Nukus va Urganchda harbiylarning farzandlariga tavsiyanomalar berildi

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Dilshod Choriyev harbiy xizmatchilarning farzandlariga kvota asosida oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun tavsiyanomalarni tantanali ravishda topshirdi. Ana shunday tadbir Urganch garnizonida joylashgan harbiy qismda ham boʻlib oʻtdi.

Tadbirlarda harbiy xizmatchilar hamda ularning oila aʼzolari ishtirok etdi. Okrug hisobida jami 31 nafar harbiy xizmatchining farzandi tavsiyanomaga ega boʻldi. Shulardan, 20 nafari Nukus garnizonida, 11 nafari esa Urganch garnizonida xizmat burchini bajarayotgan harbiy xizmatchilarning farzandlaridir.

_U4A9688.JPG

Prezidentimizning 2018-yil 14-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari farzandlarining kvota asosida respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 462-son qaroriga muvofiq mazkur tavsiyanomalarni qoʻlga kiritgan harbiy xizmatchilarning farzandlariga topshirilmoqda.
Tavsiyanomalar mamlakat mudofaa qudratini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshgan, jangovar-xizmatda va ilmiy faoliyatda muayyan natijalarga erishgan haqiqiy xizmatni oʻtayotgan ofitser, serjant va oddiy askarlar tarkibiga mansub boʻlgan, kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarga – ular farzandlarining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun bevosita komandirlarning (boshliqlarning) tavsiyasi boʻyicha beriladi.

_U4A9654.JPG

5 foizli kvota doirasida tanlov oʻtkaziladi – harbiy xizmatchilarning farzandlari bir-birlari bilan musobaqalashadi. Abituriyent test sinovlarida qancha koʻp ball toʻplasa, reytingda shuncha yuqori oʻrinni egallaydi. Maxsus kvota boʻyicha oʻrinlarga qaraganda abituriyentlar koʻproq boʻlsa, kimdir oʻqishga kirish imkonini qoʻlga kiritmasligi mumkin. Taʼkidlash joizki, harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun byudjet oʻrinlari umumiy abituriyentlar uchun ajratilgan kvotadan alohida ajratiladi.
Bundan tashqari, harbiy xizmatni oʻtashda halok boʻlgan, shuningdek, harbiy xizmatni oʻtashda yarador boʻlgan, kontuziya, shikast olish natijasida nogiron boʻlib qolgan yoki kasalliklarga duchor boʻlgan harbiy xizmatchilarning farzandlari oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat bosqichiga davlat granti asosida tanlovsiz qabul qilinadi.

_U4A9777.JPG

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug

matbuot xizmati

 

OʻzA