Vatan sogʻinchi: konserva qutisi askarni oʻlimdan qutqargan

Ikkinchi jahon urushi paytida Moʻynoqdagi baliq konserva zavodining dongʻi dunyoga tarqalgan. Frontga aynan Moʻynoqdan 10 million donadan ortiq konservalar joʻnatilib turilgan. Urushdan keyin esa ushbu koʻrsatkich 22 million donaga yetkazilgan.
Marhum olim, akademik Sabir Kamalov frontga otlangan paytda juda yosh boʻlgan. Frontda yurganida ovulni qattiq sogʻinadi. Bir kuni tarqatilgan oziq-ovqatlar bilan kelgan baliq konserva qutisining sirtqi qogʻozidagi yozuviga koʻzi tushib qoladi. Qarasa – Moʻynoqda ishlab chiqarilgan. Xuddi ovulini koʻrganday behad xursand boʻladi. Konserva qutini ochmay sumkasiga solib, jangga kirishadi. Qizgʻin jang paytida uning orqasiga oʻq tegib qulab tushadi va qattiq zarbadan ancha vaqt behush yotadi. Hushiga kelsa orqasidagi ogʻriq sezilmaydi. Darhol sumkasini yechib qarasa, oʻq sumka ichidagi konserva qutisiga tekkan ekan. Shunday qilib, Moʻynoqning konserva qutisi askarni omon olib qolgan vosita sifatida frontdoshlar orasida afsonaga aylanadi.
Lekin, yana bir qirgʻin jang paytida juda qattiq yaralanadi. Qoraqalpogʻistonlik jurnalist Aruxan Turekeyeva marhumning hayotligida qilgan suhbatida quyidagicha deyiladi:
photo_2020-05-10_15-56-08.jpg
“Sabir Kamalov frontga 1943-yilda yuborildi. U Belarus frontida 8-rotaga komandir boʻlgan. Rotadagi 30 nafar askarning barchasi Oʻzbekistondan edi. Maqsad Novgorod-Seversk shahrini dushmanlardan tozalash boʻldi. Shahar Desna daryosining gʻarb tomonida joylashganligi uchun daryodan oʻtish kerak edi. Shafqatsiz dushmanlarning betinim oʻqlari ostidan omon chiqish oson boʻlmadi, lekin amallab dushmanga janub tomondan hujumga oʻtib, shaharni ozod qiladi. Bundan soʻng 1943-yil sentyabrda Ivanov degan qishloqni fashistlardan tozalaydi. Dushmanlarning 14 askari va bitta ofitserini asirga oldi. Asta-sekin askarlarning gʻalabaga boʻlgan ishonchi ortib bordi. Keyinchalik Semenovkadan dushmanlarni quvib chiqarib, Krasnaya Loza qishlogʻiga yoʻl oladi. 1943-yil 22-sentyabr edi. Qishloqdagi somon uyumlari orqali harakatlanayotganda unga yongʻin tegadi.
 Bir qarasa 200 metrday narida nemis askari turgan ekan. Yaqinlab borib uni otib oʻldiradi. Lekin shu paytda oʻzining orqasiga katta zarba tushadi. Uni portlaydigan oʻq bilan otgan ekan. Oʻq chap egnidan tegib koʻksini teshib ketibdi. Hushsiz qolgan Sabir ogʻani diviziyaning sanitariya punktiga olib keladi. Oʻq orqasidan bir kilodek goʻshtni yulib ketgan ekan. Qon toʻxtamay, tana harorati oshadi. Ahvoli yomonlashgani bois uni Novgorod-Severskiy shahridagi dala gospitaliga yuboradi. Ishtahasi boʻlmay shu yerda 15 kun yotti. Keyin Chernovitsi degan qishloqning dala gospitaliga boradi. Joy yetishmaganligi uchun uni kelini bilan turadigan kampirning uyiga olib keladi. Ikki yelka suyagi qoʻporilganligi bois oʻpkasi bilan yuragi koʻrinib turar edi. Uydagilar yaxshi qaraydi, lekin ahvol yana-da ogʻirlashadi. U uydan ham chiqib ketadi. Urush vaqti. Hamma gospitallar yaradorlarga toʻla.
Ular bilan qoʻshilib dastlab Kursk, soʻng Orlov shahridagi gospitalga boradi. U yerda ham qabul qilmaydi. Soʻng Tula shahriga keladi. Yarador boʻlganiga 3 oyga qarab ketyapti. Hamon u gospitaldan bu gospitalga koʻchar edi. Bu yerda tirsagi, qoʻlini gipslaydi. Soʻng Sortirovochnaya degan gospitalga olib keladi. Bir sutkadan soʻng Moskvadagi Bauman nomidagi gospitalga yotqizadi.
Oradan qancha kunlar oʻtadi. Shu vaqtlar mobaynida gipsning ichi bitlab ketadi. Uning qichishiga chidash mumkin emas. Bu azoblarga faqat mardlargina bardosh berishi mumkin. Moskvada ham koʻp qolmaydi. Qozon shahriga yuboradi. Yoʻlda qattiq kasallanib 3-dekabr kuni Cheboksari shahridagi gospitalga olib keladi. Bu yerda gipslarni yechayotgan hamshira qiz yarani va unda oʻrib yurgan bitlarni koʻrib qichqirib yuboradi.
Shu yerda 4 oy qolib, asta-sekin tuzala boshlaydi va qishloqdagi bitta kishi “koʻzim koʻrmay qoldi, menga kitob oʻqib bergin” degan iltimosiga koʻra unga kitob oʻqib berib turadi.
Bir kuni qarasa, haligi “koʻzim koʻrmaydi” degan kishi kitob oʻqiyotgan ekan. “Sening kitobga boʻlgan qiziqishingni orttirmoqchi edim” deydi u Sabir ogʻaga. Haqiqatdan ham Sabir Kamalovga shu paytdagi mutolaa koʻp yordam berdi. Ruschaga ancha yetuk boʻlib oldi.
Shundan keyin urushga yaramay oʻz qishlogʻi Chimboyga qaytadi.
Urushdan eson-omon elga qaytib, Qoraqalpogʻistonda ilm-fanning rivojiga katta hissa qoʻshdi. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimini uzoq yillar boshqarib, akademik darajasini oldi va “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi.
Marhum akademik Sabir Kamalovning turmush oʻrtogʻi, nuroniy yozuvchi Gulaysha Yesemuratova hozirda hayot va 90 yoshdan oshdi. Sabir ogʻaning boshidan oʻtgan voqealarni u kishi ham tasdiqlaydi.

 

Yesimxon Qanoatov, OʻzA