Hali bola davrimda bo‘lgan voqea hech yodimdan chiqmaydi. Qishning sovuq bir tuni. Tashqarida bo‘ron aralash qor yog‘ardi. Ukalarim bilan issiq o‘rinda kitob o‘qirdik. Onam dam-badam pechkaga o‘tin qalardi. Otamning peshinda chiqib ketganicha hamon kelmayotganidan xavotiri sezilib turibdi. Ko‘zim ilingan ekan, dahlizdan otamning yo‘talgani eshitildi. Ko‘rpa ostidan allaqanday hadik aralash mo‘raladim…

– Samadboy xotinini o‘lasi kaltaklabdi. Kelin shu sovuqda onasinikiga ketib qolibdi. Ikki norasida bolasining ko‘zlari mung‘ayib turganini ko‘rib yuragim ezilib ketdi, – dedi otam to‘nini yechar ekan.

– Voy sho‘rim. Ha, uning bunday odati yo‘q edi-ku.

– Kelinning ho‘, anov, darbadar ukasi bor-ku, uch-to‘rt yildan buyon bedarak. Shu kelgan ekan. Samadboyning yiqqan-terganini o‘marib ketibdi, yaramas. Kaltak bechora kelinning boshida sinibdi.

Uxlashim qiyin bo‘ldi. Samad akaning ukalarim tengi ikki farzandi ko‘z oldimdan ketmadi. Mastura yanganing o‘zim tanimagan ukasiga nafratim cheksiz edi. Bizning qishloqdan ham o‘g‘ri chiqibdi-da, degan alamli xayol bilan uxlab qolibman…

Erta tong uyg‘onib, avtobusda ishga ketar ekanman, ikki mo‘ysafidning bir firibgar kirdikorlari haqidagi suhbatini eshitib, xayolimdan shu voqea o‘tdi. O‘yga tolasan, kishi: bu firibgarlar, jinoyatga qo‘l urayotganlar bizning tinch va osoyishta hayotimizga, ahil oilalarimizga qanchalar raxna solmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizda jinoyatchilikning oldini olish borasida jonkuyarlik bilan aytayotgan gaplari, amaliy chora-tadbirlar tub zamirida ham yurtimiz tinchligi, oilalar, qarindosh-urug‘lar ahilligi, millatlararo hamjihatlik an’anasi, bir so‘z bilan aytganda, xalqimizning hayotdan rozi bo‘lib yashashi yo‘lidagi ezgu sa’y-harakatlar mohiyati mujassam.

Aslida firibgarlik, tovlamachilik, yoxud har jinoyat ma’naviy qashshoqlik sabab sodir etiladi. Bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Men bir oilani bilaman. Uyida biron kitob, jurnal yoki gazeta bo‘lmagan. Hayotida maktab darsliklaridan boshqa kitob ko‘rmagan, mustaqil mutolaa qilmagan inson dunyoqarashi, mafkurasi qanchalik qashshoq bo‘lishini yaxshi bilamiz. Bu oilaning o‘g‘il farzandi bugun 20 yoshdan oshdi. Kollejni “dahlizda” tugatgan bu yigit bekorchilikdan jinoyatga qo‘l urdi. Qo‘shnisining sigirini o‘g‘irlab, tog‘ ortidagi tanishiga pullab yuboribdi. Pulni kayf-safoga sarflagan. Ko‘p o‘tmay jinoyat fosh etildi. Qishloqchilik, qo‘ni-qo‘shnichilik tufayli o‘g‘ri o‘g‘il kechirildi. Ammo “o‘g‘ri bola” degan isnodli nom oldi.

Kun kelib bu yigit uylanar, farzandli bo‘lar… Farzandlari otasi orttirgan isnodni ko‘tarib yashashi naqadar og‘ir.

Shu o‘rinda ma’naviy qashshoq odamning rahbarlik lavozimiga kelib qolishi haqidagi voqea va uning mudhish oqibatlari yodimga tushdi.

Komil aka uyiga piyoda ketayotgan ekan. Uni xomush ko‘rib, hol-ahvol so‘radim (ayrim istiholalar sabab akani boshqa ism bilan atadim).

– Uch oydan buyon oylik bermaydi, bu qurg‘ur boshliq. Uydan bo‘lka nonni tuxum bilan qovurib olib kelib, tushlik qilayapmiz. Piyoda kelib-ketamiz. Bu ham mayli. Cho‘ntakda puling bo‘lmasa, odamning uyga ham borgisi kelmay qolarkan. Bolalarimning yuziga qarashga vijdon qiynaladi, uka…

Aka aytgan “qurg‘ur rahbar”ni orqavarotdan taniyman. Mutaxassisligi boshqa bo‘lsa-da, xususiy jurnal ochgan. Shuning ortidan pul topishni maqsad qilgan. Hali undan, hali bundan katta miqdorda pul olib, yo‘q bo‘lib ketish odati bor. Hatto uning “mijozlari” bu haqda tegishli nazorat organlariga shikoyat qilgani qulog‘imga chalingan.

Ko‘p o‘tmay uning qidiruvda yurgani, topishsa sud qilinishi haqida xabarlar eshitdik… Hozir u “panjara” ortida qilmishiga yarasha jazosini olmoqda.

Axir o‘ylab ko‘raylik. U ma’naviy yuksak bo‘lganida shu jinoyatga qo‘l urarmidi? Birovning haqi buyurmasligini anglagan bo‘lardi. Afsus.

Surxondaryolik do‘stim hikoyasi: Jarqo‘rg‘onda tovlamachilar guruhi qo‘lga olindi. Ular 18 kishi bo‘lib, “mijozlarni” mahallasiga, oilasiga, ish joyiga sharmanda qilish, olingan tasvirlarni internetga chiqarib yuborish, profilaktika inspektoriga arz qilish bilan qo‘rqitib, pul undirishar ekan. Qanday qilib, deysizmi?

Guruh a’zolari o‘rtasida “mahalla raisi”, “posbon”, “tergovchi”, “tasvirchi”, “haydovchi” va boshqa vazifalar bo‘lib olingan. Har bir guruh a’zosi o‘z vazifasini puxtalik bilan ishonarli qilib bajargan. Ular begona erkak mijozlarni aldov bilan guruhga tegishli qizlar yordamida yashash xonadonlariga massaj, dam olish bahonalari bilan chaqirib, sharmanda qilishgan. Tasvirlarni oshkor qilmaslik sharti bilan ulardan katta miqdorda pul undirishgan. Eng dahshati, ular bu jirkanch ishga voyaga yetmagan o‘z farzandlarini ham jalb qilgan. Ertaga bu farzanddan nima kutish mumkin!?

Donishmand xalqimiz aytgan: yuzning qoraligi uyat emas, yuzi qoralik uyat. Xulosani o‘zimiz chiqarsak.

 

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA