻyicha malakali mutaxassislar tayyorlanadi.
– Bizda birinchi kursda umumiy fanlar oʻqitilib, maktab dasturi qaytariladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Yoshlar bir yil umrini yoʻqotib, qiziqishi soʻnib ham qoladi. Rivojlangan davlatlarda bunday emas, birinchi yildan mutaxassislik fanlariga oʻtib, amaliyotga muhim oʻrin beriladi. Natijadagi farqni hayot koʻrsatib turibdi.
Mutasaddilarga Janubiy Koreya universitetlaridagi oʻquv dasturlari va soatlarini oʻrganib, mamlakatimiz oliy taʼlim tizimini qayta koʻrib chiqish, talabalarni amaliyotga maksimal yoʻnaltirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fargʻona viloyatiga tashrifi yakunlandi.
Matnazar ELMURODOV,
Ziyodulla JONIBEKOV,
Maʼsudjon SULAYMONOV,
OʻzA maxsus muxbirlari