Qoraqalpogʻiston Respublikasi Beruniy tumani Maxtumquli ovul fuqarolar yigʻini hududidagi “Gʻaniyev Gulim” fermer xoʻjaligida gʻoʻza qator oralarini chuqur yumshatish, zararkunandalarga qarshi kurashish, biolaboratoriyalar tomonidan amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlarga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-aprel kuni qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini yana-da rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishida qayd etilganidek, bu yil qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasi vakillari uchun katta sinov va keng imkoniyatlar yili boʻladi.
Beruniy tumanida joriy yilda 10275 gektar yerga chigit qadalgan boʻlib, 24880 tonna paxta xom ashyosi yetishtirish rejalashtirilgan. Bahorning seryogʻin kelishi qishloq xoʻjaligi ekinlarining oʻz vaqtida parvarishini olib borishda azamat dehqonlarimiz zimmasidagi masʼuliyatning yana-da oshishiga sabab boʻldi. Ming mashaqqatlar bilan undirilgan nihollarga agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida bajarish orqali kuzdagi moʻl hosilga zamin yaratiladi. Bunda kultivatorlardan samarali foydalanish, tuproqni chuqur yumshatish, mayda chopiq qilish, yagonalash, qishloq xoʻjaligi zararkunandalariga qarshi kurashish va boshqa tadbirlarni amalga oshirishga oʻta masʼuliyat bilan yondashishni taqozo etadi.
Tumanda bu boradagi ishlarga alohida eʼtibor qaratilib, masʼul xodimlar va mutaxassislar tomonidan har bir fermer dalalari koʻzdan kechirilmoqda va ularga zarur tavsiyalar berilayotir. Bugungi karantin sharoitiga qaramasdan tajribali fermerlar, fidoyi dala mehnatkashlari sifatli bajarilgan agrotexnika tadbirlari tufayli yaratilajak moʻl hosil, undan keladigan daromaddan, eng avvalo oʻzlari, qolaversa, jamiyatimiz katta naf koʻrishini yaxshi biladi.
Shuning uchun ham, har bir fermer xoʻjaligi rahbari, masʼullar oʻzlarining ixtiyoridagi kultivatorlardan samarali foydalanib, zarur ishlarni tizimli tashkil etishga alohida eʼtibor berishi kerakligi qayd etildi. Tabiat kuch-qudratimiz, sabr-bardoshimizni yana bir bor sinovdan oʻtkazayotgan joriy mavsumda bir tanu bir jon boʻlib, mutaxassislar tomonidan tavsiya etilayotgan eng qulay agrotexnika tadbirlarini maqbul muddatlarda amalga oshirsakgina belgilangan hosilni yetishtirishga erishish mumkin.
Tumandagi “Shobboz” ovul fuqarolar yigʻini hududidagi “Rahmatillo Chaman” fermer xoʻjaligi dalasida urugʻlik gʻalla maydonlarining aprobatsiyasi boʻyicha koʻrgazmali seminar ham boʻlib oʻtdi. Joriy yilning hosili uchun tumanda 3350 gektar yerga kuzgi gʻalla ekilgan edi. Tadbirda gʻalla yetishtirilayotgan maydonlar aprobatsiyasi boʻyicha zarur vazifalar belgilandi.
Tuman fermerlari hozirgi sinovli kunlarda dalalaridagi barcha ishlarni karantin qoidalariga qatiy rioya etilgan holda ilgʻor agrotexnik tadbirlar asosida olib bormoqda.
Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining Qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sobir Xojametov ishtirok etdi va fermerlar oldida turgan dolzarb vazifalarga toʻxtaldi.
Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA