O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 27-noyabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi sobiq rahbari Almazbek Atamboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.
O‘zbekiston Prezidenti o‘zining Qirg‘iziston Respublikasining yuksak davlat mukofoti – “Danaker” ordeni bilan taqdirlangani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Bu mamlakatlarimiz va qardosh xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari, samarali hamkorlikni rivojlantirishda erishilgan ulkan muvaffaqiyatlar e’tirofi ekani ta’kidlandi.
Suhbatda yakuniga yetayotgan yil ikki tomonlama munosabatlarda to‘planib qolgan ko‘plab, jumladan, ancha murakkab masalalarni hal qilishda katta natijalarga erishish imkonini bergan hamkorlikni yangi darajaga olib chiqishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgani ta’kidlandi.
Qirg‘iziston va O‘zbekistonga yaqinda amalga oshirilgan o‘zaro davlat tashriflari ikki tomonlama munosabatlar rivojiga yangi sur’at baxsh etgani, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmining sezilarli o‘sishiga, turli darajadagi tashriflar almashinuvini faollashtirishga xizmat qilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zbekiston – Qirg‘iziston davlat chegaralari to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganining tarixiy ahamiyati alohida qayd etildi.
Suhbat yakunida ikki mamlakat tashqi siyosatida izchillikni saqlash muhimligi alohida ta’kidlandi.