Deputat 30 ta oilaga koʻmaklashdi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesidagi OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi Duysenboy Utambetov muborak Ramazon hayiti bayrami munosabati bilan Nukus tumanidagi “Kerder”, “Qirantov”, “Arbashi” ovuli, “Oqterak”, “Qutankoʻl” mahalla fuqarolar yigʻinlari hududidagi yordamga muhtoj, boquvchisini yoʻqotgan, nogiron, kam taʼminlangan 30 ta oilaga koʻmaklashdi.

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 27-apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida“gi farmoni, avvalo mamlakatimizda savobli ishlarni amalga oshirish yoʻlida xizmat qilayotgan saxovatpesha tadbirkorlarimiz safini yana-da kengaytirib, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga, nogironligi boʻlgan shaxslar, boquvchisini yoʻqotgan aholiga koʻmak berishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.

Ayniqsa aholining yordam va koʻmakka muhtoj qatlamini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan “Saxovat va koʻmak“ umumxalq harakatining yoʻlga qoʻyilishi aholining turmush farovonligini yaxshilashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Ushbu ezgu saʼy-harakatning aynan muqaddas Ramazon oyida amalga oshirilishida katta maʼno bor.

– Muqaddas Ramazon ezgulik, mehr-oqibat saxovat oyidir, – deydi D. Utambetov. – Biz deputat va tadbirkorlar hamisha xalqimiz xizmatidamiz. Ushbu sinovli kunlarda esa bir-birimizga yelkadosh boʻlib, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam berish ham farz, ham qarz.

Deputat har oilaga oʻz hisobidan 200 ming soʻmdan, jami 6 million soʻm tarqatdi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA