Affinaj faoliyati: Endi yangi tartibdagi litsenziya asosida amalga oshiriladi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Affinaj faoliyatini litsenziyalashni tartibga solish chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, joriy yilning 15-martidan boshlab ushbu faoliyat turi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasini belgilash palatasi beradigan litsenziya asosida yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Affinaj faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi hujjat davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali tomonidan taqdim etilishi belgilangan.
Avval berilgan roʻyxatdan oʻtkazish guvohnomasiga ega yuridik shaxslar mazkur hujjatning amal qilish muddati tugaguniga qadar litsenziya olmasdan faoliyat yuritishlari mumkin.
Eslatib oʻtamiz, “affinaj” metallurgiya sanoatida keng qoʻllaniladigan atama boʻlib, baʼzi ogʻir metallarni turli aralashmalardan tozalash jarayonini anglatadi.

 

OʻzA