Maktablarda 2019-2020 oʻquv yili rasman yakunlandi. Natija qanday?

Bugun mamlakatimizdagi barcha umumtaʼlim muassasalarida 2019-2020 oʻquv yili rasman yakunlandi. Bu yil 9942 umumtaʼlim maktabida 6,12 million oʻquvchi tahsil oldi.
Yurtimizdagi koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat tufayli oʻquv yilining toʻrtinchi choragi masofadan oʻtildi. Buning uchun telekanallarda videodarslar tashkil etildi. Unda 200 dan ortiq pedagog Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda 3900 dan ziyod darsni oʻquvchilar va ota-onalar eʼtiboriga yetkazdi. Oʻquvchilarga bilim berish uchun tashkil etilgan bu jarayonni YUNESKO, YUNISEF, Jahon banki kabi xalqaro tashkilotlar alohida eʼtirof etdi.
Mazkur jarayon avvalida kamchiliklar ham uchradi. Ular oʻz vaqtida takomillashtirib borildi. Yozda telekanallar orqali oʻquvchilarga ingliz tili va zamonaviy kasb hamda koʻnikmalar boʻyicha bilim beradigan darslarni namoyish etish rejalashtirilgan.
Xalq taʼlimi vazirligi hozirgi vaziyatdan kelib chiqqan holda bosqichli nazorat va yakuniy davlat imtihonlarini oʻtkazmaslik boʻyicha qaror qabul qildi. Maktablarga oʻquvchilarning yillik baholarini istisno tariqasida joriy oʻquv yili 3 ta chorak baholari asosida chiqarish tavsiya etildi. Shu bilan birgalikda kundalik.com tizimi joriy etilgan maktablarda karantin vaqtida tirishqoqlik bilan oʻqigan oʻquvchilarni ragʻbatlantirish maqsadida 4-chorakdagi ijobiy koʻrsatkichlarni yillik baholarni hisoblashda inobatga olish tavsiya etildi.
Joriy oʻquv yili natijalariga koʻra 9-sinfni jami 490 mingga yaqin va 11-sinfni 451,3 mingdan ziyod oʻquvchi bitirdi. 9-sinf bitiruvchilarining bir qismi 2020-2021-yildan qayta tashkil etilayotgan oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida, 11-sinf bitiruvchilari esa oliy oʻquv yurtida tahsil olishni davom ettiradi. 11-sinf bitiruvchilarining bir qismi (oliy taʼlim muassasalariga qamrab olinmagan) oʻzlarining mehnat faoliyatini boshlaydi.
Bitiruvchilar 15-iyunga qadar chop etilgan shahodatnomalarning elektron shaklini oladi.
2019-yilning fevral oyida Vazirlar Mahkamasi “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari va akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibi toʻgʻrisida” nizomni tasdiqlagan edi. Nizomga koʻra, oltin medal umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik toʻgʻrisidagi aʼlo darajali shahodatnomasi mavjud boʻlgan, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10- va 11-sinflari hamda akademik litseyda barcha fanlar boʻyicha yakuniy nazorat, chorak, yillik baholari aʼlo boʻlgan, namunali xulqli, shuningdek, jamoat ishlarida faollik koʻrsatgan bitiruvchilarga berilishi belgilangan.
Kumush medal umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik toʻgʻrisidagi aʼlo darajali shahodatnomasi mavjud boʻlgan, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10- va 11-sinflarida yoki akademik litseyda barcha fanlar boʻyicha yillik baholari aʼlo boʻlgan, namunali hulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik koʻrsatgan bitiruvchilarga beriladi.
Jami 6901 oʻquvchi oltin va kumush medal sovrindorligiga daʼvogar boʻlmoqda. Ulardan 4682 nafari oltin va 2219 nafari esa kumush medal sohibi boʻlishi kutilmoqda.
Tayyorlangan shahodatnomalar, oltin va kumush medallar epidemiologik vaziyat yaxshilanib, oʻquvchilarga topshirilgunga qadar barcha xavfsizlik choralarini koʻrgan holda umumiy oʻrta taʼlim muassasasida saqlab turiladi. Karantin cheklovlari olib tashlanganidan soʻng bu medallar oʻz egalariga topshiriladi.

 

OʻzA