Nukusda noqonuniy qurilgan uy egalari firibgarlar qurboni bo‘lgan

Nukus shahrida noqonuniy qurilgan uylarning buzilishi ortidan ularning egalari shikoyat qilib ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qildi. Tegishli organlar tomonidan ushbu masala o‘rganib chiqilganda, buzilgan uylarning egalari yer maydonini firibgarlardan sotib olganligi ma’lum bo‘lmoqda. 
Nukus shahri hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilgan bu fuqarolar Nukus shahri “Xojan“ ovul aholi punktidan yer maydonlarini olgan. Hokimlik tomonidan bir necha marotaba ogohlantirilishiga qaramasdan, bu fuqarolar mazkur yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab, noqonuniy ravishda qurilishlar qurgan.
O‘rganishlar davomida noqonuniy qurilish egalari yer uchastkalarini o‘zlarini “yer uchastkalarini beruvchi organ xodimlari” deb tanishtirgan noma’lum shaxslardan sotib olganligini tan oldi. Firibgarlar ushbu fuqarolarga yer uchastkalarini qalbaki hujjatlar tayyorlab, qurilishlarini hujjatlashtirib berishni va’da qilib ishonchiga kirib sotgan.
Ayni paytda Nukus shahar hokimligi, shahar Prokuratura va Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi bilan mazkur hududdagi qator noqonuniy qurilishlar bartaraf qilingan. Firibgarlikda gumonlangan fuqarolarning xatti-harakatlari huquqni muhofaza qilish xodimlari tomonidan o‘rganilib, ularga qonuniy chora qo‘llanish bo‘yicha tegishli tadbirlar olib borilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi yerdan foydalanish va uni muhofaza qilinishini nazorat qilish sektori boshlig‘i Isatay Tleuovning ta’kidlashicha, ushbu noqonuniy qurilishlar O‘zbekiston Respublikasi Yer Kodeksining 90-91 moddalari talabi buzilishiga asos bo‘ladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 212-moddasiga muvofiq, o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino oldi-sotdi qilinmaydi, unga mulk huquqi berilmaydi va qurilgan bino fuqaroning o‘zi hisobidan buzib tashlanishi kerak hamda bunday qurilishlar uchun kompensatsiya to‘lanmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avval saytimizda Nukus shahri hokimining qalbaki muhrini ishlab, yer maydonlarini sotganlikda gumon qilinganlarning tutilganligi to‘g‘risida ma’lumot bergandik.

 

Yesimxon QANOATOV, O‘zA