Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumani “Samanko‘l” ovul fuqarolar yig‘ini hududida 4-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, Bolalar musiqa va san’at maktabining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur maktabda bugungi kunda jami 177 nafar o‘quvchi xalq cholg‘u sozlari, fortepiano, an’anaviy va estrada xonandalik, torli cholg‘ular, xoreografiya, tasviriy va amaliy san’at, akademik ashulachilik kabi yo‘nalishlarida ta’lim olmoqda. Ularga 29 nafar mutaxassis o‘qituvchi dars beradi.
Bolalar musiqa va san’at maktabining yangi binosi “Regional industrial invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan sifatli qurib bitkazilib, yangi yil bayrami arafasida sovg‘a qilindi. San’at maktabida 2 milliard 464 million so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirildi.
Yangi binoda o‘quvchilarning milliy musiqa sirlarni o‘rganishi, iqtidori va mahoratlarini oshirishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Maktab tarbiyalanuvchilari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va mamlakatimiz miqyosida o‘tkazilib kelinayotgan turli san’at festivallari, ijodiy tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, Nukus shahrida o‘tkazilgan M.Qori Yoqubov nomidagi ko‘rik-tanlovda maktab o‘quvchilaridan B.Allamberganov, E. Matyakubov va Ye.Uzoqberganovlar ikkinchi, X. Qalboev va J.Jumaniyazovlar uchinchi o‘rinlarni egallagan bo‘lsa, “Yosh ansambl va orkestr ijrochilari” ko‘rik-tanlovida maktabning xalq cholg‘u sozlari, folklor va “Shodiyona” doirachilar ansambllari sovrinli o‘rinlarni egalladi. Bunday yosh iste’dodlar safi ko‘pchilikni tashkil etadi.
Tadbir ishtirokchilari yangi binoda o‘quvchilar uchun yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishdi. Maktab o‘quvchilari tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA