SHARH: Dunyoni qaqshatgan virus

XXI asrning 20-yili insoniyat boshiga koʻp ogʻir sinovlarni soldi. Dastlab Avstraliya oʻrmonlarining katta qismi yonib, kulga aylangan boʻlsa, bir oz oʻtib, Indoneziyada kuchli vulqonning “uygʻonishi” qanchadan-qancha halokatu talafotlarni keltirib chiqardi.

Qolaversa, odamzodning oʻzi ham tinch oʻtirgani yoʻq. AQSH va Eron oʻrtasidagi ziddiyatli vaziyat, Rossiya Federatsiyasi hamda OPEK davlatlarining neft qazib olishni kamaytirish boʻyicha uzoq choʻzilgan bahs-munozaralari… Qisqasi, ongli mavjudotning baʼzi qilgʻiliklari oʻziga yomonlik tilab olish, ona tabiatning qahrini keltirishga oʻxshaydi. Mana, hozir dunyo ahli shunday jiddiy ofat bilan roʻbaroʻ boʻlib turibdi — viruslar ichra eng “tojdori”ni daf etolmay ovora. Azaldan toʻrt devor orasida oʻtirishni ogʻir jazoday qabul qilgan inson bolasi endi oʻz ixtiyori bilan uyga qamalishga majbur. Pandemiya sharoitida bundan oqilona chora topilgani yoʻq.

Albatta, salomatlik — bebaho neʼmat. Tanamizga hatto kichkinagina bir tikan kirsa ham jonimiz ogʻriydi. Yaxshi niyatli insonlar boshqalarga ham yomonlikni ravo koʻrmaydi. Yer yuzida kasallik boʻlmasa, hech kim hayot bilan bevaqt vidolashmasa, deydi. Ammo “koronavirus” (COVID-19) degan laʼnati oʻlat ayni shu ojiz nuqtamizga zarba berdi. Millionlab odamlar ushbu kasallikni yuqtirib oldi. Minglab kishilar u tufayli vafot etdi. Eng yomoni, bu miqdor kundan-kunga oshib boryapti. Hali jahon ahli bu xastalikni bartaraf eta olgani yoʻq. Virusni butunlay hayotimizdan haydab chiqarishga erishsak ham, u qoldirgan asoratlar biz uchun ancha vaqtgacha “boshogʻriq” boʻladi. Katta-kichik mamlakatlar, hatto “tojdor” balo yetib bormagan davlatlarning ham pandemiyadan soʻng avvalgi qaddini tiklab olishiga yillar ketadi. Shuning uchun ham sayyoramizda hayot oʻz oʻzaniga qaytishi uchun qator islohotlar zarur.

Toʻgʻri ilgʻadingiz, gap jahon iqtisodiyotining kelajagi haqida! Eng mayda zarraga teng “koʻrinmas yov” manaman degan davlatlarni ham tang ahvolga solib qoʻyayotganini koʻrib turibmiz. Buni obrazli qilib, “dunyo iqtisodiyoti qatagʻonga duch keldi”, deyish mumkin. Barcha yirik moliyaviy tashkilotlar jahon iqtisodiyotining yaqin istiqboldagi taqdiri xususida prognozlarini eʼlon qilmoqda. Bu bashoratlarning qanchalik haqiqatga yaqinligi esa, birinchi navbatda, koronavirusning qay darajada davomiyligiga bogʻliq.

Taxminlar oʻzini oqlaydimi?

COVID-19ning iqtisodiyotga taʼsirini oʻrganish juda muhim. Bu uning har bir indikatori va sektori kesimida, alohida tadqiqotlar orqali amalga oshirilishi kerak. Masalan, YAIM, ishsizlik, tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar, turizm, xizmatlar sohasi, moliya bozori va hokazolar misolida. Oʻz navbatida, mazkur tadqiqotlar shunchaki iqtisodiy prognoz boʻlib qolishi va istiqbolda hech qanday ahamiyat kasb etmasligi mumkinligini ham inobatga olish joiz.

Qarang, soʻnggi 3-4 oy ichida dunyo boʻyicha shu mavzuda 30 mingdan ortiq maqolalar eʼlon qilinibdi. Birgina nufuzli “Elsevier” platformasining oʻzida 21282 ta tadqiqot ishi natijalari ilmiy maqolaga aylantirilibdi. Ammo ular orasida pandemiyaning jahon iqtisodiyotiga yoki milliy iqtisodiyotlarga taʼsiriga bagʻishlanganlari kam va ana shu ilmiy materiallar maʼlum bir fikrga ega shaxslarning qarashlari hamda prognozlari bilan cheklangan. Bunday holatning yuzaga kelishi sabablari turlicha. Eng avvalo, pandemiyaning davomiyligini hech bir davlat aniq bilmaydi. Vaholanki, koronavirusning iqtisodiyotga taʼsirini tahlil qilish uchun buni bilish juda muhim. Aks holda, prognozlar taxminligicha qolaveradi.

Shunga qaramay, bir guruh iqtisodchi olimlar koronavirusning iqtisodiyotga salbiy taʼsiri toʻgʻrisida ilmiy xulosalarini eʼlon qilishmoqda. Xususan, “Corficolombiana” kompaniyasi bosh iqtisodchisi J. Romero “tojdor” virusning global iqtisodiyotga taʼsirini haqiqiy boʻronga qiyoslaydi. Chunki hozirgi kunda turizm va tovarlar taʼminoti “zanjir”lariga yetkazilgan zarar shunchalik jiddiyki, bu moliyaviy tizimga ham salbiy taʼsir koʻrsatmasligi uchun hukumat tomonidan muhim choralar koʻrilishi zarur.

Bizning fikrimizcha, COVID-19 keltiradigan iqtisodiy talafotlar muhokamasini, avvalo, mamlakat aholisi turmush sharoitini tahlil qilishdan boshlash kerak. Zero, odamlarimizning aksariyat qismi kunlik daromad topadigan, mavsumiy va oʻzgaruvchan xarakterga ega sohalarda faoliyat yuritishadi. Agar mamlakat iqtisodiyoti inqirozga uchrasa, ular ham butkul xonavayron boʻladi, degan stereotiplar ham uchrashi tabiiy. Demak, koronavirusning iqtisodiyotga taʼsirini aholi daromadlariga bogʻlagan holda oʻrganish muhim.

“Domino effekti”

Iqtisodiyotning qaysidir sektorida qandaydir bir salbiy holat yuzaga kelsa, qolgan jabhalar ham bundan ziyon koʻradi. Buni “domino effekti” deyishadi. Hozir dunyo iqtisodiyoti ayni shu effekt qurboniga aylangan. Koronavirus yetib borgani yoki bormaganidan qatʼi nazar, rivojlangan mamlakatlar qatori eng qoloq davlatlar iqtisodiyoti ham zarar koʻrmoqda.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining iqtisodiy prognoziga koʻra, dunyoda YAIM koʻrsatkichining 2020-yil yakunlari boʻyicha oʻsishi 2,4 foizni tashkil qiladi. Bu miqdor 2019-yil boʻyicha 2,9 foizga teng edi. Joriy yil yakunlarida oʻtgan yildagiga nisbatan yana 0,5 foiz pasayish boʻlishi taxmin qilinyapti. Demak, mazkur kasallikning tarqalishidan barcha davlatlar iqtisodiy zarar koʻradi, makroiqtisodiy koʻrsatkichlari joriy yil yakuniga kelib pasayadi, hatto ayrim hollarda qulashi ham mumkin.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi tomonidan eʼlon qilingan prognozlar esa yuqoridagilardan bir oz farqli. Xususan, unda qayd etilishicha, butunjahon YAIM koʻrsatkichi keskin qulaydi, yaʼni 2020-yil nihoyasida 3 foiz kamayib, 0,1 foizga tushadi. Biroq 2021-yilga borib, iqtisodiyot shiddat bilan rivojlanishi natijasida 5,8 foizlik marraga erishiladi.

Xitoy misolida koronavirusning naqadar xavfli oʻlat ekanligini tushunib yetgan mamlakatlar zudlik bilan unga qarshi choralar koʻra boshlaganidan xabaringiz bor. Dastlabki bosqichda barcha chegaralar yopildi, davlatlar hududida karantin rejimi eʼlon qilindi, korxona hamda tashkilotlarda masofaviy mehnat faoliyati joriy etildi va eng muhimi, virusga qarshi kurashish, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotiga koʻmaklashish uchun alohida jamgʻarmalar tashkil etildi. Ushbu fondlar pandemiyaning iqtisodiy asoratlarini yumshatishga qaratilgan boʻlib, birinchi navbatda, aholi zaif qatlamini himoya qilishni davlat oldiga eng asosiy vazifa sifatida qoʻydi.

Jamgʻarmalarni shakllantirishda aksariyat davlatlar koʻproq tashqi qarz mablagʻlaridan foydalanmoqda. Jumladan, Oʻzbekistonda ham Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari manbaining qariyb 6 foizi (598,5 milliard soʻm) Davlat byudjeti hissasiga toʻgʻri keladi. Qolgan qismi xorijiy moliyaviy tashkilotlar qarzi hisobiga shakllantirilishi koʻzda tutilmoqda.

Mazkur jamgʻarma tomonidan, avvalo, iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash koʻzda tutilgan. Misol uchun, korxona va tashkilotlarga iqtisodiy yordam koʻrsatiladi. Davlat kafilligi taqdim etiladi. Mamlakat aholisi hamda tashkilotlarning kredit va boshqa qarzlari qoplab beriladi (kredit taʼtili evaziga). Eng katta zarar koʻradigan soha — turizmga nisbatan soliq yukini kamaytirish, litsenziyalarni bekor qilish, talablarni yumshatish kabi choralar tatbiq etiladi. Yollanma xodimlar qoʻllab-quvvatlanadi va ish oʻrinlari qisqarib ketishining oldi olinadi. Binobarin, davlat tashkilotlarida faoliyat yurituvchi xodimlar ish haqi va unga tenglashtirilgan mablagʻlar bilan taʼminlanadi. Ehtiyojmand oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berib turiladi hamda tibbiy xizmat koʻrsatiladi. Stipendiya va nafaqalarning oʻz vaqtida berilishiga eʼtibor qaratiladi.

Ikkinchidan, pandemiyaga qarshi kurashda faoliyat olib boruvchi tibbiyot xodimlari ragʻbatlantirilib, yangi tibbiy maskanlar barpo etiladi va zarur tibbiy jihozlar xarid qilinadi. Va eng muhimi, mamlakatda ijtimoiy tartib saqlanadi.

Toʻqqiz yirik asorat

Iqtisodiy nuqtayi nazardan pandemiyaning salbiy roli kasallangan odamlar soni bilan emas, balki iqtisodiy oqibatlari yoki asoratlari bilan aniqlanadi. Xoʻsh, bu nimalarda namoyon boʻladi?

Birinchidan, iqtisodiy prognozlar pasayishi kuzatiladi.

Ikkinchidan, ishlab chiqarish faolligi tushib ketadi. Pandemiya sharoitida davlatlar koʻplab ishlab chiqarish korxonalari eshigiga vaqtincha qulf osishga majbur boʻldi. Xususan, Xitoyda fevral-mart oylarida ishlab chiqarish faolligi rekord daraja — 40,3 foizga tushib ketdi.

Uchinchidan, koronavirus pandemiyasi xizmat koʻrsatish sohasiga ham salbiy taʼsir koʻrsatdi. Isteʼmolchilarning chakana savdo, restoran va transport xizmatlariga sarflaydigan xarajatlari kamaydi.

Toʻrtinchidan, neft narxi qulaydi. Bu dunyo boʻylab ishlab chiqarish faolligi susayishi bilan bogʻliq.

Beshinchidan, moliyaviy bozorlarda xaos yuzaga keladi. COVID-19 tarqalishi va uning global iqtisodiyotga taʼsiri bilan bogʻliq xavotiru qoʻrquvlar investorlar hissiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Oqibatda yirik fond bozorlarida aksiyalar narxlari keskin pasayib ketdi.

Oltinchidan, obligatsiyalar daromadliligi pasayadi. Virusning butun dunyo boʻylab tarqalishi borasidagi xavotirlar bunga sabab boʻladi. AQSH hukumati tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan mamlakat xazinalari investorlar uchun hozirgiday beqarorlik davrida eng afzal va xavfsiz aktivlar hisoblanishini eshitgandirsiz. Biroq, hattoki, AQSH bondlarining daromadlilik darajasi ham oʻtgan oylarda 1 foizdan past koʻrsatkichni qayd etdi. 10 yillik obligatsiyalar daromadlilik darajasi eng past koʻrsatkich — 0,3 foizga tushib ketdi. Bu — tarixda kuzatilmagan holat.

Yettinchidan, xalqaro ishsizlik koʻrsatkichi oshib ketadi. Chunki baʼzi davlatlarda karantin yoki favqulodda holat eʼlon qilinishi xodimlarning ishdan boʻshatilishiga olib keldi. Xususan, AQSHda 17 milliondan ortiq kishilar hukumatga ishsizlik nafaqasi soʻrab murojaat qildi. Bu shuncha odam pandemiya tufayli ishsiz qolganini anglatadi.

Sakkizinchidan, xalqaro turizm koʻrsatkichlari keskin tushib ketadi. Sayyohlik jahon iqtisodiyotining yirik tarmoqlaridan biri ekanligi va undan keladigan yillik daromad 2019-yil yakunlari boʻyicha 5,7 trillion dollarni tashkil etganini hisobga olsak, muammo koʻlami naqadar katta ekanligi oydinlashadi. Qolaversa, deyarli 330 million kishi yoki dunyodagi ish bilan band insonlarning deyarli 10 foizi turizm sektorida ishlaydi. Sayyohlik koronavirus pandemiyasi oldida eng zaif sohaga aylandi.

Sayru sayohatlarni-ku qoʻya turaylik, dunyo boʻylab yuz minglab kishilar ishtirok etishi rejalashtirilgan yirik anjuman va tadbirlar bekor qilinishi, davlatlar chegaralari yopilishi, xalqaro aviaqatnovlar toʻxtatilishi sektor rivojiga ozmuncha ziyon yetkazyaptimi?!

Toʻqqizinchidan, tovar va xizmatlar eksport-importi deyarli toʻxtadi. Xalqaro savdo tashkiloti 2020-yilda jahon savdosi koʻrsatkichlarining tushish darajasi 13 va 32 foiz orasida boʻlishini bashorat qilayotir.

Cheklovlar bizga nimalarni oʻrgatdi?

Tanganing ikki tomonini koʻrishga daʼvat etishadi donolar. “Har yomonlikda bir xayr bor”, degan naql ham bor xalq orasida. Shu maʼnoda, el boshiga ish tushgan hozirgiday sharoitda pandemiya bizga taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlarni ham tuhfa etdi. Qanday deysizmi? Masalan, karantin tufayli onlayn savdolar va yetkazib berish xizmatlari jadal rivojlana boshlagani fakt! Oʻz navbatida, iqtisodiyotning raqamlashtirilishi darajasi bir necha barobar oshgani ham rost. Qolaversa, xodimlarni mehnatga jalb qilishning yangi imkoniyatlari yuzaga kelganini ham inkor qilolmaymiz.

“Onlayn-banking” xizmati taraqqiy etgani, virtual turizmning yangi koʻrinishlari paydo boʻlgani muvaffaqiyat emasmi?!

Masalaning boshqa jihati ham bor. Karantin rejimi eʼlon qilinganidan soʻng har bir oila oʻz isteʼmolidan kelib chiqib, bir oyda qancha mablagʻ hisobiga roʻzgʻor tebratish mumkinligini hisoblab chiqishdi. Bundan tashqari, uy sharoitida mehnat faoliyati bilan shugʻullanish imkoniyatlari yuzaga keldi. Binobarin, animatsion kinoindustriyaga katta yoʻl ochilishi, banklararo protsessing xizmatlari yana-da jadallashishi ham muhim yangiliklar sirasidan.

Albatta, bu roʻyxatni yana davom ettirish mumkin. Sanaganlarimiz esa eng asosiy jihatlardir.

Bashoratlarga emas, oʻz kuchimizga tayanamiz!

Eʼtirof etish kerakki, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish borasida Oʻzbekiston tanlagan yoʻl oqilona. Prezidentimiz tomonidan 2020-yil 19-martda “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmon imzolandi. Ushbu hujjat asosida Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi tashkil etilib, uning mablagʻlari hisobidan qaysi sohalar birinchi navbatda moliyalashtirilishi belgilandi. Bu esa pandemiyaning iqtisodiy asoratlarini yumshatish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.

Shu oʻrinda xalqaro moliyaviy tashkilotlarning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga doir prognozlariga toʻxtalmoqchimiz. Misol uchun, Jahon banki tomonidan Oʻzbekiston yalpi ichki mahsuloti koʻrsatkichi 2020-yil yakunlari boʻyicha 1,6 foiz oʻsishi taxmin qilingan. Bu 2019-yildagiga nisbatan 4 foiz past koʻrsatkichdir. 2021-yilga borib esa iqtisodiyotimiz yana rivojlanish holatiga qaytadi. Bundan tashqari, Oʻzbekistonning makroiqtisodiy zaxiralari, xavfsizlik tarmoqlari va davlat muassasalari hamda inqirozga qarshi siyosat taʼminlangan oilalar qatlamining ijtimoiy himoyasiga yordam berishi mumkin.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi prognozlari ham shunga yaqin. Yaʼni Oʻzbekistonda YAIMning oʻsish koʻrsatkichi 2020-yil yakunlariga koʻra 1,8 foizni tashkil etishi bashorat qilingan. 2021-yil yakuniga borib esa YAIMning oʻsish koʻrsatkichi 7 foizni tashkil qilishi kutilyapti.

Albatta, prognoz degani, bu — taxmin. Yil yakunlari boʻyicha ijobiy oʻsish surʼatlariga erishish bugungi saʼy-harakatlarga koʻproq bogʻliq. Shu bois hozirgi kunda Prezidentimiz, Hukumatimiz va barcha darajadagi rahbarlar tomonidan koronavirus inqiroziga qarshi kurashish borasida muhim qarorlar qabul qilinmoqda. Chunonchi, Markaziy bank rahbariyati kredit taʼtillarini eʼlon qilishi, qayta moliyalashtirish stavkasini pasaytirishi, inflyatsion targetlash maqsadidan chetga chiqmayotgani diqqatga sazovordir.

Bu borada Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni uch qismga boʻlib oʻrganishimiz mumkin. Birinchisi bevosita pandemiya bilan bogʻliq. Yaʼni karantin markazlari, yangi kasalxonalar qurish, dori-darmon, tibbiyot jihozlari sotib olish boʻlsa, ikkinchisi aholini ijtimoiy himoya qilishga doirdir. Bunga Prezidentimiz Farmon va qarorlari ijrosi doirasida bolali oilalarga berilayotgan nafaqalar muddatini choʻzish (tegishli mablagʻlar ajratgan holda), ishsiz, band boʻlmagan aholi uchun jamoat ishlarini tashkil qilish maqsadida qoʻshimcha mablagʻlar ajratish kabilarni misol sifatida keltirish mumkin. Uchinchisi bandlikni va ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish maqsadida Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan 3,6 trillion soʻm mablagʻ ajratilganidir.

Shuningdek, Moliya vazirligi byudjetdan tashqari jamgʻarmalar hisobidan asosiy vositalarni xarid qilish, qurilish, rekonstruksiya va kapital taʼmirlash bilan bogʻliq xarajatlar toʻxtatilishi, davlat ulushiga hisoblangan dividendlar toʻligʻicha byudjetga oʻtkazilishini bildirgan.

Bulardan koʻrinadiki, hozir davlatimiz bor kuch va imkoniyatini nafaqat bu ofatni, balki uning asoratlarini ham bartaraf qilishga safarbar etgan.

Hamjihatlik — eng zarur chora

Pandemiyaning yakuniy koʻlamini hech kim aniq aytib berolmaydi. Iqtisodiy prognozlar ham toʻgʻri boʻlib chiqmasligi mumkin. Shunday ekan, bugungi sinovli vaziyatda ertangi kuni uchun qaygʻurgan davlatlar koʻp yutqazmaydi.

Yaqinda Oʻzbekistonda karantin eʼlon qilinganidan soʻng “Telegram” messenjerida aholi jamgʻarmalari boʻyicha oʻtkazilgan norasmiy soʻrovnoma natijalari eʼtiborimizni tortdi. Unda qatnashgan yarim milliondan ortiq aholining 35 foizi kun kechirish uchun hech qanday jamgʻarmaga ega emasligini taʼkidlabdi. Ishtirokchilarning 50 foizi esa shaxsiy zaxiralari 1 oyga yetishini qayd etibdi. Soʻrovnomada, asosan, urbanizatsiyalashish darajasi yuqori boʻlgan hududlar (shaharlar, tuman markazlari)da yashovchi yurtdoshlarimiz qatnashganini inobatga olsak, mamlakatning 90 foiz aholisida karantin sharoitida kun kechirishlari uchun bir oyga yetar-yetmas zaxira bor, degan xulosa kelib chiqadi. Bu ishlab topgan daromadlarimizni notoʻgʻri va samarasiz taqsimlayotganimizni tasdiqlaydi. Yaʼni bu orqali mamlakatimiz aholisining moliyaviy savodxonlik darajasi yetarli emasligini aniqlashimiz mumkin.

Ushbu vaziyatda hamyurtlarimizning jamgʻarmalari mavjud boʻlishi uchun ularni moliya bozoriga jalb etish, bank omonatlari, fond bozorlari va investitsiyalar kabi imkoniyatlardan foydalanishga oʻrgatish zarur. Shunda davlat uchun aholiga pul topib berish emas, balki oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash masalasi ustuvor vazifaga aylanadi. Negaki, 90 foiz odamlarimizning oziq-ovqat xarid qilishga mablagʻi yetarli boʻlmasa, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda hech qanday mantiq qolmaydi.

Shu bois davlatimiz rahbari koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish boʻyicha qilgan murojaatida “Xalqimiz oʻz tarixida qanday ogʻir tabiiy ofatlarni koʻrgan boʻlmasin, Qodir Allohning marhamati bilan, oʻzining kuch-qudrati, vazminligi va donishmandligi orqali ularning barchasini yengib oʻtgan”ini taʼkidladi.

Shunday ekan, mehnatkash xalqimiz hamjihatlikda ushbu inqirozni yengib oʻtishi, hukumat esa ushbu davrda xoʻjalik yuritishning davlat-xususiy sheriklik shaklini samarali tashkil etishi maqsadga muvofiqdir.

Qimmatli qogʻozlarga ehtiyoj katta

Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi, asosan, xalqaro moliyaviy tashkilotlar mablagʻlari evaziga shakllantirilishini yuqorida aytdik. Ammo mablagʻ jalb qilish uchun puxta hisob-kitob va mashaqqat talab etiladi. Shularni hisobga olgan holda, hozirgi sharoitda “yevrobond”larning emissiya qilinishi ayni muddao, deb hisoblaymiz. Fikrimizcha, “yevrobond”larni chiqarish xalqaro tashkilotlar tomonidan olinadigan yordam mablagʻlarining qaytarilish shartlariga qaraganda ancha soddaroq va foydaliroq. Bu esa pirovardida mamlakat tashqi qarzlarida ijobiy rol oʻynaydi.

Shu bilan birga, yirik korxona va tashkilotlar, shuningdek, tijorat banklari oʻz obligatsiyalarini jahon moliya bozorlariga muomalaga chiqarishga harakat qilishi davr talabidir.

Bugun dunyoda yuz berayotgan jarayonlar va ularga nisbatan koʻrilayotgan choralarni tahlil qilganda bir narsa ayon boʻladi: iqtisodiyoti tovar va xizmatlar, xom ashyo va texnologiyalar importiga yoki faqat xizmatlar sohasi, xususan, turizmga bogʻliq boʻlgan davlatlar koronavirusdan katta zarar koʻrishi ehtimoli yuqori.

Iqtisodiy tanazzulga uchramaslik esa davlatning oqilona siyosati evazigagina amalga oshiriladi. Shoshmashosharlik bilan qabul qilingan qarorlar esa mamlakatni muqarrar inqirozga yetaklashi mumkin.

Xulosamiz shunday: insonlar umrini saqlab qolish va sogʻliqni saqlash tizimiga investitsiya kiritish eng ustuvor vazifaga aylanmogʻi shart. Shuningdek, aholining eng zaif qatlamini himoya qilish tizimini mustahkamlashda iqtisodiy xarajatlar puxta hisob-kitob qilinganligini taʼminlash talab etiladi. Zero, pandemiya xususiy sektor va tadbirkorlikni qisqa muddatli kreditlar, soliq imtiyozlari yoki subsidiyalar orqali qoʻllab-quvvatlashni taqozo etadi. Bu esa nafaqat oʻzimizni omon saqlash va bu baloi ofatdan qutulish, balki uning asoratlarini ham yengillashtirish kafolatidir.

Norboy KARIMOV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori,
iqtisodiyot fanlari doktori.

 

O’zA