“Sardoba” suv ombori oʻpirilishi natijasida yuzaga kelgan suv toshqini keltirgan zararni bartaraf etish uchun respublikamizning barcha viloyatlar hokimlari rahbarligida quruvchilar esheloni kelishi davom etmoqda.
Navbatdagi koʻmak karvoni va 700 nafardan ziyod quruvchini Sirdaryoga Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshlab keldi.
Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Andijonlik quruvchi-ustalar suv toshqinidan jabr koʻrganlar Mirzaobod tumani Navbahor mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi “Yangi Sardoba” turar-joy majmuasining qurilish ishlarida ishtirok etadi.
Ushbu majmua 11 gektardan iborat boʻlib, tarkibiga turar-joy binolari, maktab, maktabgacha taʼlim muassasasi, “Eko bozor”, xizmat koʻrsatish shaxobchalari, oilaviy shifoxona va mahalla guzarlari qurilishi rejalashtirilgan.
Surxondaryo va Namangandan viloyat hokimlari boshchiligida Sirdaryoga yetib kelgan quruvchilar brigadalari toshqindan zarar koʻrgan Oqoltin va Mirzaobod tumanlari mahallarida qurilish ishlarini olib boradi.
Surxondaryolik quruvchilar tomonidan Oqoltin tumanining Shodlik, Uchtom va Navbahor mahalla fuqarolar yigʻinidagi toshqindan zararlangan jami 120 xonadon qurilib, qayta taʼmirlanadi. Namangan viloyatidan kelgan 800 nafardan ziyod quruvchilar koʻmagida esa Mirzaobod tumanining Navbahor mahallasidagi toshqindan jabrlangan 135 xonadon qayta taʼmirlanib, qad rostlashi rejalashtirilmoqda.
Muxtasar qilib aytganda, toshqindan zarar koʻrgan Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlari Oʻzbekistonimizning eng qalbi olov va shijoatli quruvchi-ustalari tomonidan qaytadan bunyod etiladi.
A.QAYUMOV, F.TOMATOV (surat), OʻzA