Yaponiyada “korona-firibgarlik” jinoyati tarqaldi

Yaponiya politsiyasi yangi paydo boʻlgan “korona-firibgarlik” jinoyatining miqyosini hisoblashga kirishdi. “Nikkey” gazetasining yozishicha, ushbu jinoyatchilik taxminan 40,28 million iyenaga (400 ming dollar atrofida) baholanmoqda.
Yaponiyaning 47 prefekturasidan 17 tasida huquq himoyachilari yangi jinoyat turi tarqalganini taʼkidlashmoqda. Mazkur jinoyat u yoki bu darajada koronavirusga aloqador boʻlib chiqmoqda.
Mart oyining boshidan to may oyining oxirigacha 45 ta shunga oʻxshash jinoyat qayd etildi. Aksariyat hollarda firibgarlar “korona”, “niqob” va boshqa soʻzlarni ishlatgan. Jinoyatchilarning qalloblik yoʻli bilan hukumat taqsimlagan kishi boshiga 100 ming iyenalik (taxminan 930 dollar) yordam pulini qoʻlga kiritishga urinish hollari koʻpaygan. Masalan, ular keksa yoshdagilarga yordam pulini rasmiylashtirib berish bahonasida ularning bank kartochkalarini qoʻlga kiritmoqdalar, deyiladi mazkur xabarda.

 

OʻzA