“Euronews” – Yevropaning kunlik 24 soatlik yangiliklar kanali bo‘lib, o‘zida jahon voqealari videoxronikasi va 30 tildagi audio sharhni birlashtirgan.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov “Euronews” telekanali direktorlar kengashi raisi Pedro Vargas Devid bilan uchrashdi. Muzokaralarda Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev ham ishtirok etdi.
Muloqot chog‘ida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ekologik islohotlar, jumladan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Orol dengizi tubida 2 million gektar maydonda o‘rmon barpo etilishi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Iqlim kengashining tashkil etilishi, mamlakatimiz turizm industriyasidagi loyihalar va boshqa tashabbuslar haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuvda yurtimizda ikkita universitet – Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti (“Green University”) va “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining ochilishi alohida ta’kidlandi.
Muzokaralar davomida telekanallarda mamlakat haqidagi xolis ma’lumotlarni yoritish, uning boy sayyohlik salohiyati va madaniy merosini xalqaro maydonda targ‘ib qilish orqali O‘zbekiston imijini ommalashtirish bo‘yicha samarali hamkorlik muhokama qilindi. Qo‘shma loyihalar, jumladan, hisobotlar, dasturlar, reklama va O‘zbekistondagi yirik tadbirlarni yoritish minglab yangi sayyohlarni jalb qilishi ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, joriy yilda “Euronews” telekanali O‘zbekiston haqida keng ko‘lamli axborot kampaniyasini boshlab yubordi. Jumladan, 280 martalik translyatsiyadan iborat 5 ta ko‘rsatuv, 630 martalik translyatsiyadan iborat reklama roliklari namoyishi bo‘lib o‘tdi. “Euronews” sayti va ijtimoiy tarmoqlarda maqolalar chop etildi.
Bundan tashqari, hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi. O‘zbekistonda ekoturizm va ekologik tashabbuslar bo‘yicha maxsus dasturlar turkumini yaratish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston tomoni, shuningdek, yosh va faol auditoriyani jalb qilishga yordam beradigan ijtimoiy tarmoqlar va mobil ilovalar uchun kontent ishlab chiqishni taklif qildi.
Pedro Vargas Devid O‘zbekiston sarmoya uchun ajoyib mamlakat ekanini, “Euronews” esa mamlakatning ijobiy imijini ilgari surish, shuningdek, ekologiya va turizm sohalaridagi o‘zgarishlar va innovatsiyalar bilan o‘rtoqlashishda davom etishini ta’kidladi.
Tomonlar “Euronews” platformasi orqali yangi loyihalarni amalga oshirish va O‘zbekistonni jahon miqyosida samarali targ‘ib qilish mexanizmlarini aniqlash bo‘yicha aniq qadamlarni muhokama qilishni davom ettirishga kelishdi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA