Orol dengizi qurishi oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan oʻziga xos loyiha

Prezidentimizning 2020-yil 12-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazining faoliyati samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qaroriga koʻra “My garden in the Aral Sea” (“Oroldagi bogʻim”) agro va ekoturizm loyihasi amalga oshirilishi belgilangan.
Mazkur loyiha Orol dengizi qurishi oqibatlarini bartaraf etish hamda sayyohlar sonini koʻpaytirishga qaratilganligi bilan ahamiyatli.
Xoʻsh, bu qanday loyiha va u qanday ishlaydi, yangiligi nima va shu kabi boshqa savollarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi direktori Nurlibek Mirzamuratov javob beradi.
– Markazimiz tomonidan amalga oshirilayotgan “Oroldagi bogʻim“ agro va ekoturizm loyihasining asosiy maqsadi butun dunyo vakillari va mahalliy aholining Orol dengizining qurishi oqibatlarini yengib oʻtishda bevosita ishtirok etish hissini uygʻotish va shu orqali Orolboʻyi aholisi turmush darajasini yana-da oshirishga hissa qoʻshishdir, — deydi N. Mirzamuratov. – Shu maqsadda Oʻzbekiston uchun noyob boʻlgan aholi tomonidan koʻkalamzorlashtirish loyihasi yaratildi va daraxtlarni ekish uchun mablagʻ yigʻiladigan kraudfanding (aholi moliyalashtiruvi) platformasi ishga tushirilmoqda.
Bunda har bir ishtirokchi daraxtlarni xohlagan miqdorda sotib olib Markaz qoshidagi “Moʻynoq” ilmiy-ishlab chiqarish uchastkasidan ajratilgan joyga ekishi mumkin. Markazda tashrif buyuruvchilar uchun barcha sharoitlar yaratiladi.
Bogʻ doimiy qoʻriqlanadi, daraxtlarga oʻzimiz gʻamxoʻrlik qilamiz va bundan tashqari, har bir ekilgan koʻchatni parvarish qilish, sugʻorish, oʻgʻitlash ishlariga ham oʻzimiz masʼulmiz. Bu yerga kelgan turistlar xayriya qilishlari ham mumkin. Turistlar va fuqarolar tomonidan xizmatlarni toʻlash qulayligi uchun markazda Uzcard, Viza, Mastercard toʻlov terminallari oʻrnatiladi va qoʻshimcha ravishda toʻlov tizimlari orqali toʻlovlarni qabul qilish uchun sharoitlar yaratiladi. Ayni paytda Markazning oʻzida toʻlovni amalga oshirish mumkin.
Markazda sayyohlarning umumiy elektron maʼlumotlar bazasi boʻladi. Umumiy maʼlumotlar bazasiga sayyohlar toʻgʻrisida maʼlumot (ism, familiya, mamlakati, koʻchatlar nomi, tugʻilgan sana, elektron pochta manzili) kiritiladi. Loyiha ishtirokchilariga koʻchatlar boʻyicha moliyaviy, foto va video hisobotlar elektron koʻrinishda doimiy ravishda taqdim etiladi. Bir yil oʻtgach, markazga tashrif buyuradigan sayyohlar oʻz koʻchatlarini Orol dengizi hududiga koʻchirib oʻtkazishlari mumkin, agar tashrif buyurishning iloji boʻlmasa, markazga koʻchatlarni Orol dengizining qurigan tubiga transplatatsiya qilishlari mumkinligi haqida xabar yuborishadi.
Biz 2020-yilda 100 ming tup daraxt ekishni moʻljallayapmiz. Daraxtlarni ekishda suvni tejaydigan texnologiyalar qoʻllaniladi.
Choʻl oʻsimligining 1 tup koʻchatini ekishga atigi 1 dollar sarf qilinadi, manzarali daraxtni ekish uchun esa 5 dollardan 20 dollargacha xarajat qilinishi mumkin.
Bu loyihaga hamma istovchilar ishtirok etishi mumkin, agar bu yerga kelib daraxt ekish imkoniyati boʻlmasa 1 dollar ehson qilsa ham boʻladi. Hozirda ehson uchun www.aralforest.org platformasini yaratmoqdamiz va fevral oyi oxiriga qadar sayt ish toʻla ishga tushadi va keyin ishtirokchilar shu platforma orqali ehson qilishi mumkin.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-oktyabrdagi tegishli qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi tashkil qilindi. Markazning asosiy vazifalari Orol dengizi qurigan tubida shoʻrlangan yerlarda ekotizim va barqaror turmush darajasini taʼminlash, xalqaro tashkilotlar bilan innovatsiya va yerlarning shoʻrlangan hududda ekologik muammolarni hal qilish boʻyicha hamkorlikni tashkil etish, tajriba uchun eksperimental maydonlarni yaratish, texnologik transfer va shoʻrlanish sharoitida tadqiqotlar oʻtkazish, shuningdek, ushbu sohada davlat-xususiy sektorlar hamkorligini rivojlantirish borasidagi xalqaro innovatsion tashkilotlar bilan hamkorlikni tashkil etish hisoblanadi.
Markaz huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda “Orolboʻyi hududida innovatsiyalarni qoʻllab-qoʻvvatlash” jamgʻarmasi tashkil etildi.
Nukus tumani “Samanbay” ovul fuqarolar yigʻini hududidan markazning idorasi, laboratoriya, 10 kishiga moʻljallangan zamonaviy mehmonxona qurilishi va ilmiy-tadqiqot tajribalarini olib borish maqsadida doimiy foydalanish huquqi bilan 24,34 gektar yer maydoni ajratib berildi. Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markaziga ajratilgan binoning hozirgi paytda qurilish ishlari yakunlandi. Markaz oʻz faoliyatini yangi zamonaviy imoratda olib bormoqda.
Moʻynoq tumanining “Tikoʻzak” ovul fuqarolar yigʻini hududidan Orolboʻyi iqlimiga moslashgan choʻlga va shoʻrga chidamli oʻsimliklarni ekish va tajriba sinov maydonchasini tashkil qilish maqsadida 20,3 gektar yer maydoni ajratib berildi. Uchastkada 14,7 gektar maydonda shoʻrga va choʻlga chidamli, keng bargli, buta hamda moyli oʻsimliklardan iborat jami 24 turdagi har xil oʻsimliklarning urugʻlari, koʻchatlari va qalamchalari ekilib, yaxshi natijalarga erishildi.
Shuningdek, Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazining Nukus tumani “Samanbay” uchastkasida ham daraxt va boshqa ekinlarni joylashtirish boʻyicha qator ibratli ishlar amalga oshirilmoqda.
Markaz tomonidan bugungi kunda, mahalliy va xorijiy ilmiy tadqiqot institutlari, oliy taʼlim muassasalari va bir qator xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro anglashuv, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va hamkorlik qilish boʻyicha jami 23 ta memorandum imzolandi. Hozirgi kunda Markaz tomonidan Yaponiyaning “OYO Corporation” korporatsiyasi, “Qurgʻoqchil yerlar (arid) ilmiy-tadqiqot Markazi” (Tottori universiteti, Yaponiya), Yaponiyaning Kioto universiteti, Rossiya Federatsiyasining I.M.Gubkin nomidagi davlat universiteti va boshqa qator xalqaro tashkilotlar va mahalliy oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlikda turli sohalar boʻyicha tajriba-sinov ishlari olib borilmoqda. Kanadaning mahalliy tashabbuslar fondi (CFLI) bilan hamkorlikda “Orolboʻyi aholisining atrof-muhit va iqlim oʻzgarishlariga moslashish masalalari boʻyicha xabardorligini ommaviy axborot vositalari yordamida oshirish” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Hozirgi kunda Markaz tomonidan qishloq xoʻjaligi sohasiga, shuningdek ekologiya va turizm yoʻnalishiga innovatsion usullarni tatbiq etish boʻyicha mahalliy va xorijiy davlatlar tajribalari chuqur oʻrganilmoqda va kelajakda hamkorlik qilish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda.
Yangi qarorning qabul qilinishi Prezidentimizning Orolboʻyidagi ekologik inqiroz oqibatlarini bartaraf etishga, ayniqsa, Orolboʻyi aholisining turmush darajasini yana-da koʻtarishga boʻlgan yuksak eʼtiboridan darak beradi.
Qarorda asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazining moliyaviy va moddiy-texnik taʼminotini yana-da yaxshilash, uning tajriba-sinov maydonlarini kengaytirish hamda tuzilmasini takomillashtirish, Orolboʻyi hududida innovatsion va ilmiy ishlanmalarni yana-da kengroq joriy etish masalalariga katta diqqat qaratilgan.

 

Yesimxon QANOATOV, OʻzA