Energetika vazirligida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining Energetika vazirligiga biriktirilgan a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Vazirlik mas’ullari va Yoshlar parlamenti a’zolari ishtirok etgan ushbu tadbirda mamlakatimizda yosh avlod vakillariga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z bordi.
Ta’kidlanganidek, bu ishlarda Yoshlar parlamenti faoliyati muhim hisoblanib, uning asosiy maqsadi yoshlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning huquqiy ongi va savodxonligini oshirish, qonunchilik va qonun ijodkorligi jarayonlariga yoshlarni faol jalb qilish hamda qabul qilinayotgan qonunlarni yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish orqali ularning parlament hayotiga daxldorligini ta’minlashdan iborat.
Shuningdek, tadbir davomida vazirlik tomonidan yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha yangiliklar, “og‘ir” toifadagi yoshlar bilan olib borilayotgan ishlar, vazirlikka biriktirilgan Yoshlar parlamenti a’zolarining asosiy ustuvor vazifalari, ular bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va hisobot almashish jarayonlari, shuningdek, kelgusidagi asosiy rejalar yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda vazirlik tizimida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Jumladan, bugungi kunda yoqilg‘i-energetika kompleksi tizimida 100 ming nafardan ziyod ishchi-xodim faoliyat yuritmoqda. Ular orasida 14 ming 315 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan xodimlar bo‘lsa, 30 yoshgacha bo‘lgan ayollar soni 1 ming 210 nafarni tashkil etadi. Bugungi kunda 281 nafar yosh rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda, ularning 15 nafari xotin-qizlardir.
Shuningdek, yosh mutaxassislarning rivojlangan davlatlarda tajriba orttirishi uchun xorijiy mamlakatlarga xizmat safarlarini tashkil etish va ularni nufuzli oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga yuborish ishlari davom ettirilmoqda.
Tadbir yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mas’ullar tomonidan javob qaytarildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA