Haydovchilik guvohnomasi soxta ekan

24-may kuni Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi Qozogʻiston Respublikasi bilan chegaradosh “Navoiy” chegara blok postida xizmat olib borayotgan YPX inspektorlari Oʻzbekistondan Rossiyaga yoʻl olgan yuk avtomobilini tekshirish uchun toʻxtatdi.

Avtomobilda ikkinchi haydovchi sifatida ketayotgan fuqaro M.D.ning haydovchilik guvohnomasi inspektorlarda shubha uygʻotadi.

Haydovchi bilan suhbatlashish jarayonida u haqiqatdan ham haydovchilik guvohnomasi qalbaki ekanini, Rossiyada yurganida ishga joylashish maqsadida shu hujjatni kompyuter yordamida tayyorlaganini tan oldi.

YPX inspektorlari ushbu holat yuzasidan tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib, fuqaroni ashyoviy dalillar bilan birga tuman ichki ishlar boʻlimiga topshirdi. Hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Toshkent viloyati IIBB YHXB Axborot xizmati

 

OʻzA