Turkmaniston Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasida “Turkmanistonning doimiy neytraliteti toʻgʻrisida” BMT rezolyutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga hamda 2020-yilda Turkmanistonda “Turkmaniston – betaraflik maskani” yili deb eʼlon qilinganiga bagʻishlangan brifing oʻtkazildi.
Brifingda qilgan chiqishida Turkmanistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yazguli Mammedov jurnalistlarga turkman neytraliteti tarixi, uning Markaziy Osiyo, umuman dunyoda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyotni taʼminlashdagi roli toʻgʻrisida gapirib berdi.
Elchi Ya. Mammedov Turkmaniston neytrallik maqomi BMT Bosh Assambleyasining 1995 va 2015-yillardagi maxsus rezolyutsiyalari bilan ikki marta tasdiqlangan dunyoning yagona mamlakati ekanligini qayd etdi.
Shu munosabat bilan alohida taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Turkmanistonning betaraflik maqomini qoʻllab-quvvatlagan va BMT Bosh Assambleyasining “Turkmanistonning doimiy neytraliteti toʻgʻrisida”gi rezolyutsiyasining ikki marotaba hammuallifi sifatida chiqqan davlatlardan biri hisoblanadi.
Turkman diplomatik missiyasi rahbarining taʼkidlashicha,Turkmaniston oʻzining betaraflik maqomiga sodiq qolib, xalqaro maydonda mintaqa va uning tashqarisidagi nizoli masalalarni faqat siyosiy diplomatik usullar vositasida yechish tarafdori sifatida chiqmoqda.
Turkmaniston betaraflik maqomining mintaqadagi tinchlik va barqarorlikni taʼminlashdagi yuksak ahamiyati xususida gapirganelchi Ya.Mammedov brifing ishtirokchilari eʼtiborini Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedovning BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarning oliy minbaridan turib ilgari surgan taklif va tashabbuslariga qaratdi.
Turkmaniston davlat rahbari BMT Bosh Assambleyasi sessiyalarida qurolsizlanish, mintaqada yadro qurolidan holi hudud yaratish, terrorchilik, ekstremizmga qarshi kurash, Afgʻoniston rivojiga koʻmaklashish kabi takliflarni ilgari surdi.
Elchi Ya.Mammedov turkman rahbarining ishonchli va samarali transport, energetik va ekologik tizimlar yaratish orqali Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyot va farovonlikni taʼminlashga qaratilgan istiqbolli tashabbuslariga jurnalistlar eʼtiborini qaratdi.
Shuningdek, qarorgohi Ashxabodda joylashgan Markaziy Osiyo uchun BMTning preventiv diplomatiya boʻyicha Mintaqaviy markazining mintaqaviy masalalarni, shu jumladan, xalqaro huquq meʼyorlari va pritsiplari asosida transchegaraviy suv resurslarini oqilona taqsimlash va foydalanish borasidagi yuksak roli va faoliyati tilga olindi.
Tadbir ishtirokchilari Turkmanistonning betaraflik maqomining 25 yilligiga bagʻishlangan va 2020-yilda ham respublika, ham xorijda oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan marosimlar haqida xabardor qilindi.
Shu bilan birga elchi Ya.Mammedov 2020-yilning 11-12-dekabr kunlari Ashxabodda oliy darajada oʻtkaziladigan “Neytralitet siyosati va uning xalqaro tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashdagi oʻrni” mavzuida oʻtadigan xalqaro konferensiya haqida maʼlumot berdi.
OʻzA