Hukumatning propiska qilish tartibiga oid qaroriga oʻzgartishlar kiritildi

“Oʻzbekiston Respublikasida doimiy va vaqtincha propiska qilish tartibini yana-da soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Bu haqda “Huquqiy axborot” telegram kanali xabar bermoqda.
Prezidentning PF-5984-son Farmoni bilan doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olish boʻyicha qator yangi tartibotlar belgilangan edi.
Shunga koʻra, Hukumatning propiska qilish tartibiga oid qaroriga tegishli oʻzgartishlar kiritildi.
Qarorga koʻra, propiska qilish tartibiga oid amaldagi nizom 2020-yil 1-sentyabrga qadar amal qiladi (nizomning 66-67-bandlari mazkur qaror eʼlon qilingan kundan kuchini yoʻqotadi).
Oʻzbekiston fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi (2020-yil 1-sentyabrdan kuchga kiradi).
Unga koʻra, fuqaro yangi yashash joyiga kelgan kundan eʼtiboran 15 kun ichida migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalari (MvaFRB), Davlat xizmatlari markazlari (DXM) yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali doimiy yoki vaqtincha roʻyxatdan oʻtishlari shart (hozir 10 kun muddatda).
DXMlar va YAIDXP orqali roʻyxatning 1, 6 va 7-bandlariga mansub fuqarolar doimiy roʻyxatdan oʻtishlari mumkin.
Doimiy roʻyxatga olish uchun ariza beruvchi MvaFRBga murojaat qiladi va belgilangan hujjatlarni taqdim etadi.
Fuqaro haqidagi maʼlumotlar avtomatik tarzda tegishli maʼlumotlar bazalaridan tekshiriladi.
Murojaat qilingan kunning oʻzida fuqaroning pasportiga avvalgi doimiy roʻyxatini bekor qilinganligi toʻgʻrisida shtamp bosiladi va fuqaroning xohishiga koʻra doimiy roʻyxatga olinganligi haqida QR-CODE bilan himoyalangan qayd varagʻi taqdim etiladi.
Yaʼni, roʻyxatga olishni rasmiylashtirish uchun 1 kun talab etiladi (hozirda 3 kun).

 

OʻzA