Turkiyalik jurnalistlar Buxoroda

Mamlakatimizga kelgan bir guruh turkiyalik jurnalistlar 29-noyabr kuni Buxoroda bo‘ldi.

“Afrosiyob” tezyurar poyezdida Samarqanddan kelgan mehmonlarni “Buxoro” temir yo‘l vokzalida Buxoro viloyati hokimining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.Shahriyorov va boshqalar kutib oldi.

3.jpg

Turkiyalik jurnalistlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 25-26-oktabr kunlari Turkiya Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan o‘zaro kelishuvga asosan yurtimizga keldi.

Turkiya ommaviy axborot vositalari xodimlari Sharq gavhari bo‘lgan qadimiy Buxoroning dunyoga mashhur tarixiy-me’moriy yodgorliklari sirasiga kiruvchi Minorai Kalon, Masjidi Kalon, Poyi Kalon hamda Labi hovuz majmualari, Ismoil Somoniy va boshqa diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi.

11 (1).jpg

– O‘zbekistonning qadimiy shaharlari, ayniqsa, Buxoro haqida ko‘p o‘qiganmiz, eshitganmiz, – deydi “Yangi Birlik” gazetasi muxbiri Musa Ali o‘g‘li. – Bu yerga kelish ko‘pchiligimizning orzuimiz edi. Mana, qadim shahardamiz. Yodgorliklari, mehmondo‘st odamlari, umuman, barchasi hayratlanarli. Men va hamkasblarim Buxoroga safar taassurotlarimizni matbuotimiz sahifalari va teleko‘rsatuvlarda hikoya qilamiz. Bu Turkiyada O‘zbekistonga qiziqishni yanada oshiradi. Demak, sayyohlar soni ko‘payadi.

Mehmonlar Bahouddin Naqshband yodgorlik majumasida ham bo‘lib, buyuk ajdodimiz qabrini ziyorat qildi. Ushbu maskanni obod etish va uni tabarruk ziyoratgohga aylantirish borasida amalga oshirilgan ishlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

14 (1).jpg

– Turkiyada Naqshbandiya tariqati, uning ezgu g‘oyasini yaxshi bilishadi, – deydi «INA» axborot agentligi muxbiri Mexmet Umer Qilich. – Biz Bahouddin Naqshband hazaratlari qabrini ziyorat qildik. Bunday muqaddas qadamjolar kishi ruhini yengil qiladi, insonni ezgu ishlarga undaydi. Men Buxoroga yana kelish, bu qutlug‘ zaminda yashab o‘tgan Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Xo‘ja Orif Mohitobon, Muhammad Boboi Samosiy, Said Amir Kulol kabi Naqshband bobomizning ustozlari qabrlarini ziyorat qilishni ko‘nglimga tugdim.

 

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat), O‘zA