Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Go‘zal Ismatova: Maqsadim – jahon va olimpiada chempioni bo‘lish

Go‘zal joriy yilning 2-8-noyabr kunlari Vyetnamning Xoshimin shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

Mamlakatimizda sportni yanada rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor samarasida zamonaviy sport majmualari, bolalar va o‘smirlar sport maktablari foydalanishga topshirilayotir, o‘g‘il-qizlarimiz sog‘lom va barkamol bo‘lib kamol topib, nufuzli musobaqalarda yuqori natijalarga erishmoqda.

Ana shunday sportchilardan biri – Go‘zal Ismatovadir. U 1996-yil Jizzax viloyati, Zomin tumanida tug‘ilgan. O‘n besh yoshidan tajribali murabbiy G‘ayrat Karimovdan boks sirlarini o‘rganib kelmoqda.

– Go‘zalni ilk marotaba ko‘rganimda Jizzax olimpiya zaxiralari kollejining ikkinchi kursida o‘qib, sportning basketbol turi bilan muntazam shug‘ullanar edi, – deydi murabbiy G‘.Karimov. – Uning bo‘y-basti, chaqqonligi va intilishini ko‘rib, undan yaxshi bokschi chiqishiga amin bo‘ldik. Shundan so‘ng uni mashg‘ulotlarga taklif qildik.

O‘ziga bo‘lgan ishonchning kuchliligi, aniq maqsad sari qat’iy intilishi tufayli Go‘zal qisqa muddatda viloyatning boks bo‘yicha mohir sportchilari qatoridan o‘rin oldi. U mashg‘ulotlarda toblandi. Ilk muvaffaqiyatiga 2013-yil Andijonda o‘tgan “Oltin vodiy” xalqaro turnirida erishdi. Finalga qadar barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, kumush medalni qo‘lga kiritdi va O‘zbekiston terma jamoasi a’zoligiga qabul qilindi. Bugunga qadar olti marta mamlakat chempionati va bir marta O‘zbekiston kubogi musobaqasida g‘alaba qozondi.

Iste’dodli bokschimiz 2015-yil Xitoyda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida shohsupaning ikkinchi pog‘onasidan joy egalladi.

– O‘shanda birinchi marotaba xalqaro musobaqada qatnashgandim, – deydi Go‘zal. – Osiyo chempionatining yarim final jangida qozog‘istonlik Lazzat Kungenbayevani texnik nokautga uchratdim. Afsuski, finalda xitoylik Vang Shijin bilan o‘tgan bahsda biroz tajribasizligim pand berdi. Men o‘z oldimga keyingi safar albatta oltin medalni qo‘lga kiritaman, deb maqsad qo‘ygandim.

Vyetnamda o‘tkazilgan bu yilgi qit’a chempionatida u o‘z maqsadiga erishdi. Lochin Qo‘chqorov boshchiligidagi terma jamoa safida nufuzli musobaqaning oltin medaliga sazovor bo‘ldi. 81 kilogrammdan og‘ir vazn toifasidagi charm qo‘lqop ustalari o‘rtasidagi bahslarda hindistonlik Sima Puniya va mezbon bokschi Ti Tran Ni ustidan g‘alaba qozonib, Osiyo chempioni bo‘ldi. G‘olib sportchimiz sharafiga Vatanimiz bayrog‘i ko‘tarilib, davlatimiz madhiyasi yangradi.

– Maqsadim – jahon va Olimpiada chempioni bo‘lish, – deydi Go‘zal. – Buning uchun mamlakatimizda biz, sportchilarga barcha sharoit yaratilgan. Bor kuch-g‘ayratimni ana shu maqsad sari yo‘naltirishga harakat qilaman.

Go‘zal hozirda Jizzax davlat pedagogika instituti jismoniy tarbiya va jismoniy madaniyat fakultetining 4-kurs talabasi. Uning yutuqlari bilan bugun millionlab sport muxlislari g‘ururlanmoqda.

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA