"Jar" sport-sog‘lomlashtirish majmuasida penchak silat bo‘yicha O‘zbekiston kubogi o‘tkazildi

O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Sharq yakkakurashlari va jang san’atlarini rivojlantirish markazi hamda mamlakatimiz penchak silat federatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan musobaqada yuzdan ortiq sportchi g‘oliblik uchun kuch sinashdi.

Mamlakatimizda sportni rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama barkamol insonlar qilib voyaga yetkazish, ularning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi, o‘z iqtidor va salohiyatini namoyon etishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasida sportning yakkakurash turlari ham yoshlarimiz orasida jadal ommalashmoqda.

2018-yil 18-avgust – 2-sentabr kunlari Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarining penchak silat bo‘yicha bahslariga sportchilarimizni puxta tayyorlash, mazkur sport turini ommalashtirish va terma jamoaga munosib sportchilarni saralash maqsadida tashkil etilgan musobaqada Elyorbek Aliyev, Farrux Yusupov, Abduazim Qobulbekov, Arsen Qoratoshev, Igor Ribakov, Yelizaveta Qodirova, Nigora Qurbonboyeva, Noila Haydarova, Karina Fattillayeva shohsupaga ko‘tarildi.

Musobaqa yakunida barcha g‘olib va sovrindorlarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

 

Javohir Toshxo‘jayev, Muhammad Amin (surat), O‘zA